| Biotin | |
|---|---|
| | |
| Umumiy ma’lumotlar | |
| Kimyoviy formula | C10H16N2O3S |
| Fizik xossalari | |
| Molyar massa | 244.31 g/mol |
| Termik xossalari | |
| Harorat | |
| • Suyuqlanish | 230 °C |
| Tasnifi | |
| Ro‘yxatga olish CAS raqami | 58-85-5 |
| PubChem | 171548 |
| Ro‘yxatga olish EINECS raqami | 200-399-3 |
| SMILES | |
| InChI | |
| ChEBI | 15956 |
| ChemSpider | 149962 |
| Xavfsizlik | |
| NFPA 704 | |
| Ma’lumotlar quyidagi standart sharoitlar (25 °C, 100 kPa) uchun keltirilgan, agar boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa. | |
Biotin (R kofermenti, ba’zan H vitamini, B7 vitamini deb ham ataladi) — suvda eriydigan vitamin bo‘lib, B guruhiga mansub. Biotin molekulasi tetragidroimidazol va tetragidrotiofen halqalaridan tashkil topgan. Tetragidrotiofen halqasidagi vodorod atomlaridan biri valerian kislota bilan almashgan. Biotin kofaktor sifatida metabolizmda (yog‘ kislotalari, leysin almashinuvida) hamda glukoneogenez jarayonida ishtirok etadi.
Fizik-kimyoviy xossalari
Biotin suyuqlanish harorati 232 °C bo‘lgan ignasimon kristallar hosil qiladi. Kristallning ko‘ndalang kesimi o‘tkir burchaklari 55° ga teng bo‘lgan romb shaklidadir. O‘qlarining uzunligi: a = 5,25 Å, b = 10,35 Å, c = 21,00 Å. Kristallarning zichligi 1,41 g/sm3. Molekulyar massa biotin uchun kimyoviy formula asosida hisoblanganda 214 ga, rentgenoskopik tahlil asosida esa 245 ± 6 ga teng. Biotinning kristall tuzilishini o‘rganish natijasida alifatik zanjir ureid siklik guruhiga nisbatan sis-holatda joylashgani aniqlangan.
Biotin suv va spirtda yaxshi, efirda hamda parafin qatoridagi uglevodorodlarda qiyin, siklogeksan, benzol, galogenlangan uglevodorodlar, spirtlar va ketonlarda (aseton) esa nisbatan yaxshiroq eriydi. Biotin ultrabinafsha va rentgen nurlari ta’siriga chidamli. U vodorod peroksidi, xlorid kislota, o‘yuvchi ishqorlar, formaldegid va oltingugurt dioksidi ta’sirida parchalanadi. Molekulyar kislorod, sulfat kislota va gidroksilamin ta’sirida o‘zgarmaydi. Biotinning ultrabinafsha nurlarni o‘ziga xos tarzda yutishi aniqlanmagan.
Biokimyoviy roli
Biotin fermentlar tarkibiga kiradi (bu fermentlar oqsil va yog‘ muvozanatini boshqaradi) hamda yuqori faollikka ega. U glukokinaza — uglevodlar almashinuvini boshqaruvchi ferment — sintezida qatnashadi.
U koferment sifatida turli fermentlar, jumladan, transkarboksilazalar faoliyatida ishtirok etadi. Purin nukleotidlari sintezida qatnashadi. U oltingugurt manbai bo‘lib, bu oltingugurt kollagen sintezida ishtirok etadi. Biotin ishtirokida faollashtirish va ko‘chirish reaksiyalari amalga oshadi; bunda ko‘chiriladigan modda — CO2.
Tavsiya etiladigan sutkalik iste’mol me’yori
Rossiya tavsiyalariga ko‘ra, katta yoshli odamlarning biotinga fiziologik ehtiyoji 50 mkg/sutkani tashkil etadi. Bolalarda yoshiga qarab 10 dan 50 mkg/sutkagacha. Iste’molning yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajasi belgilanmagan.
Turli yosh guruhlarida biotinning yetarli iste’mol miqdori
| Yosh | 0—6 oy | 7—12 oy | 1—3 yosh | 4—8 yosh | 9—13 yosh | 14—20 yosh | 21 yosh va undan katta |
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| Biotinning yetarli iste’mol miqdori, mkg/kun | 5 | 6 | 8 | 12 | 20 | 25 | 30 |
Gipovitaminozlar
Sabablari
- genetik kasalliklar (biotinidaza yetishmovchiligi[ingl.] — 5 tadan ko‘p bo‘lmagan holat har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladi);
- Qo‘llanadigan antibiotiklar va sulfanilamid preparatlari biotin sintez qiluvchi sog‘lom ichak mikroflorasi faoliyatini susaytiradi;
- me’yoriy ovqatlanishni cheklaydigan parhezlarga haddan tashqari berilish;
- oshqozon va ingichka ichak shilliq qavatining atrofiyasi tufayli ovqat hazm qilishning buzilishi (ingichka ichak rezeksiyasidan keyingi malabsorbsiya sindromi);
- muntazam ravishda saxarinni iste’mol qilish biotinning o‘zlashtirilishiga va metabolizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek, biotin sintez qiluvchi ichak mikroflorasi faoliyatini susaytiradi;
- xom tuxum iste’mol qilish (tuxum oqida glikoproteid avidin, ya’ni biotin bilan o‘zaro ta’sirlashadigan modda mavjud);
- tarkibida konservant sifatida oltingugurtli birikmalar (E221—E228) mavjud mahsulotlarni iste’mol qilish (bunday mahsulotlar qizdirilganda, shuningdek, havo bilan kontaktda bo‘lganda hosil bo‘ladigan oltingugurt dioksidi biotinni parchalaydi);
- alkogolni haddan tashqari iste’mol qilish (alkogolli ichimliklar biotinning me’yorida o‘zlashtirilishiga to‘sqinlik qiladi).
Belgilari
Biotin yetishmovchiligida quyidagilar kuzatiladi:
- qo‘l va oyoqlardagi teri shikastlanishlari
- terining quruqligi va nosog‘lom tusga kirishi
- tilning oqarishi va silliqlashishi
- uyquchanlik, depressiya
- mushaklarda og‘riq va kuchsizlik
- gipotoniya
- qonda xolesterin va qand miqdorining yuqoriligi (bu giperglikemiya rivojlanishiga olib keladi)
- kamqonlik
- ishtaha yo‘qolishi va ko‘ngil aynishi
- soch holatining yomonlashishi
- o‘sishning sekinlashishi.
Oziq-ovqat mahsulotlaridagi miqdori
Biotin barcha mahsulotlarda oz miqdorda mavjud, ammo bu vitamin eng ko‘p jigarda, buyraklarda, achitqilarda, dukkaklilarda (soya, yeryong‘oq), gulkaram va yong‘oqlarda uchraydi. Kamroq miqdorda esa pomidorlarda, ismaloqda, tuxumda (xom tuxum oqidagi avidin tufayli uning biologik o‘zlashtirilishi past bo‘ladi) va qo‘ziqorinlarda uchraydi.
Oziq-ovqat orqali organizm uchun yetarli miqdorda biotin olinadi.
Sog‘lom ichak mikroflorasi sezilarli miqdorda biotin sintez qiladi.
Organizmda taqsimlanishi
Tirik organizmda biotin asosan jigarda, buyraklarda to‘planadi.
Sintezi
Biotin sintezi jarayoni 1949-yilda quyidagi olimlar tomonidan birgalikda ishlab chiqilgan va patentlangan: Moisey Volf Goldberg va Leo Henrik Shternbax[ingl.].
