Sitologiya haqida

Rasm: Robert Guk tomonidan mikroskopda ko‘rilgan po‘kak to‘qimasi kesimining chizilgan tasviri («Micrographia» kitobidan, 1664-yil)

Sitologiya (qadimgi yunoncha κύτος — «hujayra» va λόγος — «ta’limot», «fan» so‘zlaridan) — biologiyaning tirik hujayralarni, ularning organellalarini, tuzilishi va faoliyatini, shuningdek bo‘linish, qarish va nobud bo‘lish jarayonlarini o‘rganuvchi bo‘limi.

Boshqa nomlari: «hujayraviy biologiya», «hujayra biologiyasi» (inglizcha cell biology).

Sitologiyaning paydo bo‘lishi va rivojlanishi

Atama sifatida «hujayra» so‘zini birinchi bo‘lib Robert Guk 1665-yilda kattalashtiruvchi linzalar yordamida po‘kak tuzilishini o‘rganish bo‘yicha kuzatishlarini bayon etayotganda ishlatgan. 1674-yilda Antoni van Levenguk hujayra ichidagi moddaning muayyan tartibda tuzilganini aniqladi. U birinchi bo‘lib hujayra yadrolarini kashf etdi, shuningdek, ilk bor eritrotsitlarni, bir hujayrali organizmlarni, spermatozoidlarni va bakteriyalarni tasvirlab berdi. Olimlar Marchello Malpigi va Neemiya Gryu XVIII asr oxirida o‘simliklarning hujayraviy tuzilishiga oid ma’lumotlarni tizimlashtirib, «to‘qima» atamasini ilmga kiritdilar. Nemis fiziologi Kaspar Fridrix Volf hujayraning organizmlar o‘sishi va rivojlanishidagi asosiy birlik ekanini asoslab berdi.

1830-yillarda yanada takomillashgan mikroskoplar paydo bo‘lishi bilan hujayrani o‘rganish jadallashdi. 1838—1839-yillarda botanik Matias Shleyden va anatom Teodor Shvann deyarli bir vaqtda organizmlarning hujayraviy tuzilishi haqidagi g‘oyani ilgari surdilar. T. Shvann «hujayra nazariyasi» atamasini taklif etib, ushbu nazariyani ilmiy jamoatchilikka taqdim qildi. Sitologiyaning vujudga kelishi hujayra nazariyasining yaratilishi bilan chambarchas bog‘liq. Bu nazariya biologiyadagi eng keng qamrovli va fundamental umumlashmalardan biridir. Unga ko‘ra, barcha o‘simlik va hayvonlar o‘xshash birliklar — hujayralardan tashkil topgan bo‘lib, ularning har biri tiriklikka xos barcha xususiyatlarga ega.

Hujayra nazariyasiga kiritilgan eng muhim qo‘shimchalardan biri mashhur nemis tabiatshunosi Rudolf Virxovning har bir hujayra boshqa bir hujayraning bo‘linishi natijasida hosil bo‘lishi haqidagi fikri bo‘ldi.

1870-yillarda eukariotlar hujayralari bo‘linishining ikki turi aniqlanib, keyinchalik ular mitoz va meyoz deb ataldi. Oradan atigi 10 yil o‘tib, bo‘linishning ushbu turlariga xos genetika uchun muhim xususiyatlar aniqlandi. Mitozdan oldin xromosomalar ikki hissa ko‘payishi hamda qiz hujayralarga teng taqsimlanishi, buning natijasida qiz hujayralardagi xromosomalar soni avvalgidek saqlanishi aniqlandi. Meyozdan oldin ham xromosomalar soni ikki hissa ortadi, ammo uning birinchi (reduksion) bo‘linishida ikki xromatidali xromosomalar hujayraning qarama-qarshi qutblariga ajralib ketadi. Natijada gaploid to‘plamli hujayralar hosil bo‘ladi va ulardagi xromosomalar soni ona hujayradagiga nisbatan ikki baravar kam bo‘ladi. Bir turga mansub hayvonlarning barcha somatik hujayralarida xromosomalarning soni, shakli va o‘lchamlari, ya’ni kariotip, bir xil ekanligi, gametalarda esa xromosomalar soni ikki baravar kamligi aniqlandi. Keyinchalik ushbu sitologik kashfiyotlar irsiyatning xromosoma nazariyasiga asos bo‘ldi. Bu sohada muhim hissa qo‘shgan olimlar — Karl Rabl va Teodor Boveri.

Klinik sitologiya

Klinik sitologiya ham gistologiya singari morfologik tashxislash usuli hisoblanadi. Hozirgi vaqtda klinik sitologiya asosan onkologik kasalliklarni tashxislash bilan shug‘ullanadi. Bu yo‘nalish quyidagi fanlar doirasida ham o‘rganiladi: gistologiya, patologik anatomiya, mikrobiologiya va biokimyo.