Sezgi organlari

Sezgi organlari — o‘z retseptorlari yordamida atrof-muhitdan hamda organizmning boshqa organlaridan, ya’ni tashqi va ichki muhitdan axborot olish va uni dastlabki tahlil qilishni ta’minlaydigan ixtisoslashgan anatomik-fiziologik tizim.

Sezgi organlarining ayrimlari ta’sirlarni masofadan turib sezadi (ko‘rish, eshitish va hid bilish organlari), boshqalari (ta’m bilish va teginishni sezish organlari) — faqat bevosita aloqa qilganda sezadi.

Ayrim sezgi organlari boshqalarining faoliyatini ma’lum darajada to‘ldirishi mumkin. Masalan, yaxshi rivojlangan hid bilish yoki teginishni sezish qobiliyati sust rivojlangan ko‘rish (ko‘zlar) yoki hid bilish (burun) qobiliyatining o‘rnini ma’lum darajada qoplashi mumkin.

Odamning sezgi organlari

Odamning bosh miyasi sezgi organlaridan oladigan axborot uning atrof-muhitni va o‘zini idrok etishini shakllantiradi.

Odam beshta asosiy sezgi organi orqali axborot oladi:

  1. Ko‘zlar (ko‘rish).
  2. Quloqlar (eshitish).
  3. Til (ta’m bilish).
  4. Burun (hid bilish).
  5. Teri (teginishni sezish).

Ba’zan ushbu ro‘yxatga yana bir sezgi organi ham qo‘shiladi.

  1. Vestibulyar apparat (muvozanat).

Odamning sezgi organlaridagi retseptorlarga ta’sir qiluvchi qo‘zg‘atuvchilar haqidagi axborot markaziy nerv tizimiga uzatiladi. U kelayotgan axborotni tahlil qiladi va aniqlaydi (sezgilar paydo bo‘ladi). Keyin javob signali hosil bo‘ladi va u nervlar orqali organizmning tegishli organlariga uzatiladi.

Tashqi sezgilar 6 turga bo‘linadi (harakat faoliyati — motorika uchun alohida sezgi organi mavjud emas, ammo u sezgilarni yuzaga keltiradi). Odam 6 turdagi tashqi sezgini his qilishi mumkin: ko‘rish, eshitish, hid bilish, taktil (teginishni sezish), ta’m bilish va kinestetik (tana harakatini sezish) sezgilari.

Odamda sezgi organlaridan axborot o‘tkazuvchi yo‘llar — markaziy nerv tizimining vestibulyar, eshitish, ko‘rish, hid bilish, teginishni sezish va ta’m bilish yo‘llaridir.

Hayvonlarning sezgi organlari

Tuban organizmlarda tashqi ta’sirlarga (yorug‘lik, harorat, kimyoviy moddalar va boshqa qo‘zg‘atuvchilarga) javob reaksiyasi odatda maxsus organlar bilan emas, balki tirik moddaning umumiy xususiyati — ta’sirlanuvchanlik bilan bog‘liq.

Yuksak organizmlarda axborotni muayyan tabiatdagi signallarni qabul qilishga moslashgan ixtisoslashgan sezgi organlari qabul qiladi va uzatadi.

Evolyutsiya jarayonida hayvonlarda ularning yashash tarziga xos sezgi organlari shakllangan, jumladan, quyidagi sezish qobiliyatlari rivojlangan: elektroretsepsiya (elektr maydonini sezish), bosimni sezish, termoretsepsiya (haroratni sezish), magnitoretsepsiya (magnit maydonini sezish).

Adabiyotlar