| Android 16 | |
|---|---|
| Android 16 bosh ekrani | |
| Ishlab chiquvchi | Google va Open Handset Alliance |
| Operatsion tizimlar oilasi | Android |
| Asoslangan tizim | Android 15 |
| Dastlabki kod | Ochiq kodli dasturiy ta’minot |
| Dastlabki chiqarilishi | |
| So‘nggi versiyasi | 16.1 (5-oktabr 2025-yil) |
| Qo‘llab-quvvatlanadigan tillar | ko‘p tilli |
| Qo‘llab-quvvatlanadigan platformalar | ARM va x86-64 |
| Yadro turi | Linux yadrosi |
| Interfeys | Material 3 Expressive |
| Holati | dolzarb |
| Veb-sayt | android.com/new-features… |
Android 16 — mobil operatsion tizim Androidning o‘n oltinchi versiyasi. Uni Open Handset Alliance tashkiloti Google rahbarligida ishlab chiqqan. Android 16 The Android Show tadbirida, Google I/O konferensiyasi doirasida 13-may 2025-yilda taqdim etildi.
Dasturchilar uchun birinchi dastlabki sinov versiyasi 19-noyabr 2024-yilda chiqarildi. Birinchi beta-versiya 23-yanvar 2025-yilda taqdim etildi. Google yakuniy versiyani 10-iyun 2025-yilda chiqardi.
Tarixi

Android 16 ning ichki kod nomi Baklava bo‘lib, bu Androidning ilk versiyalariga xos bo‘lgan, shirinliklar bilan bog‘liq kod nomlarini alifbo tartibida berish an’anasidan chekinishni anglatadi. Baklava nomiga o‘tilishi Google kompaniyasining dasturiy ta’minotni ishlab chiqish yondashuvidagi so‘nggi o‘zgarishlarni, xususan, Trunk Stable Project loyihasini aks ettiradi: dasturiy yig‘ilmalarni tayyorlash va nomlash tizimiga kiritilgan o‘zgarishlar Android 14 dan boshlangan.
Android 16 ning dasturchilar uchun birinchi dastlabki sinov versiyasi (Developer Preview 1 nomi bilan tanilgan) 19-noyabr 2024-yilda chiqarildi. Ikkinchi dastlabki sinov versiyasi 18-dekabr 2024-yilda taqdim etildi.
Birinchi beta-versiya 23-yanvar 2025-yilda chiqarildi.
Ikkinchi beta-versiya 13-fevral 2025-yilda chiqarildi.
13-mart 2025-yilda chiqarilgan uchinchi beta-versiyada platforma barqarorlik bosqichiga yetdi.
Android 16 ning to‘rtinchi beta-versiyasi 17-aprel 2025-yilda chiqarildi. Shundan so‘ng Android 16 ning yakuniy chiqarilishi yaqinlashgani, may oyida esa Beta 4.x.x versiyalarida xatolar tuzatilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.
Android 16 QPR1 ning platformani har chorakda yangilashga mo‘ljallangan beta-versiyasi 20-may 2025-yilda chiqarildi. Unda Material 3 Expressive dizayniga oid ayrim o‘zgarishlar, jumladan, bildirishnomalar, tezkor sozlamalar, qulflash ekrani va ilovalarni ishga tushirish interfeysining vizual yangilanishlari paydo bo‘ldi.
11-iyun 2025-yilda Google kompaniyasi Android 16 ning yakuniy versiyasini chiqardi.
Umumiy ma’lumotlar va yangiliklar
Developer Preview 1 ning rasmiy chiqarilish qaydlarida Android 16 da quyidagi funksiyalar taqdim etilishi ko‘rsatilgan:
Material 3 Expressive
Google Material Design 3 chiqarilganidan buyon ilk bor dizaynni katta miqyosda yangiladi. Kompaniya tizim animatsiyalarini qayta ishlab, asosiy imo-ishoralarga cho‘ziluvchanlik va «prujinasimon» harakat xususiyatini qo‘shdi. Masalan, bildirishnoma yon tomonga surilganda ekrandagi boshqa bildirishnomalar ham foydalanuvchi harakatiga javob qaytaradi. Bu effektlar ilovalar o‘rtasida almashish, ovoz balandligini o‘zgartirish va interfeysning boshqa elementlaridan foydalanishda ham qo‘llaniladi. Bildirishnomalar panelida fonni xiralashtirish effekti paydo bo‘ldi.
Live Updates
Yangi Live Updates funksiyasi yetkazib berish xizmatlari, taksi va navigatsiyadan keladigan faol bildirishnomalarni qulflash ekranida hamda Always-On Display (doimo faol ekran) rejimida ko‘rsatadi. Qurilma qulfdan chiqarilgach, soat yonidagi tugma orqali bildirishnoma kengaytiriladi.
Ichki fotosurat tanlash vositasi
Androidning fotosurat tanlash vositasi sezilarli darajada takomillashtirildi va endi Google Photos kabi bulutli mediaxizmatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Foydalanuvchilar bulutli hisoblarida saqlangan fotosuratlarni ilovalar o‘rtasida almashmasdan osongina tanlashlari mumkin. Bundan tashqari, fotosurat tanlash vositasi bulutli albomlarni qurilmaning o‘zidagi kontent bilan birlashtirib, yagona va qulay foydalanish imkonini beradi. Ushbu yangilanish avvalgi versiyalardagi imkoniyatlarni kengaytiradi va modulli yangilanishlar orqali eski Android qurilmalariga ham ushbu funksiyadan foydalanish imkonini yaratadi.
Tibbiy yozuvlar
Android 16 raqamli tibbiy yozuvlarni kengroq qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi. Bu foydalanuvchilarga sog‘lig‘i haqidagi ma’lumotlarni bevosita o‘z qurilmalarida birlashtirish imkonini beradi. Funksiya turli tibbiy xizmat ko‘rsatuvchilar va ilovalar bilan mos ishlashi uchun tibbiy ma’lumotlarning standartlashtirilgan formatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Maxfiylikni himoya qilish kuchaytirilgani sababli foydalanuvchilar muhim tibbiy ma’lumotlarni zaruratga qarab xavfsiz saqlashi va ulashishi mumkin. Shu tariqa shaxsiy tibbiy ma’lumotlardan foydalanish osonlashadi, bunda axborot xavfsizligi ustuvor bo‘lib qoladi.
Maxfiylikka yo‘naltirilgan izolyatsiyalangan muhit
Android 16 dagi Privacy Sandbox (maxfiylikni himoyalovchi izolyatsiyalangan muhit) foydalanuvchilar maxfiyligini yanada ishonchli himoya qilgan holda reklamaga yangicha yondashish bo‘yicha Google sa’y-harakatlarini davom ettiradi. Bu funksiya anonim ma’lumotlar va qurilmaning o‘zida qayta ishlash usullaridan foydalanib, kuzatuv mexanizmlarini cheklaydi va foydalanuvchi maxfiyligiga putur yetkazmasdan shaxsiylashtirilgan kontent taqdim etadi. Ushbu takomillashtirish ma’lumotlarni qayta ishlashga oid o‘zgarib borayotgan qoidalarga rioya etish bilan birga reklama ekotizimlarini ishonchli qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Advanced Protection
Firibgarlardan himoyalanish vositalari qo‘shildi.
Yashirin mini-o‘yin (Easter egg)
Android 16 da Google avvalgi versiyalardagi yashirin funksiyalar an’anasini davom ettirdi: Live Updates yangi funksiyasini tanishtiruvchi, avtopilotga ega kosmik mini-o‘yin qo‘shildi. O‘yin ishga tushirilib, so‘ng kichraytirilsa, bildirishnomada kosmik kemaning parvoz jarayoni ko‘rinadi. Bu real vaqt rejimidagi yangilanishlarning qanday ishlashini yaqqol namoyish etadi. Yashirin o‘yinni topish uchun «Sozlamalar» → «Telefon haqida» → «Android versiyasi» bo‘limiga o‘tib, tegishli bandni tez-tez bir necha marta bosish kerak.
Boshqa yangiliklar
Ishqibozlar ishlab chiqilayotgan yana boshqa funksiyalarni ham aniqlashdi. Ular dasturchilar uchun keyingi versiyalarda joriy etilishi mumkin. Jumladan, ovozni bir vaqtning o‘zida bir nechta qurilmaga uzatish va bildirishnomalar orasidagi kutish vaqtini boshqarish imkoniyatlari shular sirasiga kiradi.
Chiqarilish jadvali
Yangi imkoniyatlarni baholash uchun dastlabki sinov dasturi taklif etildi. Mikrodastur yig‘ilmalari quyidagi qurilmalar uchun tayyorlandi: Pixel 6/6a/6 Pro, Pixel 7/7a/7 Pro, Pixel 8/8a/8 Pro, Pixel 9/9 Pro/9 Pro XL/9 Pro Fold, Pixel Fold va Pixel Tablet.
Avvallari Android 16 ning yangi funksiyalarini faqat Google Pixel egalari sinab ko‘rishi mumkin edi. Endi esa ro‘yxat kengaydi. Android 16 beta-versiyasi quyidagi brendlar qurilmalarida rasman qo‘llab-quvvatlanadi:
HONOR: HONOR Magic 7 Pro smartfonida MagicOS Global va MagicOS China Lenovo: YOGA Tab Plus planshetida ZUI interfeysi OnePlus: OnePlus 13 uchun Oxygen OS va Color OS OPPO: OPPO Find X8 uchun Color OS Global va Color OS China realme: realme GT 7 Pro uchun realme UI Global va realme UI China vivo va iQOO: iQOO 13 va vivo X200 Pro qurilmalarida Funtouch OS va Origin OS Xiaomi va Redmi: Xiaomi 14T Pro, Xiaomi 15 va Redmi K70 Ultra qurilmalarida Hyper OS Global va Hyper OS China (yuklash dasturini qulfdan chiqarish talab etiladi)
Yangi ishlab chiqish jadvaliga o‘tilgani sababli dastlabki versiya avvalgi Android versiyalariga qaraganda uch oy oldin tayyorlandi. Yangi jadval bo‘yicha har yili Androidning bitta emas, ikkita yirik chiqarilishi bo‘ladi: birinchisi avvalgidek uchinchi chorakda emas, ikkinchi chorakda; ikkinchisi esa to‘rtinchi chorakda taqdim etiladi. Yozgi chiqarilish tarkibiga muhim yangiliklar, SDK dagi ishlash tartibiga oid o‘zgarishlar va yangi API lar kiradi. Qishki chiqarilish esa takomillashtirishlar, yangi API lar va ilovalar ishlashiga ta’sir qilmaydigan o‘zgarishlardan iborat bo‘ladi.
| Sana | Yig‘ilma | Tavsif |
|---|---|---|
| 19-noyabr 2024-yil | Developer Preview 1 | Dasturchilar uchun birinchi dastlabki sinov versiyasining chiqarilishi. |
| 18-dekabr 2024-yil | Developer Preview 2 | Qo‘shimcha funksiyalar, API lar va tizimning ishlash tartibidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan bosqichma-bosqich yangilanish. |
| 23-yanvar 2025-yil | Beta 1 | Dastlabki foydalanuvchilar sinovi uchun tayyorlangan va «havo orqali» (OTA) usulida Android Beta dasturida ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilarga tarqatiladigan birinchi beta-versiya. |
| 13-fevral 2025-yil | Beta 2 | Beta-versiyaning bosqichma-bosqich yangilanishi. |
| Barqaror platforma | ||
| 13-mart 2025-yil | Beta 3 | API lar va tizimning ishlash tartibi yakuniy holatga keltirildi. Google Play’da nashr etishga ruxsat berildi. |
| 17-aprel 2025-yil | Beta 4 | Yakuniy sinovlar uchun mo‘ljallangan, chiqarilish arafasidagi yig‘ilma. Android 16 ning «chiqarishga nomzod» (release candidate) versiyasi. |
| 10-iyun 2025-yil | Yakuniy chiqarilish | Android 16 ning AOSP va ekotizim uchun chiqarilishi. |
Ishlab chiqilishi
Android 16 ni ishlab chiqish 19-noyabr 2024-yilda dasturchilar uchun birinchi dastlabki sinov versiyasi chiqarilishi bilan boshlandi. 18-dekabrda esa ikkinchi dastlabki yig‘ilma taqdim etildi. Ushbu ilk chiqarilishlar dasturchilarga baholash uchun dastlabki funksiyalar, API lar va tizimning ishlash tartibidagi o‘zgarishlarni taqdim etdi. Barqarorroq bosqichga o‘tish 23-yanvar 2025-yilda birinchi beta-versiya chiqarilishi bilan boshlandi. Mart oyida Beta 3 taqdim etilgach, platforma barqarorligi to‘liq ta’minlandi: API lar va ishlash tartibiga oid o‘zgarishlar yakunlandi, dasturchilarga esa o‘z ilovalarini Play Store’ga yuklash imkoniyati berildi. Barqaror versiya 10-iyun 2025-yilda rasman chiqarildi. Bu Androidning oldingi versiyalariga nisbatan ertaroq edi.
Bundan tashqari, Android 16 da dasturiy ta’minot ishlab chiqish vositalari to‘plamlarini (SDK) chiqarishning yangi tartibi joriy etildi. Beta 3 bilan bir vaqtda, 2025-yil mart oyida taqdim etilgan birinchi SDK tarkibida yangi API lar, funksiyalar va tizimning ishlash tartibiga oid o‘zgartirishlar bor edi. Ikkinchi SDK ni 2025-yil oxiriga yaqin chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, u platformaning ishlash tartibiga katta o‘zgarish kiritmasdan faqat qo‘shimcha API lar va funksiyalarni taqdim etishga qaratilgan. Google ma’lumotiga ko‘ra, bu strategiya ilovalar va qurilmalarni ishlab chiqish jarayoniga yangiliklarni tezroq joriy etish uchun mo‘ljallangan.
Qabul qilinishi
Texnologiya nashri Ars Technica sharhlovchisi Ron Amadeo Android 16 ni «qiziqarsiz» deb ta’rifladi. U interfeysda sezilarli bo‘lmagan o‘zgarishlar, jumladan, piktogrammalarning yangilanishi va yangiliklarning kamligini ta’kidladi. Shunga qaramay, Amadeo kuchaytirilgan himoyaning yangi rejimi — Advanced Protection — va katta ekranlarni yaxshiroq qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini yuqori baholadi. Bu imkoniyat ilovalarning ekran o‘lchamlariga avtomatik moslashishiga yordam beradi. Biroq u ko‘plab dasturlar buklanadigan qurilmalar va planshetlarda hanuz noto‘g‘ri aks etishini ko‘rsatdi. Sharhlovchining fikricha, foydalanuvchi tajribasiga eng katta ta’sirni qayta ishlab chiqilgan bildirishnomalar tizimi ko‘rsatadi. Unga xabarlarni guruhlashning standartlashtirilishi va bajarilayotgan amallar jarayonini aks ettiruvchi yangi turdagi bildirishnomalar kiradi.