

Desublimatsiya (Depozitsiya) — fizik o‘tish jarayoni bo‘lib, bunda modda gazsimon holatdan qattiq holatga, suyuq holatga o‘tmasdan, bevosita aylanadi. Desublimatsiya vaqtida energiya ajralib chiqadi. Desublimatsiya ekzotermik fazaviy o‘tish hisoblanadi. Uning teskari jarayoni — qattiq moddaning gazga aylanishi (sublimatsiya). Desublimatsiya qattiq sirtlar ustida yuz beradi yoki gaz fazasining butun hajmida kechib, qattiq modda aerozol zarrachalari ko‘rinishida ajralib chiqadi.
Desublimatsiya vaqtida (o‘z-o‘zini tashkil etish jarayonida) moddaning alohida molekulalari o‘rtasida Van-der-Vaals bog‘lanishlari hosil bo‘ladi va energiya ajralib chiqadi. Bu energiya desublimatning sovitiladigan qattiq sirt bilan bevosita tegishuvi, qo‘shimcha kiritilgan sovituvchi agent bilan o‘zaro ta’sirlashuvi, gaz aralashmasiga qo‘shilgan suyuqlikning bug‘lanishi yoki gaz aralashmasining kengayishi orqali desublimatdan olib chiqiladi.
Desublimatsiyaga qishda deraza oynalarida muz naqshlarining paydo bo‘lishi hamda quyidagi atmosfera hodisalari misol bo‘ladi: qirov va muz qirovi.
Qo‘llanilishi
Desublimatsiya jarayonlari kimyo, oziq-ovqat, metallurgiya, elektronika hamda sanoatning boshqa tarmoqlaridagi texnologik jarayonlarda qo‘llanadi. Bu jarayonlar bug‘-gaz aralashmalaridan moddalarni sovitiladigan sirtlarda va gaz hajmida ajratib olish, dastlabki gazsimon reagentlar o‘rtasidagi kimyoviy reaksiya natijasida yangi qattiq mahsulotlar hosil qilish, moddalarni tozalash, qattiq qoplamalar hosil qilish va haroratga sezgir materiallarni sublimatsion quritish uchun ishlatiladi.
Adabiyotlar
- Gorelik A. G., Amitin A. V. Kimyo sanoatida desublimatsiya — M. : Ximiya, 1986. — 271 b.
- Rakov E. G. Sublimatsiya va desublimatsiya // Katta Rossiya ensiklopediyasi. 31-jild. Moskva, 2016. — 361-b.