| Buyuk Chili zilzilasi | |
|---|---|
| 22-may 1960-yildagi zilziladan keyin Valdiviyadagi ko‘cha | |
| 39°30′ j. k. 74°30′ g‘. u.HGYaO | |
| Sana va vaqt | 22-may 1960-yil |
| Rixter shkalasi bo‘yicha magnituda | 9,5 Mw |
| Moment magnitudasi | 9,5 |
| Gipotsentrning chuqurligi | 33 km |
| Ta’sir ko‘rgan mamlakatlar (hududlar) |
|
| Sunami |
|
| Jabrlanganlar | taxminan 6 ming kishi halok bo‘lgan (aksariyati sunami oqibatida) |
Buyuk Chili zilzilasi (ba’zan — Valdiviya zilzilasi, isp. Terremoto de Valdivia) — Yer yuzidagi kuzatuvlar tarixida qayd etilgan eng kuchli zilzila hisoblanadi. Uning moment magnitudasi, turli baholarga ko‘ra, 9,3 dan 9,5 gacha bo‘lgan. Zilzila 22-may 1960-yilda soat 19:11 UTC bo‘yicha Chilida sodir bo‘lgan. Uning lokal magnitudasi 8,4—8,5 bo‘lgani sababli, 1970-yillar va 1980-yillarda bu zilzila kuzatuvlar tarixidagi eng kuchli zilzila deb hisoblanmagan.
Zilzila epitsentri quyidagi shahar yaqinida joylashgan: Valdiviya (38°16′ j. k. 73°03′ g‘. u.HGYaO) — 745 km janubda ( Santyago shahridan hisoblaganda). Yuzaga kelgan sunami to‘lqinlari taxminan 10 m balandlikka yetib, Xilo shahriga katta zarar yetkazgan. Bu shahar Gavayi orollarida, epitsentrdan taxminan 10 000 km uzoqlikda joylashgan. Sunamining qolgan to‘lqinlari Filippin qirg‘oqlarigacha va Yaponiya qirg‘oqlarigacha yetib borgan.
Kuchli silkinishlar 200 ming km2 maydondagi hududni qamrab oldi. Magnitudasi Kanamori shkalasi bo‘yicha 9,5 ga teng bo‘lgan asosiy zilzila va ketma-ket sodir bo‘lgan takroriy silkinishlar 5700 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yana taxminan yuz ming kishi boshpanasiz qoldi. Chili sanoat salohiyatining qariyb 20 % qismi vayron bo‘ldi. Asosiy silkinishdan so‘ng bir qator kuchsizroq zilzilalar butun Chili bo‘ylab, hatto Olovli Yergacha yetib bordi. Tinimsiz zilzilalar, vulqon otilishlari va ulkan sunamilar 100 000 km2 dan ortiq maydonni egallagan And tog‘laridagi qishloq hududlarini vayron qildi. Quyidagi shaharlar: Konsepsion, Valdiviya, Osorno va Puerto-Mont deyarli butunlay vayron bo‘ldi. Asosiy silkinishdan ko‘p o‘tmay dengiz suvi chekina boshladi, so‘ng uning o‘rnini taxminan 800 km/soat tezlikda harakatlanayotgan sunami egalladi. U balandligi o‘n metrgacha yetgan to‘lqinlar bilan Chili sohillariga yopirilib, Anoud, Lebu va Kvelin baliqchi qishloqlarini yer bilan yakson qildi. Chilining qirg‘oq bo‘yidagi bir qancha kichik shahar va aholi punktlari butunlay vayron bo‘ldi. Quyidagi shaharlardagi barcha binolar va yo‘llarni suv yuvib ketdi: Puerto-Saavedra va Puerto-Mont; ayrim uylar esa materik ichkarisiga uch kilometrgacha surilib ketdi[manba 295 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Suv chekingach, to‘lqin teskari yo‘nalishda harakatlanib, Yaponiya qirg‘oqlariga yetib bordi. Bu yerda sunami oqibatida 150 kishi halok bo‘ldi. Olti ming bino vayron bo‘ldi, qirq mingta bino esa suv ostida qoldi. Zilziladan 15 soat o‘tgach, sunami Xilo bandargohiga yetib keldi. To‘lqin 10 000 km yo‘lni taxminan 700 km/soat tezlikda bosib o‘tgan. Shundan so‘ng sunami to‘lqinlari Kaliforniya qirg‘oqlariga yetib bordi; u Chili hududidan 9 ming km uzoqlikda joylashgan.
Halok bo‘lganlar soni taxminan 6 ming kishini tashkil etgan, ularning aksariyati sunami oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. 5 yoshli bolani bir mapuche qishlog‘ida tabiat kuchlarini tinchlantirish umidida dengizga cho‘ktirib, qurbonlik qilishgan. Aybdorlar sud qilinib, 2 yildan oshmagan muddatga jazo olgan. Sudya buni odamlar qo‘rquv ta’sirida hamda o‘z madaniy va diniy e’tiqodlariga muvofiq harakat qilgani bilan izohlagan.
1960-yilgi narxlarda yetkazilgan zarar taxminan yarim milliard dollarni tashkil etgan.
Zilzila seysmik ma’lumotlarini tahlil qilish orqali tajriba yo‘li bilan aniqlangan qatlam — astenosfera.
Tabiiy ofatlar
Zilzila sabab yuzaga kelgan sunami Chilining janubiy qismi, Gavayi, Yaponiya, Filippin, Xitoy, sharqiy Yangi Zelandiya hududlari, janubi-sharqiy Avstraliya hududlari hamda Aleut orollariga ta’sir ko‘rsatdi. Ayrim mahalliy sunamilar Chili qirg‘oqlariga favqulodda kuch bilan yopirildi, to‘lqinlar balandligi 25 m gacha yetdi. Asosiy sunami Tinch okeanini soatiga bir necha yuz kilometr tezlikda kesib o‘tib, Xilo shahrini (Gavayi) vayron qildi va 61 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Yaponiyada sunami oqibatida halok bo‘lganlarning aksariyati Xonsyu orolining shimoli-sharqidagi Sanriku hududida yashagan.
Sunami Chili qirg‘oqlarini Mocha orolidan (38° janubiy kenglik) tortib Aysen mintaqasigacha (45° janubiy kenglik) vayron qildi. Chilining janubida sunami ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga, port infratuzilmasining shikastlanishiga va ko‘plab kichik kemalarning nobud bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shimolroqda joylashgan Talkauano porti esa uncha zarar ko‘rmadi: faqat biroz suv bosdi. Ayrim buksirlar va kichik yelkanli kemalar Talkauano yaqinidagi Rokuant orolida qolib ketdi.
21-may kuni Konsepsionda zilzila sodir bo‘lgach, Ankud aholisi qayiqlardan boshpana qidirdi. Politsiya kateri «Gloriya» bir nechta qayiqni arqon bilan tortib ketayotgan edi, ammo 22-maydagi ikkinchi zilzila boshlanganida dengiz suvi chekinib, «Gloriya»ni Serro-Guayguen bilan Kochinos oroli orasidagi sayozlikka chiqarib tashladi. Keyin «Gloriya»ni va boshqa qayiqlarni sunami to‘lqini qoplab oldi.
Baiya-Mansa kichik portining butun yangi infratuzilmasi dengiz sathidan 10 metr balandlikka ko‘tarilgan sunami to‘lqini tufayli vayron bo‘ldi.
Ko‘chkilar
Zilzila ko‘plab ko‘chkilarni keltirib chiqardi. Ular asosan janubiy And tog‘larining muzlik vodiylarida yuz berdi. And tog‘laridagi ko‘chkilarning aksariyati Likin-Ofki yorig‘i atrofidagi o‘rmon bilan qoplangan tog‘ yonbag‘irlarida sodir bo‘ldi. Bu ko‘chkilar ko‘p insonlarning halok bo‘lishiga yoki katta iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelmadi, chunki hududlarning aksariyatida aholi yashamagan va u yerlardan faqat ikkinchi darajali yo‘llar o‘tgan.