| Rux yetishmovchiligi | |
|---|---|
| | |
| Tibbiyot sohasi | endokrinologiya |
| Alomatlari | Ich ketishi (diareya), soch to‘kilishi, jinsiy disfunksiya, shabko‘rlik, terida toshmalar, infeksiyalar xavfining ortishi, vazn yo‘qotish, tiklanishning sekinlashishi, ta’m bilishning buzilishi, aqliy rivojlanishning sekinlashishi |
| Asorati | O‘sishning sekinlashishi |
| Sabablari | Oziq-ovqat iste’molining kamayishi, oziq moddalarning yomon o‘zlashtirilishi, ruxning keskin yo‘qotilishi, ruxga ehtiyojning ortishi |
| Xavf omillari | Ichakning yallig‘lanish kasalligi, kalta ichak sindromi, jigar yoki buyrak bilan bog‘liq muammolar, vegetarianlik, alkogolizm, boshqa surunkali kasalliklar |
| Tashxislash usuli | Alomatlar va xavf omillari asosida |
| Davolash | Rux qo‘shimchalarini qabul qilish |
| Tarqalishi | 2 milliard kishi |
Rux yetishmovchiligi — immunitet tanqisligi, ya’ni organizm ehtiyojlarini qondirish uchun oziq-ovqat tarkibida yetarli miqdorda rux birikmalari bo‘lmasligi natijasida yuzaga keladigan mineral yetishmovchiligidir.
Rux yetishmovchiligining alomatlari ich ketishi (diareya), soch to‘kilishi, jinsiy disfunksiya, shabko‘rlik, terida toshmalar, yuqumli kasalliklar xavfining ortishi, tana vaznining kamayishi, ta’m bilishning buzilishi va aqliy rivojlanishning sekinlashishidan iborat bo‘lishi mumkin. Bolalik davrida rux yetishmovchiligi o‘sishning sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Homiladorlik davrida rux yetishmovchiligi chaqaloqda tug‘ma nuqsonlar paydo bo‘lishiga yoki uning tana vazni past bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Rux yetishmovchiligining eng keng tarqalgan sababi yetarlicha ovqatlanmaslikdir. Rux yetishmovchiligining boshqa sabablari — tarkibida rux bo‘lgan oziq moddalarning yomon o‘zlashtirilishi, organizmning ruxni keskin yo‘qotishi yoki unga bo‘lgan ehtiyojning ortishidir.
Xavf omillari qatoriga ichakning yallig‘lanish kasalligi, kalta ichak sindromi, jigar yoki buyrak faoliyati bilan bog‘liq muammolar, vegetarianlik, alkogolizm, boshqa surunkali kasalliklar kirishi mumkin. Shuningdek, xavf omillaridan biri genetik kasallik, ya’ni enteropatik akrodermatit bo‘lishi mumkin. Tashxis rux yetishmovchiligi holatida ko‘pincha alomatlar va xavf omillarini tahlil qilish asosida qo‘yiladi, chunki qondagi rux konsentratsiyasi ishonchli diagnostik belgi emas.
To‘g‘ri ovqatlanish ratsioniga go‘sht, dukkakli mahsulotlar va yong‘oqlar kirishi kerak. Tavsiya etilgan sutkalik iste’mol me’yori (TSIM) AQShda 8 mg/sutka (ayollar uchun) va 11 mg/sutka (erkaklar uchun) ni tashkil etadi.
Davolash tana vaznining har bir kilogrammiga sutkasiga 1 dan 3 milligrammgacha rux hisobida rux preparatlarini qo‘shimcha qabul qilishdan iborat. Bunday davolash odatda bir necha kun yoki hafta ichida sog‘ayishga olib keladi.
Rux yetishmovchiligi butun dunyoda taxminan 2 milliard kishida uchraydi. U ko‘pincha rivojlanayotgan mamlakatlardagi bolalarda va rivojlangan mamlakatlardagi keksa odamlarda uchraydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu kasallik dunyoda har yili 5 yoshgacha bo‘lgan qariyb yarim million bolaning o‘limiga sabab bo‘ladi.
Shimoliy Amerikada rux yetishmovchiligi kam uchraydi.