| Spondilyoz | |
|---|---|
| | |
| KXT-10 | M47 |
| KXT-10-KM | M47 va M47.9 |
| KXT-9-KM | 721.9 va 721.3 |
| OMIM | 184300 |
| DiseasesDB | 12323 |
| MedlinePlus | 000436 |
| MeSH | D055009 |

Spondilyoz (spondylosis; yunoncha «spondylos» — umurtqa; sinonimi: deformatsiyalovchi spondilyoz) — involyutsion jarayon bo‘lib, anatomik tuzilmalarning asta-sekin yeyilishi va qarishi bilan tavsiflanadi. Bu jarayon umurtqa pog‘onasida quyidagi o‘zgarishlar bilan kechadi: distrofiya (fibroz halqaning oldingi yoki yon qismlaridagi tashqi tolalarda), o‘z turgorini saqlab qolgan pulpoz yadroning bosimi ostida fibroz halqaning bo‘rtib chiqishi, cho‘kmalar to‘planishi va suyaklanish (ossifikatsiya) (oldingi bo‘ylama boylamda) hamda chekka suyak o‘simtalari (osteofitlar) hosil bo‘lishi (umurtqa pog‘onasi o‘qi bo‘ylab, faqat oldingi va yon qismlar aylanasi bo‘yicha).
Tavsifi
Spondilyozda diskning balandligi uzoq vaqt saqlanib qoladi va umurtqa kanali tarkibiy qismlarining anatomik-topografik o‘zaro joylashuvi buzilmaydi. Shu sababli spondiloartroz bilan asoratlanmagan, «sof» shakldagi spondilyoz klinik belgilar bilan namoyon bo‘lmaydi. Og‘irroq bosqichlarda umurtqa pog‘onasi harakatchanligining cheklanishi bilan kechadigan og‘riqlar, tez charchash va umurtqa pog‘onasining tegishli qismining harakatsizlanishi kuzatilishi mumkin.
Spondilyozda bo‘g‘imlarning suyak to‘qimasi o‘sib, osteofitlar, ya’ni qo‘shimcha suyak to‘qimasi hosil bo‘ladi (suyak o‘simtasi kattalashgan sari qo‘shni umurtqa tomon o‘sadi, qo‘shni umurtqadan esa xuddi shunday o‘simta hosil bo‘ladi; ayrim hollarda suyaklanish umurtqalararo disk darajasida boshlanadi). O‘ta og‘ir hollarda umurtqalar bir-biriga qo‘shilib ketadi. Natijada qon tomirlari, nervlar va mushak to‘qimasi, shuningdek, yaqin joylashgan a’zolar zararlanadi.
Osteofitlarning o‘sishi organizmning himoya-kompensator reaksiyasi bo‘lib, bu yangi hosilalar yordamida bo‘g‘imlarda shikastlanish jarayonida paydo bo‘lgan yoriqlarni «to‘ldirish»ga qaratilgan.
Erkaklar (80 %) va ayollarda (60 %) 50 yoshdan keyin deyarli bir xil tezlikda uchraydi, uning dastlabki belgilari esa 20—30 yoshda aniqlanishi mumkin.
Sabablari
Spondilyoz gipodinamiya va jismoniy faollikning pastligi; umurtqalar, boylamlar va qon tomirlarining innervatsiyasi (nervlar bilan ta’minlanishi) buziladigan uzoq muddatli sovqotish; yoshga bog‘liq o‘zgarishlar; og‘ir jismoniy yuklamalar; moddalar almashinuvining buzilishi; bo‘g‘imlarga tushadigan bosim sezilarli ortib, umurtqalar yeyilishiga olib keladigan bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi; umurtqa pog‘onasining shikastlanishi yoki deformatsiyalanishi, shuningdek, yassioyoqlik va endokrin kasalliklar.
Adabiyotlar
- Drivotinov, B. V., Loginov V. G. Umurtqa pog‘onasi osteoxondrozining nevrologik belgilari. — Minsk : BDMU o‘quv-uslubiy qo‘llanmasi, 2011. — 111 bet.
- Chepoy V. M. Umurtqa pog‘onasining yallig‘lanish va degenerativ kasalliklari, 212-bet, M., 1978