1902-yilgi Andijon zilzilasi

Andijon zilzilasi
40°48′ sh. k. 72°18′ sh. u.HGYO
Sana va vaqt 16-dekabr 1902
Андижанское землетрясение (Узбекистан)
Точка

Andijon zilzilasi — kuchli zilzila bo‘lib, 1902-yil dekabrida Turkistonda (Rossiya imperiyasi) sodir bo‘lgan.

Tavsif

3 (16) dekabr 1902 yili ertalab Andijonda zilzila sodir bo‘ldi. Uning magnitudasi 6,4 bo‘lib, bu Rixter shkalasi bo‘yicha qayd etilgan. Zilzila o‘chog‘i yer yuzasidan atigi o‘n kilometr chuqurlikda joylashgani sababli epitsentrda silkinish kuchi MSK-64 shkalasi bo‘yicha IX ballga yetgan. Zilzila ko‘plab aftershoklar bilan kechgan. Ularning eng kuchlisi 25-may 1904-yilda sodir bo‘lgan. Zilziladan oldin forshok kuzatilgan. Uni Toshkentdagi seysmik observatoriya 2-dekabr kuni soat 20 da qayd etgan. Bu silkinishga e’tibor berilmagan va tun osoyishta o‘tgan. 3-dekabr tongi sovuq va nam boshlangan, butun Farg‘ona vodiysini qalin tuman qoplagan. Andijonda odatdagi ish kuni boshlanayotgan edi: do‘konlar ochilib, bolalar o‘qishga, amaldorlar esa xizmatga shoshilayotgan edi. Soat 8 dan 45 daqiqa o‘tganda yer ostidan kuchli gumburlash eshitilib, tuproq oyoq ostida yuqoriga ko‘tarilib ketgan va yo‘laklarda ketayotgan odamlarni qatnov qismiga 2-3 qadam nariga uloqtirgan. Zilzila oqibatida «mahalliy turdagi» 11 mingta bino va «yevropacha turdagi» 161 ta bino vayron bo‘lgan. Yevropa me’morchiligi uslubidagi uchta bino — shahardagi pravoslav cherkovi, qamoqxona va shahar banki binosi saqlanib qolgan. Zilzila paytidagi yomg‘irli, sovuq va shamolli ob-havo tirik qolgan, ammo boshpanasiz qolgan odamlarning azob-uqubatini yanada oshirgan. Halok bo‘lganlar soni 4602 kishini tashkil etgan. Bu shahar va uning atrofidagi jami aholining qariyb 9 %i edi (1902-yil holatiga ko‘ra). Qurbonlar bundan ham ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin, biroq mahalliy aholi marhumlarning jasadlari yorib tekshirilishidan xavfsirab, ularni hokimiyatdan yashirgan. Davlat muassasalariga yetkazilgan zarar hisobga olinmaganda, moddiy talafot 12 million oltin rublga baholangan. O‘rta Osiyo temiryo‘li 106 ming rubl zarar ko‘rgan. Moskvadagi paxta matosi ishlab chiqaruvchi va yigiruv-to‘quv fabrikalariga mahsulot yetkazib beradigan o‘nta paxta zavodidan to‘qqiztasi vayron bo‘lgan.

Havolalar

Adabiyotlar

  • V. P. Volkov. Shahar fojiasi. Andijon zilzilasining 100 yilligi munosabati bilan // Andijon haqiqati. 17-dekabr, 2002-yil.