Toj massasining otilib chiqishi

Quyosh tojidan massa otilib chiqishining bir joyda yuz bergan, odatdagidan tor oqimini aks ettiruvchi dinamik tasvir (STEREO (Behind) kosmik apparati tomonidan olingan)
Quyosh toji massasining otilib chiqishi (tezligi 1450 km/s dan ortiq), «Quyosh dinamikasi observatoriyasi» tomonidan 31-avgust 2012-yilda qayd etilgan. 3-sentabrda Yerga yetib kelib, qutb yog‘dusini yuzaga keltirgan.

Toj massasining otilib chiqishi — moddaning otilib chiqish hodisasi bo‘lib, uning manbai yulduz toji hisoblanadi. Toj massasining otilib chiqishini Yer sirtidan kuzatish qiyin. Aftidan, toj massasining otilib chiqishi ko‘rinadigan yorug‘lik to‘lqinlari diapazonida ilk bor 1970-yillarning boshida koronograf yordamida kuzatilgan. Ushbu asbob yettinchi orbital Quyosh observatoriyasiga o‘rnatilgan edi. SMM stansiyasi 1980-yilda bu hodisani o‘rganishni davom ettirdi.

Ushbu ikki stansiyadan ma’lumotlar olinmaguniga qadar hech kim toj massasining otilib chiqishi shu qadar muhim va keng tarqalgan hodisa ekanini anglamagan edi.

Koronografning to‘suvchi diski Quyoshning yorqin diskini asbobning ko‘rish maydonidan chiqarib tashlagani sababli koronograf yordamida Quyosh sirtidagi toj massasining otilib chiqish manbaini kuzatib bo‘lmaydi. Shuning uchun uning ehtimoliy manbai to‘g‘risidagi taxminlar boshqa to‘lqin diapazonlarida ishlaydigan asboblarning kuzatuvlariga asoslanadi. Ushbu asosiy qiyinchilik tufayli ayrim hollarda Yer yaqinidagi sun’iy yo‘ldoshdan olingan kuzatuvlar asosida otilib chiqqan moddaning harakat yo‘nalishini, ya’ni u Yer tomon harakatlanayotganini yoki Yerdan uzoqlashayotganini aniqlab bo‘lmaydi. Ushbu qiyinchilikni bartaraf etish uchun hozirgi[qachon?] vaqtda STEREO loyihasining Yer orbitasi bo‘ylab bir-biridan katta burchak masofasida joylashtirilgan ikkita kosmik apparatidan foydalaniladi.

Quyosh faolligi maksimumlarida toj massasining otilib chiqish chastotasi bir sutkada uch martagacha yetadi, Quyosh tinch bo‘lgan davrlarda esa bu chastota 5 sutkada bir martagacha kamayishi mumkin.

Toj massasining otilib chiqishidan farqli o‘laroq, Quyosh chaqnashlari vaqtida Quyoshning faol sohalarida to‘plangan magnit energiyasi asosan elektromagnit nurlanish shaklida ajralib chiqadi, toj massasining otilib chiqishi vaqtida esa bu energiya ulkan modda massalarini tezlashtirishga sarflanadi. Faqat Quyosh diskidan tashqarida (koronografning to‘suvchi diskidan tashqarida) kuzatish mumkin bo‘lgan toj massasining otilib chiqishi ko‘pincha Quyosh diskida kuzatiladigan Quyosh chaqnashlari bilan taqqoslanadi. Bunday taqqoslash bir ma’noli natija bermagani sababli ushbu hodisalar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida 2 ta nuqtayi nazar mavjud. Avvalroq shakllangan nuqtayi nazarga ko‘ra, toj massasining otilib chiqishi va Quyosh chaqnashlari bir jarayonning turli ko‘rinishlaridir. Ikkinchi nuqtayi nazarga ko‘ra, bu hodisalar umumiy energiya manbaiga ega bo‘lishi mumkin. Agar manbada to‘plangan energiya 2 ta hodisaning yuz berishi uchun yetarli bo‘lsa, ular vaqt va makon jihatidan bir-biriga yaqin oraliqlarda sodir bo‘ladi. Biroq toj massasining otilib chiqishi Quyosh diskida hech qanday hodisa, jumladan, Quyosh chaqnashlari sodir bo‘lmagan holda ham qayd etilgan bir qator kuzatuvlar mavjud.

Otilib chiquvchi modda tarkibiga plazma kiradi. U asosan elektronlar va protonlardan, shuningdek, oz miqdordagi og‘irroq elementlar — geliy, kislorod va boshqalardan iborat. Ba’zi ionlarning ionlanish darajasi ko‘pincha atrofdagi tinch holatdagi toj plazmasidagiga nisbatan pastroq bo‘ladi (masalan, bir marta ionlangan geliy atomlari). Bu otilib chiqqan modda massasining katta qismi harorati pastroq sohalardan, ya’ni xromosfera sathidan tezlashtirilishi mumkinligidan dalolat beradi. Otilib chiqishning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, uning umumiy topologiyasi ulkan halqa shaklida bo‘ladi. Halqaning ikkala asosi yoki bitta asosi Quyosh atmosferasiga tutashgan bo‘ladi. Otilib chiqqan moddadagi magnit maydon, odatda, tinch holatdagi Quyosh shamoliga nisbatan kuchliroq bo‘lib, bir-biriga o‘ralgan magnit kuch chiziqlari tutamidan iborat. Har bir toj massasi otilib chiqishida 10 milliard tonnagacha modda bo‘lishi mumkin. U kosmosda o‘rtacha sekundiga 400 km tezlikda harakatlanadi (tez otilib chiqishlarda — 2000 km/s gacha). Agar otilib chiqqan modda Yer tomon yo‘nalgan bo‘lsa, sayyoramizga bir-uch kun ichida yetib keladi. Tezkor toj massasi otilmalari sekinroq harakatlanadigan odatiy Quyosh shamoli orasidan o‘tganda unda kuchli zarba to‘lqinlarini hosil qiladi.

Shuningdek, sayyoralararo fazoda toj massasining otilib chiqishi ham farqlanadi. Bunday otilib chiqishning turlaridan biri magnit bulutidir. Otilib chiqqan modda Yerga yetib kelganida, uning magnitosferasiga kuchli ta’sir ko‘rsatib, turli kosmik ob-havo hodisalarini yuzaga keltirishi mumkin. Ehtimoliy ta’sirlar qatoriga — qutb yog‘dulari, magnit bo‘ronlari, elektr jihozlari ishining buzilishi va tarqalish sharoitining yomonlashuvi (radioto‘lqinlar) kiradi.

Toj massasining otilib chiqishi uzib yuborayotgan dum Enke kometasiga tegishli

Adabiyotlar

Havolalar