| Bosh miyaning prefrontal po‘stlog‘i | |
|---|---|
| Brodman maydonlari 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 24, 25, 32, 44, 45, 46 va 47 prefrontal po‘stloqda joylashgan | |
| Qismi | Peshona bo‘lagi |
| Arteriya | oldingi va o‘rta miya arteriyalari |
| Vena | yuqori sagittal sinus |
| Kataloglar | |
Prefrontal po‘stloq (lot. cortex praefrontalis) — katta yarimsharlar po‘stlog‘i (bosh miya) tarkibidagi, peshona bo‘laklarining oldingi qismini tashkil etuvchi va 8, 9, 10, 11, 12, 13, 14, 24, 25, 32, 44, 45, 46 va 47 Brodman maydonlarini o‘z ichiga oluvchi bo‘lim.
Ko‘plab mualliflar insonning yashash istagi, shaxsiyati va prefrontal po‘stloq funksiyalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni ta’kidlaganlar. Miyaning bu sohasi murakkab kognitiv xatti-harakatlarni rejalashtirish, shaxsiy xususiyatlarning namoyon bo‘lishi, qaror qabul qilish va ijtimoiy xulq-atvorni tartibga solishda ishtirok etadi. Miyaning ushbu sohasi asosiy vazifasi fikrlar va harakatlarni ichki maqsadlarga muvofiqlashtirishdan iborat deb hisoblanadi.
Bosh miya po‘stlog‘ining prefrontal sohasi bajaradigan vazifalarni ifodalovchi psixologik atama — ijro etuvchi funksiya. Ijro etuvchi funksiya bir-biriga zid fikrlarni aniqlash, hozirgi harakatlarning kelajakdagi oqibatlarini (yaxshi va yomon, yaxshi va yanada yaxshi, bir xil va turlicha) oldindan ko‘ra bilish, muayyan maqsadga erishish yo‘lida harakat qilish, natijalarni bashorat qilish, harakatlarga asoslangan kutilmalarni shakllantirish hamda ijtimoiy «nazorat»ni amalga oshirish (ijtimoiy jihatdan nomaqbul natijalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan e’tiqodlarni bostirish) qobiliyatlari bilan bog‘liq.
Peshona po‘stlog‘i muayyan qoidalarni o‘zlashtirishga yordam beradi. Peshona po‘stlog‘ining rostrokaudal (oldingi-orqa) o‘qi bo‘ylab oldinroqda joylashgan sohalar yuqoriroq abstraksiya darajasidagi umumiyroq qoidalarni o‘rganishga yordam beradi.
Ta’rifi
Prefrontal po‘stloqqa oid uchta mumkin bo‘lgan ta’rif mavjud:
- Granulyar peshona po‘stlog‘i (ya’ni katta yarimsharlar po‘stlog‘ining II va IV qatlamlari — mos ravishda tashqi va ichki donador qatlamlari neyronlari ustunlik qiladigan qismi).
- Mediodorsal yadrolarning proyeksiya sohasi (talamus)
- Peshona bo‘laklarining elektr stimulyatsiyasi harakatlarni yuzaga keltirmaydigan qismi.
Birinchi ta’rifning kamchiligi shundaki, u faqat primatlarga tatbiq etiladi, chunki primatlar bo‘lmagan hayvonlarda po‘stloqning IV donador qatlami yo‘q; demak, bu ta’rif insonga tatbiq etilsa-da, universal emas.
Ikkinchi ta’rifning kamchiligi keyingi tadqiqotlarda aniqlandi: talamusning mediodorsal yadrolari nafaqat granulyar peshona po‘stlog‘iga proyeksiyalar yuborishi ma’lum bo‘ldi. Shuning uchun ta’rifga aniqlik kiritildi va uni quyidagicha ifodalash mumkin: «Prefrontal po‘stloq — katta yarimsharlar po‘stlog‘ining talamusdagi mediodorsal yadrolar bilan boshqa har qanday talamus yadrolariga qaraganda kuchliroq o‘zaro aloqalarga ega bo‘lgan sohasi».
Uchinchi ta’rifning ham o‘ziga xos murakkab jihatlari bor: peshona bo‘laklarining elektr stimulyatsiyasiga kuzatiladigan harakat faolligi bilan javob bermaydigan sohalari ham granulyar, ham agranulyar po‘stloqni o‘z ichiga oladi.
Tarkibi
Quyidagi jadvalda Brodman maydonlari asosida prefrontal po‘stloqni sohalarga ajratishning turli usullari ko‘rsatilgan.
| 8 | Lateral 9 | 46 | 12 | 44 | 45 | 47 | Medial 9 | Medial 10 | 24 | 25 | 32 | 11 | 13 | 14 |
|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Kaudal | ||||||||||||||
| Lateral | Medial | Orbitofrontal | ||||||||||||
| Dorsolateral | Ventrolateral | |||||||||||||
Bosh miyaning medial prefrontal po‘stlog‘i (mPFC) po‘stloqning granulyar sohalari (maydonlarning medial qismlari: 9 va 10) hamda agranulyar sohalardan (maydonlar: 24, 25 va 32) iborat bo‘lib, ular oldingi belbog‘ pushtasini (24-maydon), infralimbik po‘stloqni[ingl.] (25-maydon) va bosh miyaning prelimbik po‘stlog‘ini (32-maydon) qamrab oladi.
- Orbitofrontal po‘stloq quyidagi sohalardan iborat: granulyar po‘stloq (maydon: 11) hamda granulyar va agranulyar aralash sohalar (maydonlar: 13 va 14).
- Ventrolateral prefrontal po‘stloq quyidagi maydonlardan iborat: 12, 44, 45 va 47.
- Dorsolateral prefrontal po‘stloq quyidagi tarkibga ega: 9-maydonning lateral qismi va butun 46-maydon.
- Kaudal prefrontal po‘stloq quyidagi maydondan iborat: 8-maydon, shu jumladan, peshonadagi ko‘z harakati maydonlari[ingl.].
Aloqalar va o‘zaro ta’sirlar
Prefrontal po‘stloq miya tuzilmalarining aksariyati bilan keng ko‘lamli ikki tomonlama aloqalarga ega, ayniqsa po‘stloqning boshqa tuzilmalari, po‘stloqosti va miya ustuni tuzilmalari bilan kuchli bog‘langan. Dorsal prefrontal po‘stloq asosan miyaning quyidagi funksiyalarni ta’minlovchi sohalari bilan o‘zaro bog‘langan: diqqat, kognitiv faoliyat va harakat faoliyati; ventral prefrontal po‘stloq esa miyaning quyidagi jarayonlar uchun mas’ul sohalari bilan bog‘langan: emotsiyalar. Prefrontal po‘stloq miya ustunining faollashtiruvchi tizimi bilan ham ikki tomonlama aloqalarga ega. Prefrontal sohalarning ishlashi faollashuv va tormozlanish muvozanatiga kuchli bog‘liq. Bu holat uchta funksional blok konsepsiyasi muallifi A. R. Luriyaga ko‘ra, bosh miyaning birinchi — energetik blok va uchinchi — psixik faoliyatni dasturlash, tartibga solish va nazorat qilish bloki o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirning aksidir.
Medial prefrontal po‘stloq sekin to‘lqinli uyquning uchinchi va to‘rtinchi fazalari (bu fazalar «chuqur uyqu» nomi ostida birlashtiriladi) yuzaga kelishida ishtirok etadi. Uning atrofiyasi umumiy uyqu vaqtida chuqur uyqu ulushining kamayishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu, o‘z navbatida, mustahkamlanish jarayoni — xotira konsolidatsiyasining yomonlashishiga olib keladi.
Prefrontal po‘stloq atrofiyasi qarish jarayonida tabiiy ravishda sodir bo‘ladi. Keksa odamlarda medial prefrontal po‘stloqning yemirilishiga mos ravishda xotira konsolidatsiyasi bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi aniqlangan. Keksa odamlarda xotiralar neokorteksga (yangi po‘stloqqa) uzatilishi va u yerda saqlanishi o‘rniga, dastlab kodlangan joyida — gippokampda qolib keta boshlaydi. Buni axborotni esga tushirishga oid topshiriqlarda keksa odamlarda yosh voyaga yetgan kishilarga nisbatan gippokamp faolligining yuqoriligi tasdiqlaydi. Ushbu topshiriqlarda ishtirokchilar so‘zlar o‘rtasidagi assotsiatsiyalarni yodlab, uxlaganlaridan keyin o‘rgangan so‘zlarini qayta aytib berishlari kerak bo‘lgan.
Funksiyalari
Prefrontal po‘stloqning asosiy vazifasi fikrlash va harakat faoliyatini ichki maqsadlar va rejalarga muvofiq kompleks boshqarishdan iborat.
U murakkab kognitiv sxemalar va harakat rejalarini tuzish, qarorlar qabul qilish, ichki faoliyatni ham, ijtimoiy xulq-atvor va o‘zaro munosabatlarni ham nazorat qilish va tartibga solishda asosiy rol o‘ynaydi.
Prefrontal po‘stloqning boshqaruv funksiyalari bir-biriga zid fikrlar va motivlarni farqlash va ular orasidan tanlash, obyektlar va tushunchalarni farqlash va birlashtirish, joriy faoliyatning oqibatlarini oldindan ko‘rish va uni istalgan natijaga muvofiq tuzatish, emotsiyalarni tartibga solish, irodaviy nazorat va diqqatni zarur obyektlarga jamlashda namoyon bo‘ladi.
Prefrontal po‘stloq, aniqrog‘i, uning dorsolateral qismi, shuningdek, qisqa muddatli xotiraning moddiy asosi hisoblanadi: Yakobsen 1936-yilda primatlarda prefrontal po‘stloqning shikastlanishi qisqa muddatli xotira yetishmovchiligiga olib kelishini ko‘rsatgan; 1952-yilda Karl Pribram ushbu yetishmovchilikka sabab bo‘ladigan prefrontal po‘stloq sohasini 46-Brodman maydoni sifatida aniqlagan; bu soha dorsolateral prefrontal po‘stloq nomi bilan ham ma’lum. Keyinchalik, 1993-yilda Goldman-Rakich hamkasblari bilan tajriba o‘tkazgan: dorsolateral prefrontal po‘stloqning ayrim qismlarini vaqtincha faolsizlantirish orqali qisqa muddatli xotirada saqlangan xotiralarning yo‘qolishi yuzaga keltirilgan.