Pyezo-kvars nima

Pyezokvars
Пьезо-электричество
Pyezoelektrik hodisa
Formula SiO2
Quyidagi tasnif bo‘yicha IMA (Mills va boshqalar, 2009)
Guruh Kvars
Fizik xossalari
Rangi Rangsiz
Qattiqligi 7

Pyezokvars — rangsiz yoki rangli monokristallardan iborat kvars yoki uning ayrim qismlari (ba’zan yirik shag‘al toshlari ham). Ularning hech bo‘lmaganda bir qismida begona minerallar, gaz, suyuqliklar, yoriqlar, o‘sish nuqsonlari va qo‘shaloqlanish choklari uchramaydigan nuqsonsiz sohalar mavjud.

Qo‘llanilishi

Pyezokvarsning qo‘llanilishi uning pyezoelektrik xossalariga (to‘g‘ri va teskari pyezoelektrik effekt) asoslanadi. Kvarsning pyezoelektrik xossalarini Jak Kyuri va Pyer Kyuri 1880-yilda kashf etgan.

U radiotexnikada, ultratovushli gidroakustikada va defektoskopiyada, gazlar, suyuqliklar va qattiq jismlarning xossalarini o‘rganishda, shuningdek, pyezometriyada bosim, tezlanish, kuch, tebranish va shu kabi kattaliklarni o‘lchashda keng qo‘llaniladi.

Pyezokvars plastinkalari pyezoelektrik rezonatorlar — radiochastotalarni barqarorlashtiruvchi qurilmalar va filtrlar, telefon va telegraf aloqasi uchun filtrlar, shuningdek, pyezoelektrik tovush olgichlar, pyezoelektrik mikrofonlar, karnaylar, manometrlar, akselerograflar va boshqa qurilmalarni ishlab chiqarishda ishlatiladi. Sof, nuqsonsiz kristallardan iborat kvars (tog‘ billuri) ultrabinafsha nurlarga nisbatan yuqori shaffoflikka ega bo‘lgani sababli optikada qo‘llaniladi (qarang: Optik kvars). Kristallar hamda aralashma va nuqsonlari kam bo‘lgan shaffof kvars siniqlari xomashyo bo‘lib, ulardan maxsus kvars shishasi ishlab chiqariladi.

Geologiyasi va genezisi (kelib chiqishi)

Kvars kristalli

Pyezokvarsning eng yirik to‘planmalari gidrotermal bo‘shliqlarda (kristall saqlovchi kavaklarda) uchraydi. Bu bo‘shliqlar kvars, kvars-dala shpati va kvars-karbonat tomirlari, shuningdek, kvars ajralmalari bo‘lgan granit pegmatitlarining kamerali turiga xos. Pyezokvarsning yirik sochma konlari ham ma’lum. Kristallarning hosil bo‘lishi, asosan, gidrotermal va gidrotermal-metasomatik jarayonlar bilan bog‘liq. Pyezokvars ko‘p miqdorda sun’iy yo‘l bilan ham olinadi: avtoklavlarda belgilangan xossalarga ega yirik (bir necha kilogrammgacha) monokristallar o‘stiriladi.[manba 314 kundan beri ko‘rsatilmagan]

Texnik talablar

Pyezokvars kristallarida istalgan kesish yo‘nalishi bo‘yicha o‘lchamlari kamida 12 × 12 × 1,5 mm bo‘lgan monokvars plastinkasini tayyorlashga yaroqli nuqsonsiz monokristall soha (monosoha) bo‘lishi shart. Monosohaning foiz hisobidagi ulushi pyezokvarsning navini belgilaydi.

Adabiyotlar

  • Geologiya lug‘ati, 1-jild. — M.: Nedra, 1978. — B. 159.

Havolalar