Raqamli transformatsiya (ingl. digital transformation, DT yoki DX) — tashkilot tomonidan raqamli texnologiyalarni joriy etish jarayoni bo‘lib, bunda optimallashtirish choralari asosiy texnologik jarayonlarni boshqarish tizimiga ham tatbiq etiladi. Raqamli transformatsiya savdoni tezlashtirish va biznesning o‘sishini jadallashtirish yoki faqat tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan tashkilotlar (masalan, universitetlar va boshqa ta’lim muassasalari) ishining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Tashkilotning raqamli rivojlanishi, raqamli transformatsiyasi darajasi va muvaffaqiyatini ifodalovchi ko‘rsatkich — uning raqamli yetukligi darajasidir.
«Raqamli transformatsiya» tushunchasi
«Raqamli transformatsiya» tushunchasining aniq ta’rifi yo‘q, vaqt o‘tishi bilan unga tobora ko‘proq talqinlar berilmoqda.
Tor ma’noda «raqamli o‘zgarish» «qog‘ozsiz ofis»ga o‘tish yoki «biznesning raqamli yetukligi»ga erishishni anglatishi mumkin. Bunday o‘zgarishlar alohida korxonalarga ham, jamiyatning butun sohalariga, jumladan, davlat boshqaruvi, ommaviy kommunikatsiyalar, san’at tibbiyot va fan. Raqamli yechimlar an’anaviy usullarni nafaqat takomillashtiradi va qo‘llab-quvvatlaydi, balki innovatsiyalar va ijodkorlikning yangi turlari paydo bo‘lishini ham rag‘batlantiradi.
Korxonalardagi raqamli transformatsiya darajasi mamlakatlarga qarab farq qiladi. McKinsey Global Institute’ning 2016-yilgi tarmoqlarni raqamlashtirish indeksiga ko‘ra, Yevropa o‘z raqamli salohiyatini 12% darajada ishga solgan, AQSH esa 18% darajada. Yevropaning yetakchi iqtisodiyotlari o‘rtasida ham farqlar bor: tadqiqotga ko‘ra, Germaniya o‘z raqamli salohiyatini 10% darajada ishga solgan bo‘lsa, Buyuk Britaniya 17% ko‘rsatkich bilan AQSH darajasiga deyarli yetgan.
Raqamli transformatsiya bir vaqtning o‘zida muhim muammo va imkoniyatdir. Raqamli o‘zgarishlarni rejalashtirayotgan tashkilotlar duch kelishi mumkin bo‘lgan madaniy o‘zgarishlarni ham hisobga olishi kerak, chunki xodimlar va tashkilot rahbarlari hali o‘zlari uchun notanish texnologiyalarga moslashmoqda. Raqamli transformatsiyaga kirish to‘sig‘ining pastligi bozor uchun o‘ziga xos muammo va imkoniyatlarni yaratib, korxonalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirdi.
Raqamli transformatsiyaning belgilovchi omili — uning sur’atidir. Texnologiyalar rivojlanishi va buning natijasidagi ijtimoiy-iqtisodiy hamda infratuzilmaviy o‘zgarishlar sur’atini inson umriga qiyoslash rivojlanish tezligida sifat jihatidan sakrash yuz berganini va yangi vaqt davriga o‘tilayotganini ko‘rsatadi.
Transformatsiya
Raqamli transformatsiyani miqdoriy baholashdagi muammolardan biri bu jarayon tashkilotga tegishlimi yoki axborot texnologiyalariga, tegishlimi, degan masalani aniqlashdir. Chunki raqamli transformatsiya texnologiyalar evolyutsiyasi emas, balki butun tashkilotni qamrab oladigan biznesdagi yaxlit o‘zgarishdir.
Raqamli texnologiyalar orqali transformatsiya butun tashkilot manfaatdor tomonlarga ko‘proq qiymat yaratish uchun ish uslublarini o‘zgartirganda yuz beradi. Muvaffaqiyatli transformatsiyaga xizmat qiladigan texnologiya turi esa ikkinchi darajali masaladir.
Davlat sektorida raqamli transformatsiya
Davlat sektoridagi raqamli transformatsiya jarayonlari, raqamli mahsulotlarni tez yaratish va rivojlantirish hamda raqamli xizmatlarni boshqarish zarurati raqamli transformatsiya uchun mas’ul davlat boshqaruvi organlarining tashkiliy-funksional tuzilmalariga, shuningdek, raqamli jamoalar tarkibiga yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishni talab etadi.
Rossiya Federatsiyasining «Raqamli iqtisodiyot» milliy dasturi amalga oshirilishi bilan federal ijro etuvchi hokimiyat organlarida raqamli transformatsiya bo‘yicha rahbar o‘rinbosarlari lavozimlari paydo bo‘ldi.
Raqamli transformatsiya loyihalarini amalga oshirishda boshqaruv modeli
Raqamli transformatsiya loyihalarini amalga oshirish quyidagi yo‘nalishlarda samarali boshqaruvni ta’minlashi kerak: insonlar va kompetensiyalar, jarayonlar va ularni optimallashtirish, ma’lumotlar va modellar, infratuzilma va xizmatlar, mahsulotlar va loyihalar, tashkiliy madaniyat va o‘zaro hamkorlik tamoyillari:
- «Insonlar va kompetensiyalar»: amalga oshirilayotgan loyihalar uchun zarur kompetensiyalarni uzluksiz rivojlantirish hamda mijoz manfaatlarini markazga qo‘yadigan fikrlashni shakllantirish. Bu faoliyatni buyurtmachilar va iste’molchilarga yo‘naltirish bilan birga, o‘zining o‘zgarishlarni joriy etish jarayonidagi roli va maqsadini chuqur anglashni ham o‘z ichiga oladi.
- «Jarayonlar»: raqamli transformatsiya doirasida o‘z vaqtida va sifatli inventarizatsiya o‘tkazish, mijozlar tajribasini yaxshilash va xarajatlarni kamaytirish uchun mavjud jarayonlarni uzluksiz takomillashtirish, shuningdek, yangi texnologiyalar asosidagi faoliyat uchun zarur jarayonlarni joriy etish.
- «Ma’lumotlar va modellar»: ma’lumotlarni yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish tizimini yaratish, ular asosida qonuniyatlarni aniqlash va bashorat modellarini ishlab chiqish hamda bu modellarni boshqaruv qarorlarini qabul qilishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliyotga joriy etish.
- «Infratuzilma va xizmatlar»: kutilayotgan yuklamalar va transformatsiya natijalariga mos keladigan o‘z infratuzilmasi hamda bulutli infratuzilma uyg‘unligi asosida IT-yechimlarni kompleks ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va ulardan foydalanish.
- «Mahsulotlar va loyihalar»: ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va sinov tariqasida joriy etishning har bir bosqichida qiymat yaratish, shuningdek, iterativ yondashuvni qo‘llash orqali natijalarni doimiy tahlil qilish va amalga oshirish rejalarini real vaqt rejimida tuzatib borish.
- «Madaniyat va o‘zaro hamkorlik»: korporativ madaniyat va joriy jarayonlarni boshqarish modelini shakllantirish, rivojlantirish hamda dolzarb holatda saqlash, shuningdek, o‘zgarishlarga qarshilikni yengib o‘tish tizimini yaratish.
Mazkur yo‘nalishlar va asosiy maqsadlarni raqamli transformatsiya strategiyalariga kiritish hamda har bir yo‘nalishda tegishli vositalardan foydalanish ko‘nikmalariga ega bo‘lish ilg‘or texnologiyalarni samarali joriy etish va mehnat unumdorligini bir necha baravar oshirish uchun asos bo‘ladi.
Raqamli yetuklik
Raqamli yetuklik — tashkilot yoki tarmoqning raqamli transformatsiya darajasini tavsiflovchi raqamli rivojlanish ko‘rsatkichidir. Raqamli yetuklikni kompleks baholash tashkilotni ko‘p darajali o‘rganish bo‘lib, uning o‘sish salohiyatini baholash, rivojlanishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlarni aniqlash hamda o‘ziga xos raqamli transformatsiya strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi.
Raqamli rivojlanish vazirligi tomonidan 2020-yilda raqamli yetuklik ko‘rsatkichini hisoblashning umumiy metodikasi ishlab chiqilgan va alohida tarmoqlar uchun ham shunday indikatorlar yaratilishi kutilmoqda. Tarmoqning raqamli yetukligi ishida IT-mahsulotlardan foydalanadigan mutaxassislar soni hamda raqamli yechimlardan foydalanish va ularni joriy etishga yo‘naltirilgan tarmoq investitsiyalari hajmi bilan belgilanadi.
Adabiyotlar
- Proxorov A., Konik L. Raqamli transformatsiya. Tahlil, tendensiyalar, jahon tajribasi. — M.: «KomNyus Grup» MChJ, 2019. — 368 bet
Havolalar
- Terexov M. G. Raqamli huquq.
- Diana Galiyeva. «Raqamli soha» uchun yetuklik chegarasi izlanmoqda. Kommersant (7-dekabr 2020). Murojaat qilingan sana: 29-iyun 2022.
- COVID-19’ning raqamli transformatsiyadagi roli