

Ferma prinsipi (Fermaning eng kam vaqt prinsipi) — geometrik optikada yorug‘lik ikki nuqta orasidagi ko‘plab yo‘llardan o‘tish uchun eng kam vaqt talab etadigan yo‘lni tanlashini ifodalovchi postulat. Ya’ni yorug‘lik nuri boshlang‘ich nuqtadan oxirgi nuqtaga harakatlanish vaqtini eng kam qiladigan (yoki, boshqacha aytganda, optik yo‘l uzunligini) eng kichik qiladigan yo‘l bo‘ylab tarqaladi. Aniqroq ta’rifga ko‘ra, yorug‘lik o‘tish vaqti deyarli bir xil bo‘lgan bir-biriga yaqin yo‘llardan birini tanlaydi; boshqacha aytganda, bu yo‘lning har qanday kichik o‘zgarishi o‘tish vaqtini birinchi tartibda o‘zgartirmaydi.
Bu prinsip milodiy I asrda Iskandariyalik Geron tomonidan yorug‘likning qaytishi uchun ifodalangan. Uning umumiy shakli esa Pyer Ferma tomonidan 1662-yilda geometrik optikaning eng umumiy qonuni sifatida ta’riflangan. Turli xususiy hollarda undan avvaldan ma’lum bo‘lgan qonunlar: yorug‘lik nurining bir jinsli muhitda to‘g‘ri chiziq bo‘ylab tarqalishi hamda ikki shaffof muhit chegarasida yorug‘likning qaytishi va sinishi qonunlari kelib chiqadi.
Ferma prinsipi Gyuygens — Frenel prinsipining to‘lqin optikasida yorug‘likning to‘lqin uzunligi yo‘q darajada kichik bo‘ladigan holatdagi chegaraviy ko‘rinishidir.
Ferma prinsipi ekstremum prinsiplaridan biri bo‘lib, fizikada qo‘llanadi.
Adabiyotlar
- Fizika atamalarining qisqacha lug‘ati / Tuzuvchi A. I. Bolsun, taqrizchi M. A. Yelyashevich. — Minsk: Visheyshaya shkola, 1979. — B. 364—365. — 416 b. — 30 000 nusxa.
Havolalar
- Ferma prinsipi — quyidagi ensiklopediyadan olingan maqola: Katta sovet ensiklopediyasi. A. P. Gagarin.