Davr (kimyo) nima

Davr — kimyoviy elementlar davriy sistemasidagi qator. Unda atomlar yadro zaryadining ortishi va elektronlarning tashqi elektron qobig‘ini to‘ldirishiga qarab ketma-ket joylashadi. Har bir davrga elektron qobiqlari soni bir xil bo‘lgan elementlar kiradi.

Davriy sistemada yetti davr mavjud. 2 ta elementdan iborat birinchi davr, shuningdek, 8 tadan elementga ega ikkinchi va uchinchi davrlar kichik davrlar deb ataladi. 18 ta va undan ortiq elementga ega qolgan davrlar esa katta davrlar deyiladi. Kimyoviy element mansub bo‘lgan davr raqamini belgilovchi kattalik — uning elektron qobiqlari soni (energetik sathlari soni).

Har bir davr (birinchi davrdan tashqari) odatiy metall (Li, Nа, К, Rb, Cs, Fr) bilan boshlanib, nodir gaz (Ne, Ar, Kr, Хе, Rn, Og) bilan yakunlanadi. Undan oldin odatda metallmas joylashadi.

Birinchi davrda geliydan tashqari, faqat bitta element — vodorod mavjud. Vodorod metallarga ham, ko‘proq darajada esa metallmaslarga xos xususiyatlarni namoyon qiladi. Bu elementlarda elektronlar 1s-ostqobiqchaga joylashadi.

Ikkinchi va uchinchi davr elementlarida s- va р-ostqobiqchalar ketma-ket to‘ladi. Kichik davr elementlarida yadro zaryadi ortishi bilan elektrmanfiylik nisbatan tez ortadi, metallik xususiyatlar susayib, metallmaslik xususiyatlari kuchayadi.

To‘rtinchi va beshinchi davrlarda o‘ntadan o‘tish d-elementi (skandiydan ruxgacha va ittriydan kadmiygacha) mavjud. Ularda tashqi s-ostqobiqcha elektronlar bilan to‘lgach, Klechkovskiy qoidasiga ko‘ra, d-ostqobiqcha oldingi energetik sathda elektronlar bilan to‘ladi.

1s 
2s          2p  
3s          3p  
4s       3d 4p  
5s       4d 5p
6s    4f 5d 6p  
7s    5f 6d 7p  
      6f 7d    7f

...  

Oltinchi va yettinchi davrlarda 4f- va 5f-ostqobiqchalar elektronlar bilan to‘ladi. Shu sababli ularga 14 tadan qo‘shimcha element kiradi; bu davrlar 4- va 5-davrlarga nisbatan uzunroq bo‘ladi (lantanoidlar oltinchi davrda, aktinoidlar esa yettinchi davrda).

Davrlar uzunligi va boshqa belgilari bilan farqlangani sababli ularni davriy sistemada joylashtirishning turli usullari mavjud. Qisqa davrli ko‘rinishda kichik davrlarning har biri bitta qatordan, katta davrlar esa ikkita qatordan iborat. Uzun davrli ko‘rinishda barcha davrlar bitta qatorni tashkil etadi. Lantanoidlar va aktinoidlar qatorlari odatda jadvalning pastki qismida alohida ko‘rsatiladi.

Kichik davrlar Katta davrlar
Elementlar soni 2 yoki 8 18 va undan ortiq
Elektronlarning taqsimlanishi faqat s- va р-ostqobiqchalar to‘ladi tashqi qobiqdan oldingi d-ostqobiqchalar hamda undan ikki qobiq ichkaridagi f-ostqobiqchalar ham to‘ladi
Elementlar xossalarining o‘zgarishi metallik xossalar tez susayadi metallik xossalardan metallmaslik xossalarga asta-sekin o‘tiladi

Bir davrdagi elementlarning atom massalari bir-biriga yaqin, ammo ayni bir guruh elementlaridan farqli ravishda, ularning fizik va kimyoviy xossalari turlichadir. Davr bo‘ylab yadro zaryadi ortishi bilan atom radiusi kichrayadi, valent elektronlar soni ko‘payadi. Natijada elementlarning metallik xossalari susayib, metallmaslik xossalari kuchayadi. Bu elementlar hosil qiladigan moddalarda qaytaruvchilik xossalari susayib, oksidlovchilik xossalari kuchayadi. Bu o‘zgarishlar aynan hosil bo‘lgan moddalarga xosdir.

Adabiyotlar

  • Kimyo ensiklopediyasi / Tahrir hay’ati: I. L. Knunyants va boshqalar. — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1992. — J. 3 (Med-Pol). — 639 bet. — ISBN 5-82270-039-8.