| Gipervitaminoz | |
|---|---|
| XKT-11 | 5B90 |
| XKT-10 | E67.0-E67.3 |
| XKT-9 | 278.2, 278.4 |
Gipervitaminoz — o‘ta yuqori doza tufayli yuzaga keladigan o‘tkir buzilish bo‘lib, uning sababi intoksikatsiya (zaharlanish), ya’ni bir yoki bir nechta vitaminni (oziq-ovqat yoki vitaminli preparatlar tarkibidagi) haddan tashqari ko‘p qabul qilishdir.
Gipervitaminoz ko‘pincha dozasi tez oshirilgan vitaminlarni qabul qilishdan kelib chiqadi, xususan, A va D.
Davolash vitaminlarni qabul qilishni to‘xtatish, ko‘p suyuqlik ichish (jadallashtirilgan diurez), antidotlar yordamida amalga oshiriladi.
Turlari
Gipervitaminozning 2 turi farqlanadi:
- O‘tkir gipervitaminoz — muayyan guruhga yoki bir nechta guruhga mansub vitaminlarni bir martada ko‘p miqdorda qabul qilish natijasida yuzaga keladi. Belgilari o‘tkir zaharlanish belgilariga o‘xshaydi.
- Surunkali gipervitaminoz — muayyan vitaminni me’yordan ortiq dozada muntazam iste’mol qilish natijasida rivojlanadi. Bu turdagi gipervitaminozning belgilari nisbatan yengilroq kechadi.
Gipervitaminozning asosiy sababi tarkibida tegishli vitamin mavjud bo‘lgan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarning (BFQ) tavsiya etilgan dozasini oshirib yuborishdir. Ushbu vitaminga boy mahsulotlarni iste’mol qilish bilan birga qo‘shimcha vitaminlar qabul qilish ham gipervitaminozga olib kelishi mumkin.
Belgilari
Gipervitaminozning belgilari uni keltirib chiqargan vitamin turiga qarab farqlanadi.
A vitamini gipervitaminozi
Organizmda ushbu vitaminning ortiqcha miqdori ancha kuchli reaksiyani keltirib chiqarishi mumkin. Gipervitaminozning bu turida quyidagi belgilar kuzatiladi:
- terida toshmalar, terining po‘st tashlashi
- qichishish
- qo‘zg‘aluvchanlikning ortishi
- soch to‘kilishi
- bosh og‘rig‘i
- ko‘ngil aynishi va qusish
- bo‘g‘imlardagi og‘riq
- isitma
A vitaminining ortiqcha miqdori qonda xolesterin miqdorining keskin ortishiga olib keladi, shuningdek, buyraklar va siydik chiqarish tizimi faoliyatini buzadi.
Ushbu vitaminning ortiqcha miqdori vitaminli preparatlarni qabul qilish natijasida ham, uzoq vaqt davomida jigar (hayvonlardan olingan), dengiz jonzotlarining ichki a’zolarini ko‘p miqdorda va dengiz baliqlarini iste’mol qilish natijasida ham yuzaga kelishi mumkin.
B guruhi vitaminlari gipervitaminozi
Quyidagi vitaminlarni qabul qilishda zaharlanish holatlari aniqlangan: B6, B5, B9, B12. Dozani oshirib yuborish belgilari:
- bosh og‘rig‘i
- qo‘zg‘alish va uyqusizlik
- ko‘ngil aynishi
- yurak urishining tezlashishi
Shuningdek, B6 vitaminining katta dozasi harakatlar muvofiqlashuvining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin, B5 vitaminining ortiqcha miqdori esa organizmning suvsizlanishiga olib kelishi mumkin.
C vitamini gipervitaminozi
Odatda ortiqcha miqdordagi ushbu vitamin organizmdan siydik orqali chiqariladi, ammo vitamin miqdori uzoq vaqt me’yordan ortiq bo‘lsa, quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:
- terining qizarishi
- terining qichishishi
- siydik yo‘llarining ta’sirlanishi
- bosh og‘rig‘i
- bosh aylanishi
- kuchaygan biosintez (kortikosteroid gormonlarining)
Ushbu vitaminning ortiqcha miqdori qon ivish qobiliyatining pasayishiga, qon bosimining ko‘tarilishiga hamda moddalar almashinuvining buzilishiga olib keladi.
D vitamini gipervitaminozi
D vitamini ko‘p miqdorda zaharli hisoblanadi. Ushbu modda bilan zaharlanish belgilari quyidagilardan iborat:
- bosh og‘rig‘i
- holsizlik
- ishtahaning yo‘qolishi
- bo‘g‘imlardagi og‘riqlar
- ko‘ngil aynishi va qusish
- qorin sohasidagi spazmlar, ovqat hazm qilishning buzilishi, qabziyat
Ushbu vitamin sababli yuzaga keladigan surunkali gipervitaminoz osteoporoz rivojlanishiga, shuningdek, buyraklar, yurak, o‘pka va qon tomirlari devorlarida kalsiy to‘planishiga olib keladi.
E vitamini gipervitaminozi
Ortiqcha miqdordagi E vitamini quyidagi belgilarni keltirib chiqaradi:
- bosh og‘rig‘i
- tez charchash
- me’da-ichak yo‘li faoliyatining buzilishi
Vitaminning ortiqcha miqdori suyaklarning mo‘rtlashishiga olib keladi, shuningdek, boshqa vitaminlarning o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi.
Ushbu vitaminning ortiqchaligi, asosan, dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalarni me’yoriga rioya qilmasdan qabul qilish oqibatida yuzaga keladi.
Davolash
Oldini olish
- Iste’mol qilinadigan vitaminlar miqdorini kamaytirish zaharlanish xavfini pasaytiradi.
- Vitamin komplekslarini qo‘shimcha ravishda qabul qilishda shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.
- D vitamini mavjud qo‘shimchalarni shifokor ko‘rsatmasiga binoan, qon plazmasidagi kalsiy miqdorini nazorat qilgan holda qabul qilish kerak.
- Vitamin komplekslarini faqat malakali diyetolog belgilagan doza va qabul qilish tartibiga muvofiq iste’mol qilish kerak.