Tarmoq trafigi nima

Tarmoq trafigi, yoki internet-trafigi (ingl. traffic — «harakat», «yuk aylanmasi»), — muayyan vaqt oralig‘ida kompyuter tarmog‘i orqali uzatiladigan axborot hajmi. Trafik miqdori paketlarda, shuningdek, bitlarda, baytlarda va ularning hosila birliklarida: kilobayt (KB), megabayt (MB) va hokazolarda o‘lchanadi.

Trafik quyidagi turlarga bo‘linadi:

  • chiquvchi (tashqi tarmoqqa uzatiladigan axborot);
  • kiruvchi (tashqi tarmoqdan qabul qilinadigan axborot);
  • ichki (muayyan tarmoq doirasidagi, ko‘pincha lokal tarmoqdagi);
  • tashqi (muayyan tarmoq chegarasidan tashqaridagi, ko‘pincha internet-trafigi).

Tarmoq trafigini hisoblaydigan dasturlar: TMeter, BWMeter, NetWorx, DU Meter, NetTraffic, NetBalancer.

Internet trafigi manbalari

Britaniyaning SimilarWeb kompaniyasi tahlilchilari 2015-yil aprelida e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, dunyodagi internet trafigining eng katta qismini brauzer orqali veb-saytlarga bevosita kirishlar (43,4%) tashkil etadi. Ulardan keyin qidiruv tizimlari (27,8%) turadi, boshqa resurslardagi havolalar orqali o‘tishlar esa yana 21,13% ulushga ega. Ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘tishlarning ulushi nisbatan kichik — 5,8%, elektron pochtadan va turli reklamalardan keladigan o‘tishlar ulushi esa 1% dan sal ko‘proqni tashkil etadi.

Mamlakatlar bo‘yicha tarmoq trafigi

Turli mamlakatlar aholisining internet trafigini shakllantirishdagi ulushi sezilarli darajada farq qiladi. SimilarWeb mutaxassislari 2015-yil aprelida e’lon qilgan reytingga ko‘ra, AQSh (25,05%), Buyuk Britaniya (5,51%) va Rossiya Federatsiyasi (5,05%) internet trafigini shakllantirish bo‘yicha dunyodagi uchta yetakchi mamlakat hisoblanadi. Birinchi o‘ntalikka, shuningdek, Braziliya (4,4%), Fransiya (3,9%), Germaniya (3,5%), Hindiston (3,4%), Kanada (3,2%), Yaponiya (2,6%) va Turkiya (2,5%) ham kirdi. Internet trafigining Xitoy Xalq Respublikasidan keladigan qismi dunyodagi bir qator omma uchun ochiq internet resurslaridan foydalanishga qo‘yilgan amaldagi cheklovlar tufayli hisobga olinmagan.