Yo‘ldosh yetishmovchiligi

Yo‘ldosh (bachadon-yo‘ldosh) yetishmovchiligi — homiladorlik davrida yo‘ldoshning homilaga yetarli miqdorda oziq moddalar yetkazib bera olmasligi va bu yo‘ldoshga qon oqimining yetarli bo‘lmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin. Ushbu atama ba’zan elektron monitoring yordamida o‘lchangan homila yurak urish tezligining kechikkan sekinlashuvini ham anglatadi, hatto yo‘ldoshga qon oqimining kamaygani haqida boshqa dalillar bo‘lmasa ham, bachadondagi qon oqimining me’yoriy tezligi 600 ml / min ni tashkil etadi.

Sabablari

Yo‘ldoshning quyidagi xususiyatlari yo‘ldosh yetishmovchiligi bilan bog‘liq deb hisoblanadi. Biroq ularning barchasi me’yoriy, sog‘lom yo‘ldoshlarda va muddatida tug‘ilgan sog‘lom chaqaloqlarda ham uchraydi. Shu sababli ularning hech biri yo‘ldosh yetishmovchiligini aniq tashxislash uchun qo‘llanmasligi kerak:

  • Me’yordan tashqari yupqa yo‘ldosh (1 sm dan kam)
  • Cheti halqasimon yo‘ldosh (me’yoriy yo‘ldoshlarning 1%)
  • Amnion hujayralarining metaplaziyasi (tugunchali amnion) (me’yoriy yo‘ldoshlarning 65% ida uchraydi)
  • Sinsitial tugunchalar sonining ortishi
  • Kalsifikatsiyalar
  • Qon tomirlarining o‘choqli yoki diffuz qalinlashuvi tufayli yuzaga kelgan infarktlar
  • Yo‘ldosh vorsinkalaridagi kapillyarlar vorsinkalar hajmining taxminan 50% ini egallashi yoki kapillyarlarning <40% i vorsinkalar chetida joylashishi

Yo‘ldosh yetishmovchiligini yo‘ldoshning to‘liq ajralishi bilan chalkashtirmaslik kerak. Bunda yo‘ldosh bachadon devoridan ajralib ketadi, natijada yo‘ldoshga qon kelishi darhol to‘xtaydi va bu homilaning zudlik bilan nobud bo‘lishiga olib keladi. Yo‘ldoshning yengil va/yoki to‘liq bo‘lmagan ajralishi (50% dan kam) kuzatilganda, homilador ayol tug‘ruqdan bir necha hafta oldin kasalxonaga yotqiziladi (homiladorlikni saqlab qolish uchun). Yo‘ldoshning qisman ajralishi tug‘ruq natijasiga har doim ham ta’sir qilmaydi, biroq kesarcha kesish.

Belgilari

Agar yo‘ldosh ajralgan qism kichik bo‘lsa, retroplatsentar gematoma hosil bo‘lgach, bachadon tomirlarida tromb hosil bo‘lishi mumkin va yo‘ldoshning keyingi ajralishi to‘xtaydi. Yo‘ldosh sezilarli darajada ajralganda, ko‘p qon ketganda va keng ko‘lamli retroplatsentar gematomada, oqib chiqqan qon bachadon devoriga singib ketishi mumkin, natijada uning qisqarish qobiliyati buziladi. Bu holat «Kuveler bachadoni» deb ataladi. Bu nom holatni birinchi bo‘lib ta’riflagan olim familiyasidan olingan.

Agar yo‘ldosh ajralishi uning chetiga yaqin joyda yuz bersa, qon homila pardalari bilan bachadon devori orasiga o‘tib, qin orqali tashqariga oqadi va bu tashqi qon ketishi sifatida namoyon bo‘ladi. Yo‘ldosh ajralishi bilanoq qon ketishi boshlanganida, qindan oqayotgan qon odatda och qizil rangda bo‘ladi; ajralishdan qon ketish boshlanguncha biroz vaqt o‘tsa, qon to‘q rangda va laxtalar bilan bo‘ladi.

Yo‘ldoshning muddatidan oldin ajralishi yengil shaklda kechishi mumkin. Bunda bemorning umumiy ahvoli ko‘pincha qoniqarli bo‘ladi, bachadon tonusi me’yorida yoki biroz taranglashgan bo‘ladi, homila yurak urishida buzilish kuzatilmaydi, qindan oz miqdorda qonli ajralma keladi.

Yo‘ldosh ajralishining og‘ir shakli, odatda, kuchli qon ketishi va sezilarli og‘riq bilan tavsiflanadi. Biroq qon yo‘ldosh bilan bachadon devori orasida to‘planib qolsa, tashqi qon ketishi kuzatilmasligi ham mumkin. Bachadonning yo‘ldosh joylashgan qismida retroplatsentar gematoma hosil bo‘lishi tufayli mahalliy shish paydo bo‘ladi va og‘riq yuzaga keladi; bu og‘riq tez kuchayib, asta-sekin bachadonning boshqa qismlariga tarqaladi.

Yo‘ldosh bachadonning orqa devorida joylashganida og‘riq tarqoq va noaniq bo‘ladi. Qon tashqariga oqib chiqqanda mahalliy og‘riqlilik kuchsiz bo‘lishi yoki umuman kuzatilmasligi mumkin. Bachadon taranglashadi, og‘riqli bo‘ladi va assimetrik shaklga kiradi. Qorin dam bo‘ladi; bemorda holsizlik, bosh aylanishi va qusish kuzatiladi. Teri sovuq, nam va oqarib ketgan bo‘ladi. Nafas olish tezlashadi, puls tezlashadi, arterial bosim pasayadi.

Yo‘ldosh ajralishi bilan bir vaqtda kuchayib borayotgan homilada kislorod yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘ladi. Retroplatsentar gematoma hajmi 500 ml yoki undan ko‘p bo‘lsa va/yoki ajralish maydoni 1/3 dan oshsa, homilaning nobud bo‘lish ehtimoli eng yuqori bo‘ladi.

Qon ketishi davom etib, yo‘ldosh ajralgan paytdan tug‘ruq yakunlanguniga qadar vaqt oralig‘i uzaygani sari, qon ivish tizimidagi buzilishlar kuchayadi. Oxir-oqibat qon umuman ivimay qoladi.

Davolash

Me’yorida joylashgan yo‘ldoshning muddatidan oldin ajralishida ko‘pincha kesarcha kesish amaliyoti qo‘llanadi.

Homiladorlik davrida va tug‘ruqning birinchi bosqichida yo‘ldoshning muddatidan oldin ajralishi yaqqol klinik belgilar bilan namoyon bo‘lsa, zudlik bilan tug‘ruqni yakunlash uchun kesarcha kesish operatsiyasi o‘tkaziladi, homiladorlik muddati va homilaning holatidan qat’i nazar. Kesarcha kesish operatsiyasida homila va yo‘ldosh chiqarib olingach, bachadon bo‘shlig‘i qon va laxtalardan tozalanadi, so‘ng bachadon mushaklarining holatini aniqlash maqsadida uning barcha devorlari sinchiklab ko‘zdan kechiriladi. Agar ular qonga singib ketgan bo‘lsa, bachadonni olib tashlash amalga oshiriladi, chunki u qon ketish manbai hisoblanadi. Agar yo‘ldosh ajralishi tug‘ruqning ikkinchi bosqichida yuz bersa va tabiiy tug‘ruq yo‘llari orqali tug‘ruqni tez yakunlash imkoniyati bo‘lsa, tug‘ruq akusherlik qisqichlarini qo‘yish yoki homilani vakuum-ekstraksiya qilish orqali yakunlanadi.

Havolalar

  1. ↑ Гипоплазия плаценты: классификация признаки патологии развития, эффективные терапевтические методы. Официальный сайт - "ГБУЗ Родильный дом № 2 г. Магнитогорск" (27 июля 2020). Дата обращения: 10 ноября 2020. Архивировано 11 ноября 2020 года.
  2. ↑ Brant, William E. The core curriculum, ultrasound (англ.). — Philadelphia: Lippincott Williams & Wilkins, 2001. — x, 524 pages p. — ISBN 0-683-30733-9, 978-0-683-30733-7.
  3. ↑ R. A. McCormack, D. A. Doherty, E. F. Magann, M. Hutchinson, J. P. Newnham. Antepartum bleeding of unknown origin in the second half of pregnancy and pregnancy outcomes (англ.) // BJOG: an international journal of obstetrics and gynaecology. — 2008-10. — Vol. 115, iss. 11. — P. 1451–1457. — ISSN 1471-0528. — doi:10.1111/j.1471-0528.2008.01856.x. Архивировано 17 ноября 2020 года.
  4. ↑ Мальцева И.П (недоступная ссылка — история). med2med.ru. Дата обращения: 10 ноября 2020.
  5. ↑ Преждевременная отслойка нормально расположенной плаценты - Макаров И.О. MEDISON.RU. Дата обращения: 11 ноября 2020. Архивировано 16 ноября 2020 года.