Antivirus dasturi (antivirus, viruslardan himoyalash vositasi, zararli dasturlarni aniqlash vositasi) — maxsus dastur bo‘lib, kompyuter viruslarini, shuningdek, nomaqbul (zararli deb hisoblanadigan) dasturlarni aniqlash, bunday dasturlar zararlagan (o‘zgartirgan) fayllarni tiklash hamda profilaktika qilish — fayllar yoki operatsion tizimning zararli kod bilan zararlanishi (o‘zgartirilishi)ning oldini olish uchun mo‘ljallangan. Raqamlashtirish, raqamli transformatsiya, gadjetlar va internetning tobora keng tarqalishi kabi tendensiyalar tufayli bunday dasturlarning ahamiyati ortib bormoqda: 2023-yil holatiga ko‘ra, antivirus ishlab chiquvchilari har kuni 400 mingta zararli dasturga duch kelmoqda. Butun dunyoda kiberxavflar soni ortib, Rossiyada ham, dunyo miqyosida ham kiberxavfsizlik bozori hajmi kengaymoqda.
Tarixi
Dastlabki virus dasturining prototipi Bob Tomas yaratgan Creeper bo‘lgan; keyinchalik unga qarshi Reaper antivirus dasturi ishlab chiqilgan.
Ilk antiviruslar 1980-yillarning oxirida paydo bo‘lgan. Ularning aynan qachon yaratilganini aniqlash qiyin. Dastlabki namunalari orasida AntiVir va Dr. Solomon’s Anti-Virus Toolkit (ikkalasi ham 1988-yilda yaratilgan), shuningdek, Symantec antivirus for Macintosh (bir yil keyin chiqarilgan) bor edi.
Viruslardan himoyalanish usullari
Viruslardan himoyalanish uchun uch guruh usullardan foydalaniladi:
- Fayllar mazmunini tahlil qilishga asoslangan usullar (ma’lumot fayllari ham, buyruq kodlari saqlangan fayllar ham). Bu guruhga virus signaturalarini skanerlash, fayllar yaxlitligini tekshirish va shubhali buyruqlarni skanerlash kiradi.
- Dasturlar bajarilayotgan paytda ularning xatti-harakatini kuzatishga asoslangan usullar. Bu usullarda tizim xavfsizligiga tahdid soluvchi barcha hodisalar qayd etiladi. Bunday hodisalar tekshirilayotgan kod real bajarilganda yoki uning dasturiy emulyatsiyasida kuzatiladi.
- Fayllar va dasturlar bilan ishlash tartibini belgilash usullari. Bu usullar xavfsizlikni ta’minlashning ma’muriy choralariga kiradi.
Signaturalarni skanerlash usuli (signatura tahlili, signatura usuli) fayllardan muayyan virusga xos bo‘lgan noyob baytlar ketma-ketligini — signaturani izlashga asoslanadi. Har bir yangi aniqlangan virus kodini antivirus laboratoriyasi mutaxassislari tahlil qilib, uning signaturasini belgilaydi. Olingan kod parchasi antivirus dasturi foydalanadigan virus signaturalari maxsus ma’lumotlar bazasiga kiritiladi. Bu usulning afzalligi — noto‘g‘ri ijobiy natijalar ulushining nisbatan kamligi. Asosiy kamchiligi esa antivirus dasturi bazasida signaturasi bo‘lmagan yangi virusni tizimda aniqlashning prinsipial jihatdan imkonsizligidir. Shu sababli signaturalar bazasini o‘z vaqtida yangilab turish talab etiladi.
Yaxlitlikni nazorat qilish usuli diskdagi ma’lumotlarning har qanday kutilmagan va sababsiz o‘zgarishi shubhali hodisa ekaniga hamda antivirus tizimining alohida e’tiborini talab qilishiga asoslanadi. Virus tizimda bo‘lganining izlarini albatta qoldiradi (mavjud fayllar, ayniqsa tizim yoki bajariladigan fayllardagi ma’lumotlarning o‘zgarishi, yangi bajariladigan fayllarning paydo bo‘lishi va hokazo). Ma’lumotlarning o‘zgargani, ya’ni yaxlitlikning buzilishi faktini aniqlash uchun nazorat yig‘indisini (dayjestni) solishtirish kifoya: tekshirilayotgan kodning dastlabki holati uchun oldindan hisoblangan nazorat yig‘indisi (dayjesti) shu kodning joriy holati uchun hisoblangan nazorat yig‘indisi (dayjesti) bilan taqqoslanadi. Agar ular mos kelmasa, demak, yaxlitlik buzilgan va kodni, masalan, virus signaturalarini skanerlash orqali qo‘shimcha tekshirish uchun yetarli asos mavjud. Bu usul signaturalarni skanerlashga qaraganda tezroq ishlaydi, chunki nazorat yig‘indisini hisoblash kod parchalarini baytma-bayt solishtirishdan kamroq hisoblash amallarini talab qiladi. Bundan tashqari, u har qanday virus, jumladan ma’lumotlar bazasida hali signaturasi mavjud bo‘lmagan noma’lum viruslar faoliyati izlarini ham aniqlash imkonini beradi.
Shubhali buyruqlarni skanerlash usuli (evristik skanerlash, evristik usul) skanerlanayotgan faylda shubhali buyruqlar yoki shubhali kod ketma-ketligi belgilarining muayyan sonini aniqlashga asoslanadi (masalan, qattiq diskni formatlash buyrug‘i yoki ishlayotgan jarayonga yoxud bajariladigan kodga kirib borish funksiyasi). Shundan keyin fayl zararli bo‘lishi mumkin degan taxmin ilgari suriladi va uni qo‘shimcha tekshirish choralari ko‘riladi. Bu usul tez ishlaydi, biroq ko‘pincha yangi viruslarni aniqlay olmaydi.
Dasturlar xatti-harakatini kuzatish usuli yuqorida tilga olingan fayl mazmunini skanerlash usullaridan tubdan farq qiladi. U ishga tushirilgan dasturlar xatti-harakatini tahlil qilishga asoslanadi; buni jinoyatchini jinoyat ustida qo‘lga olishga qiyoslash mumkin. Bunday antivirus vositalari ko‘pincha foydalanuvchining faol ishtirokini talab qiladi: foydalanuvchi tizimning ko‘plab ogohlantirishlariga javoban qaror qabul qilishi kerak, bu ogohlantirishlarning sezilarli qismi keyinchalik yolg‘on signal bo‘lib chiqishi mumkin. Noto‘g‘ri natijalar (zararsiz faylni virus deb gumon qilish yoki zararli faylni o‘tkazib yuborish) chastotasi muayyan chegaradan oshsa, usul samarasiz bo‘lib qoladi. Foydalanuvchi ogohlantirishlarga e’tibor bermay qo‘yishi yoki barcha ishga tushirilgan dasturlarning barcha harakatlariga ruxsat berish yoxud antivirusning ushbu funksiyasini o‘chirib qo‘yish yo‘lini tanlashi mumkin. Dasturlarning xatti-harakatini tahlil qiluvchi antivirus tizimlaridan foydalanilganda himoyalanayotgan kompyuter yoki tarmoqqa zarar yetkaza oladigan virus kodi buyruqlari bajarilib ketishi xavfi har doim mavjud. Bu kamchilikni bartaraf etish uchun keyinchalik emulyatsiya usuli (taqlid qilish usuli) ishlab chiqilgan. U tekshirilayotgan dasturni maxsus yaratilgan sun’iy (virtual) muhitda ishga tushirish imkonini beradi. Bu muhit ko‘pincha «qumdon» (sandbox) deb ataladi. Unda axborot muhitiga zarar yetkazish xavfisiz sinov o‘tkazish mumkin. Dasturlar xatti-harakatini tahlil qilish usullari ma’lum va noma’lum zararli dasturlarni aniqlashda yuqori samaradorlik ko‘rsatgan.
Ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish usuli: zararli dasturlarni aniqlashning zamonaviy yondashuvlaridan biri. Bunda katta ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish va mashinaviy o‘rganish algoritmlari faylning o‘zidan ajratib olinadigan bir qator xususiyatlarni hisobga olib, fayl xatti-harakatini (zararli yoki zararsiz) tasniflash uchun qo‘llanadi.
Soxta antiviruslar
2009-yil oxirida 2007-yildayoq paydo bo‘lgan soxta antiviruslar faol tarqala boshladi. Bular aslida antivirus bo‘lmagan (ya’ni zararli dasturlarga qarshi kurashish uchun haqiqiy imkoniyatlarga ega bo‘lmagan), biroq o‘zini antivirus sifatida ko‘rsatadigan dasturiy ta’minotdir. Mohiyatan, soxta antiviruslar foydalanuvchilarni aldab, «tizimni viruslardan davolash» uchun to‘lov undirish orqali daromad olishga mo‘ljallangan dasturlar ham, oddiy zararli dasturiy ta’minot ham bo‘lishi mumkin.
Maxsus antiviruslar
2014-yil noyabrida xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti Amnesty International yangi antivirus dasturini chiqardi: Detect. U davlat idoralari fuqarolik faollari va siyosiy raqiblarni kuzatish maqsadida tarqatadigan zararli dasturiy ta’minotni aniqlash uchun mo‘ljallangan. Yaratuvchilarining ta’kidlashicha, bu antivirus qattiq diskni oddiy antiviruslarga nisbatan chuqurroq skanerlaydi.
Antiviruslarning samaradorligi
Imperva tahliliy kompaniyasi Hacker Intelligence Initiative loyihasi doirasida aksariyat antiviruslarning haqiqiy sharoitdagi samaradorligi pastligini ko‘rsatadigan tadqiqot e’lon qildi.
Turli sintetik sinovlar natijalariga ko‘ra, antiviruslarning o‘rtacha samaradorligi 97 % atrofida. Biroq bu sinovlar yuz minglab namunalar jamlangan bazalar asosida o‘tkaziladi va ularning mutlaq ko‘pchiligi (ehtimol, qariyb 97 %) hujumlarda endi ishlatilmaydi.
Asosiy savol — antiviruslar eng dolzarb tahdidlarga qarshi qay darajada samarali? Bunga javob topish uchun Imperva kompaniyasi va Tel-Aviv universiteti talabalari Rossiyaning yashirin forumlaridan eng yangi zararli dasturiy ta’minotning 82 ta namunasini qo‘lga kiritib, ularni VirusTotal bazasi orqali, ya’ni 42 ta antivirus dvijogiga qarshi tekshirdi. Natija juda yomon bo‘ldi.
- Yangi kompilyatsiya qilingan zararli dasturlarga qarshi antiviruslar samaradorligi 5 % dan kam bo‘ldi. Bu mantiqan tushunarli natija, chunki virus yaratuvchilari o‘z viruslarini VirusTotal bazasida albatta sinovdan o‘tkazadi.
- Virus paydo bo‘lganidan antiviruslar uni taniy boshlaguncha to‘rt haftagacha vaqt o‘tadi. Bunday ko‘rsatkichga «elita» antiviruslari erishadi, qolgan antiviruslarda esa bu muddat 9-12 oygacha cho‘zilishi mumkin. Masalan, tadqiqot boshida, 9-fevral 2012-yilda Google Chrome’ning soxta o‘rnatuvchisidan olingan yangi namuna tekshirildi. Tadqiqot yakunlangan 17-noyabr 2012-yilda esa uni faqat 23 ta antivirus aniqlagan (jami 42 ta antivirusdan).
- Zararli dasturlarni aniqlash foizi eng yuqori bo‘lgan antiviruslarda noto‘g‘ri ijobiy natijalar foizi ham yuqori.
- Tadqiqotni xolis deb hisoblash qiyin, chunki zararli dasturlar namunalari juda oz bo‘lgan. Shunga qaramay, antiviruslar yangi kiberxavflarga qarshi deyarli yaroqsiz, degan taxminni ilgari surish mumkin.
Antivirus dasturlarining tasnifi
Antivirus dasturlari ishlash shakliga (bloklash vositalariga) ko‘ra quyidagilarga bo‘linadi:
- dasturiy;
- dasturiy-apparat.
Operativ xotirada joylashishiga ko‘ra quyidagi turlar farqlanadi:
- rezident antiviruslar (operatsion tizim ishga tushganda faoliyatini boshlaydi, kompyuter xotirasida doimiy saqlanadi va fayllarni avtomatik tekshiradi);
- norezident antiviruslar (foydalanuvchi talabiga ko‘ra yoki ular uchun belgilangan jadval asosida ishga tushiriladi).
Viruslardan himoyalash turi (usuli) bo‘yicha quyidagilar ajratiladi:
- Detektor dasturlar yoki skanerlar operativ xotira va tashqi axborot tashuvchilardagi viruslarni qidiradi va aniqlaydi, virus topilganda tegishli xabarni chiqaradi. Detektorlar universal va ixtisoslashgan.
- Doktor dasturlar (faglar, polifaglar) virus bilan zararlangan fayllarni nafaqat topadi, balki ularni «davolaydi», ya’ni fayldan virus dasturining tanasini olib tashlab, fayllarni dastlabki holatiga qaytaradi. Faglar ish boshlaganda avval operativ xotiradagi viruslarni qidirib, ularni yo‘q qiladi, shundan keyingina fayllarni «davolash»ga o‘tadi. Eng mashhur polifag antiviruslar — Norton AntiVirus, Doctor Web, Kaspersky Antivirus. Faglar orasida ko‘plab viruslarni qidirish va yo‘q qilishga mo‘ljallangan doktor dasturlar — polifaglar alohida ajratiladi. Yangi viruslar doimiy paydo bo‘lib turgani sababli detektor va doktor dasturlar tez eskiradi, shu bois ularning versiyalarini muntazam yangilab turish kerak.
- Vaksina dasturlar (immunizatorlar) — fayllarning zararlanishiga yo‘l qo‘ymaydigan rezident dasturlardir. Vaksinalar muayyan virusni «davolaydigan» doktor dasturlar bo‘lmaganda qo‘llanadi. Vaksinatsiya faqat ma’lum viruslarga qarshi mumkin. Vaksina dastur yoki diskni uning ishiga ta’sir qilmaydigan tarzda o‘zgartiradi, virus esa uni allaqachon zararlangan deb qabul qiladi va shu sababli unga kirib bormaydi. Bunday dasturlarning jiddiy kamchiligi — turli xil ko‘plab viruslar bilan zararlanishning oldini olish imkoniyatlari cheklanganligidir.
- Revizor dasturlar viruslardan himoyalanishning eng ishonchli vositalari qatoriga kiradi. Revizorlar kompyuter virus bilan zararlanmagan vaqtda dasturlar, kataloglar va diskning tizim sohalari dastlabki holatini xotirada saqlab qoladi. Keyin esa vaqti-vaqti bilan yoki foydalanuvchi xohishiga ko‘ra joriy holatni dastlabkisi bilan solishtiradi. Aniqlangan o‘zgarishlar monitor ekraniga chiqariladi. Odatda, holatlar operatsion tizim yuklangan zahoti solishtiriladi. Taqqoslash paytida fayl uzunligi, siklik nazorat kodi (faylning nazorat yig‘indisi), o‘zgartirilgan sana va vaqt hamda boshqa parametrlar tekshiriladi.
- Monitor dasturlar operatsion tizim ishga tushganda faoliyatini boshlaydi, kompyuter xotirasida doimo turadi va fayllarni «shu yerda va hozir» tamoyili asosida avtomatik tekshiradi.
- Filtr dasturlar (qo‘riqchilar) — kompyuter ishlayotgan vaqtda, virus hali ko‘payishni boshlamasidan oldin, viruslarga xos shubhali harakatlarni aniqlashga mo‘ljallangan kichik rezident dasturlardir.
- Qo‘riqchi dasturlar — viruslarga xos harakatlarni aniqlashga mo‘ljallangan kichik rezident dasturlardir.