Rivojlanish

Rivojlanish jarayoni: nektarin mevasi

Rivojlanish — tabiat va jamiyatda bir sifat yoki holatdan boshqasiga, eskidan yangiga o‘tish bilan bog‘liq harakat va o‘zgarish turidir.

Rivojlanish — moddiy va ideal obyektlarning qaytmas, muayyan yo‘nalishga ega va qonuniyatlarga bo‘ysunadigan o‘zgarishidir. Buning natijasida elementlar va obyektlar o‘rtasidagi aloqalarning paydo bo‘lishi, o‘zgarishi yoki yo‘qolishi asosida ularning yangi sifat va (yoki) miqdor holati yuzaga keladi.

Umumiy tavsif

Turlari

Rivojlanish — materiya va ongning o‘zgarishi, ularning universal xususiyati, tabiat, jamiyat va bilish tarixini tushuntirishning umumiy tamoyilidir. O‘zgarishlarning tezligi va xususiyatini ta’kidlash zarur bo‘lsa, quyidagilar haqida so‘z yuritiladi:

  • evolyutsiya (lotincha evolutio «yoyilish») — nisbatan asta-sekin sodir bo‘ladigan, asosan miqdoriy o‘zgarishlar;
  • revolyutsiya (inqilob) (kechki lotincha revolutio «burilish, tubdan o‘zgarish, boshqa shaklga o‘tish») — nisbatan tez sodir bo‘ladigan, asosan sifat jihatidan tub o‘zgarishlar.

Odatda rivojlanish deganda quyidagilar tushuniladi:

  1. tizim murakkabligining ortishi;
  2. moslashish darajasining ortishi — tashqi sharoitlarga (masalan, rivojlanayotgan organizmning moslashishi);
  3. hodisa ko‘lamining kengayishi (masalan, zararli odatning yoki tabiiy ofatning kuchayishi);
  4. iqtisodiy tuzilmaning sifat jihatidan yaxshilanishi;
  5. ijtimoiy taraqqiyot.

Faylasuf F. Gegel nazariyasida rivojlanish tamoyili universal bo‘lib, qarama-qarshiliklarning yuzaga kelishi, kurashi va bartaraf etilishi rivojlanish manbai hisoblanadi. Marksistik konsepsiyada (V. Lenin) rivojlanish materiyaning universal xususiyati, umumiy tamoyil, go‘yo bosib o‘tilgan bosqichlarni takrorlaydigan, ammo ularni boshqacha tarzda, yuksakroq asosda takrorlaydigan harakat (inkorni inkor etish), ya’ni to‘g‘ri chiziq bo‘ylab emas, balki spiral bo‘ylab rivojlanish sifatida tushuniladi; sakrashsimon, halokatli, inqilobiy rivojlanish; tadrijiylikning uzilishi, miqdorning sifatga aylanishi; qarama-qarshiliklardan kelib chiqadigan ichki rivojlanish impulslari; turli kuch va tendensiyalarning to‘qnashuvi; har bir hodisaning barcha tomonlarining o‘zaro bog‘liqligi va nihoyatda uzviy, ajralmas aloqasi (bunda tarix tobora yangi tomonlarni ochib beradi), yagona umumjahon harakat jarayonini vujudga keltiruvchi aloqa — bular dialektikaning rivojlanish haqidagi (odatdagidan) mazmunan boyroq ta’limot sifatidagi ayrim xususiyatlaridir (PPS, 26-jild, 55-bet).

Ko‘rinishlari

Xususiyatlari

  1. Sifat o‘zgarishi. Bir holatdan boshqasiga o‘tish (ko‘rgazmali-harakatli, ko‘rgazmali-obrazli, mavhum-mantiqiy), intensiv rivojlanish (epigenez).
  2. Miqdoriy o‘zgarish — avvaldan mavjud bo‘lgan xususiyatlarning namoyon bo‘lishi va ortishi ko‘rinishidagi ekstensiv rivojlanish.
  3. Rivojlanishning qaytmasligi. Rivojlanish barqarorlikni (doimiylikni, muntazam hodisalarning barqarorligini, individual farqlarning saqlanishini) nazarda tutadi.
  4. Rivojlanishning yo‘nalganligi. Takomillashish, murakkablashish va o‘zini o‘zi tashkil etish darajasining ortishi tomon yo‘nalgan rivojlanish — progress (taraqqiyot), tanazzul, degradatsiya va parchalanish tomon yo‘nalgan rivojlanish esa — regress.
  5. Vaqt. rivojlanish vaqt davomida kechadi va faqat vaqt uning yo‘nalishini belgilaydi. Biroq obyektning rivojlanishi vaqtning funksiyasi emas, balki obyektning o‘z hayotiy faoliyati natijasidir.
  6. Ekzogen rivojlanish — taqlid, faqat tashqi omillar, ya’ni atrofdagi muhit bilan belgilanadigan haqiqiy bo‘lmagan rivojlanish.
  7. Endogen rivojlanish — manbai rivojlanayotgan obyektning o‘z ichida joylashgan haqiqiy rivojlanish.
  8. Rivojlanish obyektining o‘ziga xosligi, ya’ni uning yaxlit tuzilma ekanligi (psixika va ong yoki inson o‘z ijtimoiy munosabatlari tizimida, tabiat, jamiyat, Koinot va hokazo).

Qonuniyatlari

  1. Notekislik va geteroxronlik:
    • Notekislik — turli psixik funksiyalar, xususiyatlar va tuzilmalar bir tekis rivojlanmaydi.
    • Geteroxronlik — ayrim organlar va funksiyalarning rivojlanish bosqichlari bir vaqtga to‘g‘ri kelmasligi (asinxronligi).
  2. Rivojlanishning beqarorligi: rivojlanish har doim beqaror davrlardan o‘tadi (bu rivojlanish inqirozlarida namoyon bo‘ladi)
  3. Rivojlanishning senzitivligi: Senzitiv davr — rivojlanish jarayonida psixik funksiyalarning tashqi ta’sirlarga nisbatan sezgirligi ortadigan davr
  4. Kumulyativlik: oldingi rivojlanish bosqichining natijasi keyingi bosqich tarkibiga kiradi.
  5. Divergentlik va konvergentlik
    • Divergensiya — psixik rivojlanish jarayonida xilma-xillikning ortishi
    • Konvergensiya — xilma-xillikning qisqarishi va tanlovchanlikning kuchayishi.

Inson rivojlanishining tarkibiy qismlari

Inson rivojlanishini shartli ravishda uchta tarkibiy qismga ajratish mumkin:

  1. Moddiy (jismoniy) rivojlanish:
  2. Ma’naviy (psixik) rivojlanish (o‘zini anglash: o‘zini baholash, o‘zini bilish, o‘zini rivojlantirish) va tafakkur madaniyatining rivojlanishi:
  3. Ijtimoiy rivojlanish (ijtimoiy mavqe).

Tushuncha tarixi

Rivojlanishning zamonaviy tushunchasidan oldin quyidagi qarashlar mavjud bo‘lgan:

  • Platoncha rivojlanish tushunchasi — rivojlanishni ichki imkoniyatlarning ochilishi sifatida talqin etadi; bunda kurtakda dastlabdan mavjud bo‘lgan barcha imkoniyatlar asta-sekin namoyon bo‘lib, yashirin (implitsit) mavjudlikdan oshkora (eksplitsit) mavjudlikka o‘tadi;
  • mexanistik rivojlanish tushunchasi — rivojlanishni takomillashish va miqdoriy ortish sifatida talqin etadi.

Rivojlanish g‘oyasi o‘zining dastlabki ko‘rinishida antik falsafadayoq Geraklit tomonidan shakllantirilgan. U hamma narsa bir vaqtning o‘zida mavjud va mavjud emas, deb hisoblagan, chunki hamma narsa oqadi, uzluksiz o‘zgaradi, doimiy ravishda paydo bo‘lib, yo‘qolib turadi. XVIII asrda I. Kant rivojlanish g‘oyasini «aqlning tavakkal sarguzashti» deb atagan, chunki ko‘plab sohalarni, jumladan, osmon olami va organik tabiatni rivojlanayotgan holda tasavvur qilishning imkoni yo‘q edi. I. Kantning o‘zi rivojlanish g‘oyasidan Quyosh tizimining paydo bo‘lishini tushuntirishda foydalangan, J. L. Byuffon — Yer tarixi bilan bog‘liq holda, J. B. Lamark — tirik mavjudotlar evolyutsiyasini tushuntirishda, I. G. Gerder — madaniyat tarixini tushuntirishda, Ch. Darvin esa rivojlanish tamoyilini o‘zining tirik mavjudotlar, shu jumladan, inson evolyutsiyasi haqidagi konsepsiyasi asosiga qo‘ygan.

Tarixiy rivojlanish

Tarixiy rivojlanish — tarix falsafasi va tarix metodologiyasining asosiy muammolaridan biridir. Tarixiy rivojlanish tushunchasini taraqqiyotning teleologik g‘oyasidan ham, tabiiy-ilmiy evolyutsiya tushunchasidan ham farqlash kerak.

Adabiyotlar

  • Korotayev A. V., Malkov A. S., Xalturina D. A. Tarix qonunlari. Jahon-tizimi rivojlanishini matematik modellashtirish. Demografiya, iqtisodiyot, madaniyat. — 2-nashr. — Moskva : URSS, 2007. — ISBN 978-5-484-00957-2.
  • Novikov A. M.Pedagogika asoslari. — Moskva : EGVES, 2010. — 208 bet.
  • Tilets N. N. Maktab o‘quvchilarining psixik rivojlanishida rezonans effekti: nazariya va tajriba. — Sankt-Peterburg : Nauka, 2010. — 200 bet.
Iltimos, muammo bartaraf etilgach, tegishli andozani olib tashlang. Buni qanday amalga oshirish mumkinligi haqida ma’lumot sahifasida bilib olish mumkin.