| Uhud jangi | |||
|---|---|---|---|
| | |||
| Sana | 625 | ||
| Joy | Tog‘ yaqinida: Uhud, Madina | ||
| Natija | Qurayshiylar g‘alabasi | ||
| Qarama-qarshi tomonlar | |||
|
|
|||
| Qo‘mondonlar | |||
|
|||
| Tomonlarning kuchlari | |||
|
|||
| Yo‘qotishlar | |||
|
|||
|
|
|||
Uhud (Ohud) jangi (arabcha غزوة أحد, transliteratsiyasi: Ġazwat ʾUḥud) 23-mart kuni, 625-yilda (7 shavvol, hijriy 3 yil) Uhud tog‘i yaqinida, Madina shahri atrofida, musulmonlar ummati — payg‘ambar Muhammad boshchiligidagi Madina qo‘shini bilan qurayshiylarning Abu Sufyon boshchiligidagi qo‘shini (Makka) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Uhud jangi qasos olish uchun qurayshiylarning javob jangi bo‘ldi; ular Badr jangida musulmonlardan mag‘lub bo‘lgan edi — 624-yilda.
Jangdan oldingi voqealar
Payg‘ambar Muhammad targ‘ib qilgan yangi din dastlab Makkada mahalliy aholining qarshiligiga uchramagan. Bu hol payg‘ambar ularning ko‘pxudolik e’tiqodlariga qarshi chiqquniga qadar davom etgan.
624-yil mart oyida Muhammad Abu Sufyon boshchiligidagi, G‘azodan Makkaga qaytayotgan yirik Quraysh karvoni yaqinlashayotganidan xabar topdi. Ibn Ishoqning yozishicha, karvonda taxminan 1000 ta tuya bo‘lib, qiymati qariyb 50 000 dinorga teng mol olib ketilayotgan edi. Muhammad karvonning yo‘lini to‘sishga qaror qildi.
Abu Sufyon musulmonlarning rejalaridan xabar topgach, yo‘nalishni o‘zgartirdi va yordam so‘rab Makkaga chopar yubordi. Makkaliklar taxminan 950–1000 kishilik qo‘shin to‘plab, Badr tomon yo‘l oldilar, musulmonlar otryadi esa qariyb 313 kishidan iborat edi.
Shundan keyingi jangda musulmonlar g‘alaba qozondilar. Dunyoviy tarixchilar buni taktik omillar: suv manbalarining egallanishi, musulmonlarning intizomi va ruhiy tayyorgarligi, shuningdek, makkaliklar o‘rtasida birdamlik bo‘lmagani bilan izohlaydilar.
Islomiy an’anada g‘alaba ilohiy aralashuv natijasi deb qaraladi. Qur’onda (8:17) shunday deyiladi: «Ularni siz o‘ldirmadingiz, balki Alloh o‘ldirdi. Sen bir hovuch qum otganingda uni sen otmading, balki Alloh otdi, mo‘minlarni O‘z tomonidan go‘zal sinov bilan sinash uchun. Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir». Musulmon tarixchilari (masalan, Ibn Kasir) Badr jangini Allohning payg‘ambar Muhammad va mo‘minlar jamoasini qo‘llab-quvvatlaganining dalili deb biladilar.
Bu mag‘lubiyat Makka aholisi uchun falokat bo‘ldi. Nufuzli mushriklar, jumladan, Amr ibn Hishom halok bo‘ldi. Muhammad uchun esa bu g‘alaba keng shuhrat keltirdi. U ushbu g‘alabadan o‘zining payg‘ambarlik maqomini isbotlash uchun foydalandi. Uni qo‘llab-quvvatlagan va uning bosqinlarida qatnashgan kishilar soni tobora ortib bordi. Abu Sufyon Quraysh yetakchisining vorisi etib saylangach, qasos olishga qasam ichdi. Bir necha oy o‘tib u Madina tomon 200 kishilik otryad bilan yo‘l oldi.
Shundan so‘ng musulmonlar bilan makkaliklar o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berdi. Bir necha oy o‘tgach, Abu Sufyon 3000 dan ortiq kishilik qo‘shin to‘pladi. Bundan maqsad musulmonlardan qasos olish edi, bunga sabab esa Badr jangi bo‘lgan.
Jang
Muhammadning otryadi 700 kishidan iborat edi. Muhammad bilan birga Hamza ibn Abdulmuttalib va Ali ibn Abu Tolib ham yetakchilik qilgan. Makkaliklarning yetakchilari Abu Sufyon ibn Harb, Xolid ibn Valid va Ikrima ibn Amr edi.
Dastlab musulmonlar makkaliklarni chekinishga majbur qildilar, ammo musulmonlarning bir qismi yo‘l qo‘ygan jiddiy xato jang natijasini belgilab berdi. Muhammadning buyrug‘iga zid ravishda musulmon kamonchilar o‘z joylarini tark etdilar. Tajribali jangchi Xolid ibn Valid boshchiligidagi Makka otliq qo‘shinining kutilmagan hujumi musulmonlar orasida tartibsizlik keltirib chiqardi. Ko‘plab musulmonlar halok bo‘ldi, hatto Muhammadning o‘zi ham yaralandi.
Qayd etilishicha, Ali ibn Abu Tolib Xolidning otliq qo‘shini hujumlarini qaytargan yagona kishi bo‘lib qolgan. Ibn Asirning so‘zlariga ko‘ra, Muhammad «har tomondan Quraysh qo‘shinining turli bo‘linmalari hujumiga uchradi. Ali Muhammadning buyrug‘iga binoan unga hujum qilgan har bir bo‘linmaga qarshi hujumga o‘tdi va ularni tarqatib yubordi yoki ayrimlarini o‘ldirdi; Uhudda bu hol bir necha bor takrorlandi».
Musulmonlar jang maydonini tark etib, Uhud tog‘iga qochishga majbur bo‘ldilar. Payg‘ambarning amakisi Hamza ibn Abdulmuttalib shu jangda halok bo‘ldi. Musulmonlar 70 kishini, Makka qo‘shini esa 45–50 kishini yo‘qotdi.
Adabiyotlar
- Robinson, C. F. Uhud // Encyclopaedia of Islam / P.J. Bearman, Th. Bianquis, C.E. Bosworth, E. van Donzel and W.P. Heinrichs. — Brill Academic Publishers.
- Vacca, V. Nadir, Banu-l // Encyclopaedia of Islam / P.J. Bearman, Th. Bianquis, C.E. Bosworth, E. van Donzel and W.P. Heinrichs. — Brill Academic Publishers.
- Сира Ибн Хишама
- Жизнеописание посланника Аллаха Сафи ар-Рахмана аль-Мубаркфури
- Andrae, Tor; Menzel, Theophil. Mohammed: The Man and His Faith. — New York: Harper Torchbook, 1960.
- Firestone, Rueven. Jihad: The Origin of Holy War in Islam (англ.). — Oxford University Press, 1999.
- Holt, P. M.; Bernard Lewis. Cambridge History of Islam, Vol. 1A. — Cambridge University Press, 1977a.
- I. Ishaq and A. Guillaume. The Life of Muhammad (англ.). — Oxford University Press, USA; New Impression edition, 2002.
- Muir, William; Weir, T. H. The Life of Mohammad. — Edinburgh: John Grant, 1912.
- Nafziger, George F.; Walton, Mark W. Islam at War: a history. — Westport, CT: Praeger, 2003.
- Peters, F.E. Muhammad and the Origins of Islam. — Albany: State University of New York Press, 1994.
- Watt, M Montgomery. Muhammad: Prophet and Statesman (англ.). — United Kingdom: Oxford University Press, 1974.
- Watt, M Montgomery. Muhammad at Medina (англ.). — Oxford University Press; New Ed edition, 1981.