Toshkent aglomeratsiyasi

Toshkent aglomeratsiyasi — eng yirik shahar aglomeratsiyasi hisoblanadi. U O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bo‘lib, aholisi 5.5 million kishidan ortiq. Aglomeratsiyaning umumiy maydoni — 6,4 ming km². U O‘zbekistondagi mavjud beshta aglomeratsiya ichida eng rivojlangani va aholisi eng ko‘p bo‘lganidir. Aglomeratsiya O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismidan ortig‘ini ta’minlaydi[1408 kundan beri manba ko‘rsatilmagan]. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon mamlakatdagi aglomeratsiya jarayonlarini o‘rganish rasmiy aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlari yo‘qligi sababli qiyinlashmoqda. So‘nggi yillarda, Islom Karimov vafotidan keyin, asosan viloyatlardan Toshkentga ko‘plab odamlar ko‘chib kelishi hisobiga aglomeratsiya aholisi tez sur’atlarda ko‘paymoqda.

Xususiyatlari

Aglomeratsiya SSSR davrida shakllangan va ittifoq parchalanganda olimlar tomonidan «yuqori darajada rivojlangan» deb tasniflangan. Xuddi shu toifaga Kiyev, Xarkov, Boku, Lvov, Dnepropetrovsk va Minsk shaharlarining aglomeratsiyalari ham kirgan. Markaziy Osiyo respublikalari orasida Toshkent aglomeratsiyasi 2016-yilda birinchi o‘rinni egallagan, Qozog‘istonda joylashgan Olmaota aglomeratsiyasi esa aholi soni jihatidan unga yaqinlashmoqda. Toshkent aglomeratsiyasining hududiy kengayishi shunisi bilan ajralib turadiki, u janubda keng asosga ega, Chorvoqdan Sirdaryogacha cho‘zilgan uchburchak shaklidagi Toshkent vohasi hududini egallaydi. Aglomeratsiya asosan janubga tomon kengaymoqda, chunki voha shimolda baland tog‘ tizmasi bilan chegaralangan. Uning yana bir xususiyati chegaraga yaqinligidir: o‘tmishda Toshkent aglomeratsiyasi o‘z ta’sirini Qozog‘istonning Turkiston viloyati chegaraoldi hududlariga faol yoygan. SSSR parchalangach, bu aloqalar zaiflashgan, ammo Toshkentning chegaraga juda yaqinligi (3—5 km) tufayli butunlay yo‘qolmagan. Aglomeratsiyaning markazi — Toshkent, uning aholisi 3,1 million kishidan ortiq. Eng yirik yo‘ldosh shahar — Chirchiq. Chirchiq va Yangiyo‘l birgalikda aglomeratsiyaning tashqi hududlaridagi (Toshkentning o‘zini hisobga olmaganda) sanoat ishlab chiqarishining 64% ini ta’minlaydi.[2365 kundan beri manba ko‘rsatilmagan]

Tarkibi

Eng yirik yo‘ldosh shaharlar: G‘azalkent, Keles, Nurafshon, Chinoz, Chirchiq, Yangiyo‘l. Toshkent aglomeratsiyasi yarim agrar xususiyatini saqlab qolgan ko‘plab aholi punktlari mavjudligi bilan ajralib turadi. Shuningdek, aglomeratsiya tarkibida 15 ta shaharcha va 637 ta qishloq aholi punkti mavjud. 2001-yilda aglomeratsiya hududi 6,4 ming km² ni tashkil etgan, qishloq aholisi ulushi esa 26% (771,5 ming kishi, jami 2 963 ming kishidan) bo‘lgan.