Pasttekislik nima

Manzara: Bor pasttekisligi

Pasttekislik, pastqamlik — fizik geografiyada umumiy balandligi past bo‘lgan yer yuzasining keng hududi. Bu atama okean chuqurliklaridan materik balandliklarigacha ko‘tarilib boruvchi qirg‘oqbo‘yi yonbag‘irlariga, tog‘li hududlar bilan o‘ralgan pastqam joylarga, denudatsiya (eroziya) tekisliklariga yoki balandliklardan farqlanadigan boshqa hududlarga nisbatan qo‘llanadi.

Pasttekisliklar yuzasi, odatda, tekis, kamroq hollarda esa tepalikli bo‘ladi. Ular ko‘pincha tektonik cho‘kishlar natijasida vujudga kelgan botiqlarning dengiz yoki kontinental yotqiziqlar (asosan daryolarning allyuvial yotqiziqlari) bilan to‘lishi natijasida shakllanadi. Bu yotqiziqlar deyarli gorizontal joylashadi.

Relyef shakllarini tasniflashdagi chegaralar ancha noaniq. Pasttekislik deb tekisliklarning dengiz sathidan o‘rtacha 200 m dan past balandlikda joylashgan qismlariga aytiladi. Ayrim pasttekisliklarning yuzasi dengiz sathidan ham pastda joylashgan. Kaspiybo‘yi pasttekisligi dengiz sathidan 26-28 m pastda joylashgan.

Fizik xaritalarda pasttekisliklar yashil rang bilan ko‘rsatiladi. Hududning mutlaq balandligi qancha past bo‘lsa, xaritadagi yashil rang shuncha to‘q bo‘ladi. Okean sathidan pastda joylashgan pasttekisliklar esa to‘q yashil rang bilan belgilanadi.

Yer yuzidagi eng katta pasttekislik — Amazonka pasttekisligi (Amazoniya) — uning maydoni 5 mln km² dan ortiq. U Janubiy Amerikada joylashgan.

Adabiyotlar

Pasttekislik : [arxiv. 3-yanvar 2023-yil] // Nanofan — Nikolay Kavasila. — M. : Katta Rossiya ensiklopediyasi, 2013. — B. 695. — (Katta Rossiya ensiklopediyasi : [35 jildda] / bosh muharrir Yu. S. Osipov ; 2004—2017, j. 22). — ISBN 978-5-85270-358-3.