Uchdan uchgacha shifrlash (shuningdek, oxirgi nuqtalar orasidagi shifrlash; ingl. end-to-end encryption) — ma’lumotlarni uzatish usuli bo‘lib, bunda xabarlarni faqat o‘zaro muloqot qilayotgan foydalanuvchilar o‘qiy oladi. Shu tariqa, uchdan uchgacha shifrlash uchinchi shaxslarning kriptografik kalitlarga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Kalitlar almashinuvi
Kalitlar almashinuvi uchun simmetrik va asimmetrik algoritmlardan foydalanish mumkin. Uchdan uchgacha shifrlashda shifrlash kalitlari faqat o‘zaro muloqot qilayotgan tomonlarga ma’lum bo‘lishi kerak. Bu shartni bajarish uchun oldindan ulashilgan maxfiy kalit sxemasidan yoki, masalan, Diffi — Hellman protokolidan foydalanish mumkin. Ushbu protokol WhatsApp, Signal (standart holatda) va Telegram (maxfiy chatlarda) messenjerlarida qo‘llaniladi.
Hozirgi davrda qo‘llanilishi
Umumiy tamoyillar
Uchdan uchgacha shifrlash xabarning asl matnini faqat jo‘natuvchi va qabul qiluvchi ko‘ra olishini kafolatlaydi. Bu chatdagi ma’lumotlardan hatto ularni uzatuvchi serverlar ham foydalana olmasligini anglatadi.
Shifrlash va shifrni yechish foydalanuvchilarning oxirgi qurilmalarida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ma’lumotlar manziliga yetib borguncha shifrlangan holda qoladi. Shuning uchun uchdan uchgacha shifrlash ko‘pincha «nol darajali kirish» (zero access) yoki «mijoz tomonida shifrlash» (client-side encryption) deb ham ataladi. Biroq ma’lumot uzatilayotganda amalga oshiriladigan uchdan uchgacha shifrlashni ma’lumot saqlanayotganda mijoz tomonida bajariladigan shifrlashdan farqlash kerak.
Elektron pochta
Xabarlarni asinxron almashishning dastlabki standartlaridan biri SMTP protokolidir. Dastlab faqat elektron pochta xabarlarini uzatish uchun qo‘llangan bu protokolning ilk talqini uchdan uchgacha shifrlash orqali yozishmalar maxfiyligini ta’minlamagan. 1991-yilda Filipp Tsimmerman tomonidan elektron pochtani shifrlashga mo‘ljallangan dasturiy ta’minot to‘plami — PGP yaratildi. Ushbu dasturiy kutubxona butun dunyoda keng tarqaldi. Shu sababli ko‘plab kompaniyalar PGP bilan mos ishlaydigan o‘z dasturlarini yaratishga qiziqa boshladi. Shundan so‘ng, 1997-yilda IETF elektron pochtani uchdan uchgacha shifrlash standartlari to‘plamini yakuniy shakllantirdi va unga OpenPGP deb nom berildi. OpenPGP ochiq kodli dasturlarda, jumladan, Enigmail (Thunderbird uchun), shuningdek, mobil ilovalarda, masalan, iOS uchun IPGMail va Android uchun Openkeychain kalitlarni boshqarish tizimida hamda boshqa dasturlarda qo‘llaniladi.
1999-yilda Erkin dasturiy ta’minot jamg‘armasi OpenPGP’ning GnuPG deb nomlangan talqinini ishlab chiqdi. U OpenPGP spetsifikatsiyasidagi standartlarga mos keladi va erkin dasturiy ta’minot sifatida PGP’ni qo‘llab-quvvatlovchi ko‘pgina zamonaviy ilovalarga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Messenjerlar va chatlar
Xabarlar asinxron almashinadigan elektron pochtadan farqli ravishda, tezkor xabar almashish tizimlari dastlab ma’lumotlarni sinxron uzatgan. Biroq bugungi kunda ko‘plab messenjerlar xabarlarni asinxron yetkazib berishni ham qo‘llab-quvvatlaydi. So‘nggi vaqtlarda bunday tizimlar elektron pochta dasturlaridan ham ommalashib bormoqda, chunki ular videolar, fayllar va ovozli xabarlarni uzatishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.
1998-yilda Jeremi Miller tomonidan keyinchalik XMPP nomini olgan Jabber loyihasini ishlab chiqish boshlandi. XMPP mijoz va serverlar ishtirok etadigan taqsimlangan tarmoqda tuzilgan ma’lumotlarni asinxron almashish hamda foydalanuvchining tarmoqda borligi haqida bildirishnomalar yuborish imkonini beruvchi texnologiyadir. Xavfsizlikni oshirish uchun protokolning yangi spetsifikatsiyalariga uchdan uchgacha shifrlashni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati qo‘shilishi ko‘zda tutilgan. Chunki hozirda XMPP orqali uzatiladigan ma’lumotlar standart holatda shifrlanmaydi, garchi unda o‘rnatilgan SASL va TLS protokollaridan foydalanilsa ham. IETF ishlab chiqqan XMPP protokolining ochiq standarti dastlab ko‘plab tezkor xabar almashish tizimlarida qo‘llangan. Shulardan biri — Google Talk..
Ushbu OTR protokoli 2004-yilda chiqarilgan bo‘lib, uchdan uchgacha shifrlashni ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan XMPP kengaytmasidir. U PGP’dan farqli ravishda foydalanuvchilarga bildirishnoma ham taqdim etadi; bu bildirishnomadan keyinchalik aloqa o‘rnatilgani va ishtirokchilar shaxsi aniqlangani haqidagi qayd sifatida foydalanish mumkin. OTR’ni ma’lum ma’noda PGP’ning xavfsizlik jihatidan takomillashtirilgan shakli deyish mumkin, chunki u qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan uzoq muddatli ochiq kalitlarni saqlamaydi. OTR’ning kamchiliklari qatoriga guruhli chatlar va asinxron xabar almashinuvini qo‘llab-quvvatlamasligi kiradi: u ikki kishi o‘rtasida sinxron xabar almashish uchun mo‘ljallangan.
Bir qator zamonaviy messenjerlarda shifrlash uchun ishlatiladigan protokol — Signal protokoli.
Muammolar
«O‘rtadagi odam» hujumi
Uchdan uchgacha shifrlash yozishmalar ustidan nazorat bevosita foydalanuvchilarda bo‘lishini nazarda tutadi. Bunday shifrlashni chetlab o‘tish usullaridan biri — tajovuzkorning aloqa kanalini ikki oxirgi nuqta orasida o‘z nazoratiga olishi. Shundan keyin u, masalan, ochiq kalitni almashtirish uchun o‘zini xabar qabul qiluvchisi sifatida ko‘rsatishga urinishi mumkin. O‘zini fosh qilmaslik uchun tajovuzkor xabarni shifrdan chiqargach, uni haqiqiy qabul qiluvchi bilan ulashilgan kalit yoki uning ochiq kaliti (asimmetrik tizimlarda) yordamida qayta shifrlab, yana yuborishi mumkin. Bu turdagi hujumlar «o‘rtadagi odam» hujumlari — MITM (Man-in-the-Middle) deb ataladi.
MITM hujumlarining oldini olish uchun aksariyat kriptografik protokollar autentifikatsiyadan foydalanadi. Buning uchun, masalan, sertifikatlash markazlaridan foydalanish mumkin. Muqobil usul — ochiq kalitlarning raqamli izlarini foydalanuvchilarning hammaga ochiq kalitlari yoki umumiy maxfiy kalitlari asosida yaratish. Suhbatni boshlashdan oldin tomonlar kalitlarining raqamli izlarini tashqi aloqa kanali orqali taqqoslaydi. Bu kanal aloqaning yaxlitligi va haqiqiyligini kafolatlashi kerak, biroq maxfiy bo‘lishi shart emas. Agar kalitlarning raqamli izlari bir xil bo‘lsa, demak, «o‘rtadagi odam» hujumi sodir etilmagan.
Oxirgi qurilmalar xavfsizligi
Uchdan uchgacha shifrlashni chetlab o‘tishning yana bir yo‘li — bevosita aloqa oxirgi nuqtalariga hujum qilish. Foydalanuvchining har bir qurilmasini buzib kirish orqali kriptografik kalitni o‘g‘irlash («o‘rtadagi odam» hujumini uyushtirish uchun) yoki foydalanuvchilarning shifri yechilgan xabarlarini o‘qish mumkin. Bunday buzib kirishlarning oldini olish uchun foydalanuvchi qurilmalarini dasturiy yoki boshqa usullar yordamida tegishli darajada himoyalash zarur. Oxirgi qurilmalar xavfsizligini oshirishga qaratilgan asosiy urinishlar kalitlarni yaratish, saqlash va kriptografik amallarni alohida smart-kartaga o‘tkazishdan iborat bo‘lgan. Bunga Google kompaniyasining Project Vault loyihasi misol bo‘la oladi. Shunga qaramay, ochiq matnni kiritish va chiqarish tizimda ko‘rinib turgani sababli, bu yondashuvlar klaviatura orqali kiritilgan ma’lumotlarni yashirin qayd etuvchi dasturlar (keyloggers) va suhbatlarni real vaqt rejimida kuzatadigan zararli dasturiy ta’minotdan himoyalay olmaydi. Yanada ishonchli yondashuv — qurilmani jismoniy izolyatsiya qilish.
Yashirin kirish yo‘llari (backdoors)
Kompaniyalar o‘z tashabbusi bilan yoki majburlov ostida dasturiy ta’minotiga yashirin kirish yo‘llarini (backdoors) joylashtirishi mumkin. Ular kalitni kelishish jarayonini buzish yoki shifrlashni chetlab o‘tish imkonini beradi. Edvard Snouden 2013-yilda oshkor qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Skype dasturida Microsoft kompaniyasiga foydalanuvchilar xabarlarini AQSH Milliy xavfsizlik agentligiga (NSA) uzatish imkonini beradigan yashirin kirish yo‘li bo‘lgan. Bu xabarlar rasman uchdan uchgacha shifrlangan deb e’lon qilinganiga qaramay, shunday imkoniyat mavjud bo‘lgan.