Chennay haqida

Shahar
Chennay
tamilcha சென்னை
inglizcha Chennai
13°05′24″ sh. k. 80°16′12″ sh. u.HGЯO
Mamlakat  Hindiston
Shtat Tamilnad
Okrug Chennay
Ichki bo‘linishi 5 ta tuman
Mer M. Subramaniam
Tarixi va geografiyasi
Asos solingan 1639-yil
Avvalgi nomlari gacha 1996 — Madras
Maydoni 181,06 km²
Dengiz sathidan balandligi 6 m
Vaqt mintaqasi UTC+5:30
Aholisi
Aholisi 9,1 mln kishi (2019)
Zichligi 24 418 kishi/km²
Aglomeratsiya aholisi 11,1 mln
Rasmiy til tamil tili
Raqamli identifikatorlar
Telefon kodi +91 44
Pochta indeksi 600 xxx
Avtomobil kodi TN-01, TN-02, TN-04, TN-05,
TN-07, TN-09, TN-10

chennai.tn.nic.in
Ченнаи на карте
Ченнаи
Chennay
Ченнаи на карте
Ченнаи
Chennay
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar
Логотип Викигида Vikisayohatdagi yo‘lko‘rsatkich

Chennay, shuningdek, Chennay (1996-yilgacha — Madras; tamilcha சென்னை, inglizcha Chennai) — shahar bo‘lib, Hindistonning janubida joylashgan; u Tamilnad shtatining poytaxti va eng yirik shahri. Hindistonda yirikligi bo‘yicha oltinchi shahar bo‘lib, dunyodagi 41-o‘rindagi shahar aglomeratsiyasini tashkil qiladi. Shaharga 1639-yilda Koromandel sohilida asos solingan (Hindistonning janubi-sharqidagi, Bengaliya qo‘ltig‘i suvlari yuvib turadigan sohil).

Nomining kelib chiqishi

Shahar manzarasi

Shaharning eski nomi Madraspatnam deb atalgan joy nomidan kelib chiqqan (tamilcha மதராசப்பட்டினம). Bu joyni Britaniya Ost-Indiya kompaniyasi o‘zining savdo koloniyasiga asos solish uchun tanlagan. Chennapatnam nomli boshqa aholi punkti biroz janubroqda joylashgan edi; keyinchalik bu manzilgohlar qo‘shilib ketgach, britaniyaliklar Madras (tamilcha மதறாச) deb atashni afzal ko‘rishgan. 1996-yilda shahar Chennay deb qayta nomlandi.

«Chennay» nomi mahalliy hukmdor — Chennappa ismli nayaka hukmdorning (feodal , ya’ni o‘rta asrlarda Hindistonda hukmronlik qilgan mahalliy zodagonning) shaxsiy ismidan kelib chiqqan.

Tarix

Milodiy I asrdan boshlab Chennay atrofi tamil qirolliklari — Pallava, Chola, Pandya, Vijayanagar tarkibiga kirgan. Katta Chennay tarkibidagi Milapur shahri bir paytlar eng yirik port sifatida Pallava qirolligiga xizmat qilgan.

Taxmin qilinishicha, avliyo Foma milodiy 52—70-yillarda ushbu hududda diniy targ‘ibot olib borgan. XVI asrda Hindistonga kelgan portugallar bu yerda San-Tome portiga asos solgan. Keyinchalik hudud niderlandlar qo‘liga o‘tgan; ular hozirgi Chennay shimolidagi Pulikatda istehkomlar qurgan. Nihoyat, 1639-yilda Britaniya Ost-Indiya kompaniyasi Madraspatnam yaqinida manzilgohga asos solgan, keyingi yili esa Sent-Jorj qal’asi qurilgan. Keyinchalik uning atrofida mustamlaka shahri shakllangan.

1746-yilda shahar fransuz generali Burdonne, Mavrikiy gubernatori tomonidan bosib olingan. 1749-yilda Madras Buyuk Britaniyaga o‘sha paytdagi ingliz-fransuz bitimi asosida qaytarilgan. Shundan so‘ng qal’a fransuzlardan hamda Maysur sultonidan himoyalanish uchun ancha mustahkamlangan.

Milapurdagi (Chennay) eng qadimiy ibodatxona

Asr oxiriga kelib inglizlar hozirgi Tamilnadning katta qismini, shuningdek, Karnataka va Andhra-Pradesh shtatlari hududlarini bosib oldi. Bu yerlar Madras okrugi tarkibiga kiritildi.

Inglizlar hukmronligi davrida Madras yirik shaharga va harbiy bazaga aylandi. XIX asr oxirida shahar temiryo‘l orqali Bombay va Kalkutta bilan bog‘landi. Bu Hindiston shimoli bilan savdoning rivojlanishiga yordam berdi. Birinchi jahon urushi davrida Madras nemis kreyseri hujumiga uchragan. Bu kreyserning nomi «Emden».

Hindiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, 1947-yilda shahar Madras shtatining poytaxtiga aylandi, shtat esa Tamilnad nomini 1968-yilda oldi.
1965—1967-yillarda shahar hindiy tilini majburiy joriy etishga qarshi tamil noroziliklarining markazi bo‘lgan. Shri-Lankada 1983-yilda qurolli mojaro boshlangach, shahar «Tamil-Ilam ozodlik yo‘lbarslari» (TIOY) tashkilotiga aloqador tamil terrorchilarining nishoniga aylangan: 1984-yilda shahar aeroportidagi portlash 33 kishining hayotiga zomin bo‘lgan, 1991-yilda esa Madras yaqinida Hindistonning sobiq bosh vaziri Rajiv Gandi o‘ldirilgan.

Chennay 26-dekabr 2004-yilgi sunamidan jiddiy zarar ko‘rgan. 2015-yilda shaharda so‘nggi 100 yildagi eng kuchli suv toshqini yuz bergan: 1—2 dekabr kunlari 24 soatda 500 mm yog‘in yog‘gan; 270 kishi halok bo‘lgan.

Geografik joylashuvi va ichki suvlari

Chennayning kosmosdan ko‘rinishi

Shahar Tamilnadning shimoli-sharqida, sohilbo‘yi pasttekisligida joylashgan (o‘rtacha balandligi — 6 m, eng yuqori nuqtasi — 60 m dengiz sathidan yuqorida). Sohil bo‘ylab 12 kilometrlik Marina-Bich plyaji cho‘zilgan bo‘lib, u dunyodagi eng uzun plyajlardan biridir.

Chennaydan ikkita daryo oqib o‘tadi: markaziy qismidan Kuvam, janubidan Adyar. Kuvam juda kuchli ifloslangan, Adyar esa vaqti-vaqti bilan tozalanadi. Uning estuariysida kichik qo‘riqlanadigan tabiiy hudud tashkil etilgan. Sohilga parallel ravishda ikki daryoni bog‘lovchi 4 kilometrlik Bukingem kanali qazilgan.

Shaharning g‘arbida Chennayni ichimlik suvi bilan ta’minlaydigan Red-Hills, Sholavaram va Chembarambakkam ko‘llari joylashgan, chunki yerosti suvlari juda sho‘r. Suv ta’minoti muammosi nihoyatda keskin. Uni hal etish uchun Krishna daryosidan (Andhra-Pradesh shtati) suv quvuri va Chennayda suvni chuchuklashtirish zavodi qurish rejalashtirilgan.

Iqlim

Shahar iqlimi subekvatorial mussonli bo‘lib, yil davomida haroratning o‘zgarishi uncha katta emas.

Yilning katta qismida havo issiq va nam bo‘ladi. Eng yuqori harorat odatda may oxiri — iyun boshiga (o‘rtacha 38 °C), eng past harorat esa yanvarga (24 °C) to‘g‘ri keladi. Qayd etilgan eng past harorat — 14,8 °C, eng yuqori harorat — 44,1 °C. Yillik yog‘in miqdori 1300 mm bo‘lib, asosiy qismi shimoli-sharqiy musson davriga (sentyabr oxiri — noyabr o‘rtalari) to‘g‘ri keladi. Shahar ko‘pincha siklonlar o‘tadigan Bengaliya qo‘ltig‘i hududida joylashgan.

Chennay iqlimi
Ko‘rsatkich \ Davr Yan Fev Mar Apr May Iyun Iyul Avg Sen Okt Noy Dek Yil
Mutlaq maksimal t, °C 34,8 39,6 39,0 42,6 44,8 43,2 40,0 39,7 39,2 38,4 36,0 38,0 44,8
O‘rtacha maksimal t, °C 29,5 31,5 33,8 35,8 38,1 37,3 35,5 34,8 34,2 32,2 29,9 29,0 33,5
O‘rtacha harorat, °C 25,0 26,4 28,5 30,7 32,5 32,1 30,6 30,0 29,6 28,2 26,4 25,1 28,8
O‘rtacha minimal t, °C 20,9 21,8 23,7 26,2 27,6 27,2 26,2 25,6 25,3 24,5 23,0 21,6 24,5
Mutlaq minimal t, °C 16,0 15,0 18,0 19,0 20,0 18,0 20,0 20,1 20,3 20,0 18,2 13,0 13,0
Yog‘in (me’yor), mm 30 5 11 19 34 80 108 135 153 296 382 173 1427

Ma’muriy-hududiy bo‘linishi

Chennay tumanlari: 1. Egmor-Nungambakkam 2. Fort-Tondiarpet 3. Mambalam-Gindu 4. Milapur-Triplikan 5. Perambur-Purasavalkkam

Shahar beshta tumanga bo‘lingan. Katta Chennay tarkibiga shaharning o‘zidan tashqari Kanchipuram va Tiruvallur okruglari ham kiradi.

Chennay shimolida asosiy sanoat korxonalari joylashgan. Ishbilarmonlik faoliyati markazda jamlangan. Janubda turar joy mavzelari, shuningdek, ko‘plab IT-kompaniyalarning ofislari joylashgan.

Chennayning eng yirik yo‘ldosh shaharlari — Mahabalipuram (janubda), Chengalpattu (janubi-g‘arbda), Kanchipuram, Shriperumbudur va Arakkonam (g‘arbda).

Boshqaruv

Katta Chennay munitsipaliteti meri va uning o‘rinbosari tomonidan boshqariladi. Uning tarkibida 155 nafar deputat bor.

Chennayda Tamilnad hukumati va parlamenti ham joylashgan. Shuningdek, Madras oliy sudi joylashgan, uning vakolat doirasi Tamilnaddan tashqari Pondisheri (Puttuchcheri) hududini ham qamrab oladi.

Hindiston parlamentining Lok Sabha palatasida Chennaydan 3 deputat, Tamilnad parlamentida esa 18 deputat faoliyat yuritadi.

Aholi

Aholining asosiy qismini tamillar tashkil etadi. Tamil tilidan tashqari ingliz tili ham keng tarqalgan. Shaharda katta teluguzabon diaspora mavjud. Shaharda malayalam va kannada tillari ham qo‘llanadi. Savodxonlik darajasi 80 % ni tashkil etadi (Hindiston bo‘yicha o‘rtacha 59 %).

Butun Hindistondagi kabi, shaharda ham ayollar va erkaklar nisbatida nomutanosiblik mavjud: 948 ayolga 1000 erkak to‘g‘ri keladi.

Chennayning asosiy muammosi — aholining haddan tashqari ko‘pligi. Shaharda ko‘p qavatli turar joy binolari deyarli qurilmaydi. Bu shahar hududining yoyilishiga, transport muammolariga va chekka hududlarda sanitariya sharoiti yomon xarobazorlarning ko‘payishiga olib keladi. Aholining 25 % i shunday joylarda yashaydi.

Iqtisodiyot

Shahar dastlab yirik port sifatida rejalashtirilgan va hozir ham mamlakatdagi eng yirik portlardan biri hisoblanadi.

Shahar mamlakatdagi eng yirik sanoat markazlaridan biri bo‘lib, Hindistonning avtomobilsozlik poytaxti hisoblanadi (40 % dan ortiq hind avtomobillari Chennayda ishlab chiqariladi). «Hyundai», «Ford», «Mitsubishi», «TVS», «Ashok Leyland», «Royal Enfield», «TI Cycles» va «MRF» kompaniyalarining zavodlari, asosan, Ambattur-Padi sanoat zonasida jamlangan. «BMW» ham Chennayda zavod qurish rejasini ma’lum qilgan.

«Avadi»[manba 1528 kundan beri ko‘rsatilmagan] (Avadi[inglizcha] (Chennay tumani), Heavy Vehicles Factory[inglizcha] (HVF, ya’ni og‘ir texnika zavodi) korxonasida harbiy texnika, jumladan, Hindistonda eng ko‘p ishlab chiqarilgan «Arjun» tanki ishlab chiqariladi. Mahalliy temiryo‘l vagonlari ishlab chiqaruvchi korxona — «Integral Coach Factory». Dvigatelsozlik: Engine Factory Avadi[inglizcha].

Shaharda Hindistonning ko‘plab yirik kompaniyalari filiallari bor. Chennayda Madras fond birjasi joylashgan. Moliya va bank sohalari Chennayda azaldan rivojlangan. Shaharda ko‘plab xalqaro banklarning filiallari mavjud.

1990-yillarning oxiridan boshlab axborot texnologiyalari (IT) sohasi jadal rivojlanmoqda. Shaharning janubi-sharqida bir nechta texnoparklar bor. Ulardan eng kattasi TIDCO davlat kompaniyasi qurgan «Tidel Park»dir. «Infosys» kompaniyasi Katta Chennayda dunyodagi eng yirik IT-markazni qurmoqda.
Shaharda jadal rivojlanayotgan yana bir soha — biotexnologiyalar.

Transport

Madaniyat

Chennaydagi san’at galereyasi
Chennaydagi Marina-Bich sohilidagi MGR yodgorligi

Chennayda ko‘plab muzeylar, galereyalar va boshqa madaniyat muassasalari mavjud. Ular ma’rifiy faoliyat olib boradi va sayyohlarni ham jalb etadi. Davlat muzeyi[inglizcha] va Milliy san’at galereyasi[inglizcha] — Hindistonning eng qadimiy madaniyat muassasalaridan. Shahardagi Anna yuz yillik kutubxonasi — Janubiy Osiyoning eng yirik kutubxonasi.

Chennay musiqa va san’at markaziga ham aylangan. Shahar o‘zining mumtoz raqslari bilan mashhur. 1930-yilda bu yerda Hindistonda birinchi marta Madras universiteti san’at bakalavri dasturiga musiqa fanini kiritgan. 1927-yildan beri har yili dekabrda Madras musiqa mavsumi[inglizcha], u asosan karnatik musiqasiga bag‘ishlangan.

Har yil yanvarda Chennay Sangamam[inglizcha] san’at festivali o‘tkaziladi. Bu tadbir faqat Tamilnad san’ati bilan cheklanmaydi, unda Kerala shtati rassomlari va musiqachilari ham qatnashadi. Festival doim shaharning mashhur diqqatga sazovor joylari yaqinida tashkil qilinadi, kirish bepul bo‘lgani uchun hamma tashrif buyurishi mumkin.

Chennayda ko‘plab teatrlar faoliyat ko‘rsatadi. Shahar qadimiy bharatanatyam raqs san’atining markazi sanaladi. Ushbu raqs Tamilnadda vujudga kelgan. 2012-yilda bharatanatyam raqsini ijro etuvchi besh raqqosa 2012-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlarida chiqish qilgan.

2017-yildan beri Chennay ko‘p asrlik musiqa an’analari tufayli «UNESCO Creative Cities Network» ro‘yxatiga kiritilgan. Shaharda yil oxirida Rojdestvo qo‘shiqlarini ijro etuvchi bir necha xor jamoasi bor.

Diqqatga sazovor joylar

Shaharning tarixiy markazi portning janubida joylashgan. Chennayda Kapaleshvarar va Partasarati ibodatxonalari (VII asr), katoliklarning Avliyo Foma sobori (1523), Bibi Maryamga bag‘ishlangan arman cherkovi (1712), protestantlarning Avliyo Georgiy kafedral sobori (1815), Ming chiroq masjidi, mayoq (1844), Oliy sud binosi (1892), klassik tamil shoiri va faylasufi Tiru (janob) Valluvarga bag‘ishlangan Valluvar Kottam muzey-binosi kabi me’moriy yodgorliklar mavjud. Shahar yaqinida Mahabalipuram shaharchasi joylashgan. Unda VII—VIII asrlarga oid ibodatxonalar majmualari — qirg‘oqdagi ibodatxona, 10 ta g‘or ibodatxonasi, 5 ta aravasimon ibodatxona va toshga o‘yilgan haykallar, shuningdek, Cholamandalam rassomlar qishlog‘i bor.