Parazit o‘simliklar

Zarpechak, parazitlik qilayotgan xo‘jayin daraxt — akatsiya (Pokiston)

Parazitlar (parazit o‘simliklar) — boshqa o‘simliklar hisobidan oziqlanuvchi o‘simliklarning ekologik guruhi bo‘lib, ular oziq moddalarni boshqa o‘simliklarning to‘qimalaridan bevosita oladi. Parazitlik aksariyat hollarda yopiq urug‘lilar (Magnoliophyta), juda kam hollarda, istisno tariqasida esa ignabarglilar (Pinophyta), shuningdek, tuban o‘simliklardan — yashil suvo‘tlar (Chlorophyta) orasida uchraydi. Parazit o‘simlik xo‘jayin o‘simlik bilan gaustoriyalar orqali bog‘lanadi. Gaustoriyalar murtak ildizi yoki kamdan-kam hollarda poya to‘qimalarining o‘zgarishi natijasida hosil bo‘ladi.

Hozirgi vaqtda parazit o‘simliklarning qariyb 4100 turi ma’lum bo‘lib, ular 19 ta oilaga mansub.

Tasnifi

Parazit o‘simliklar quyidagicha tasniflanadi:

  • 1a. Obligat parazitlar — xo‘jayin o‘simliksiz yashay olmaydigan parazitlar.
  • 1b. Fakultativ parazitlar — xo‘jayin o‘simliksiz ham yashay oladigan parazitlar.
  • 2a. Poya parazitlari — gaustoriyalari poya to‘qimalaridan shakllanadigan parazitlar.
  • 2b. Ildiz parazitlari — gaustoriyalari ildiz to‘qimalaridan shakllanadigan parazitlar.
Goloparazit Hyobanche sanguinea, Rixtersveld qo‘riqxonasi, Shimoliy Kap provinsiyasi, Janubiy Afrika
  • 3a. Goloparazitlar — boshqa o‘simliklarda to‘liq parazitlik qiladigan va deyarli xlorofilli bo‘lmagan o‘simliklar.
  • 3b. Yarimparazitlar — ma’lum darajada fotosintez ham qila oladigan parazit o‘simliklar. Ular xo‘jayin o‘simlikdan faqat suv va mineral moddalarni olishi mumkin. Shuningdek, undan organik moddalarning bir qismini ham olishi mumkin.

Yarimparazitlarning ayni bir turini uchta tasniflash mezonining har biriga mos bittadan atama bilan tavsiflash mumkin. Masalan:

Goloparazitlar doimo obligat parazitlar bo‘ladi, shu sababli ularni tavsiflash uchun faqat 2 ta atama yetarli. Masalan:

Parazit o‘simliklarning ayrim vakillari

Raffleziyadoshlar

Oila vakillari, ya’ni raffleziyadoshlar (taxminan 30 tur), Tetrastigma turkumiga mansub tokdoshlar oilasidagi o‘simliklarda parazitlik qiladi. Parazit deyarli butunlay xo‘jayin o‘simlikning ildizi yoki poyasi ichida joylashadi: tashqaridan faqat gullari ko‘rinadi. Eng mashhur vakili — Arnold raffleziyasi, uning gullari nihoyatda yirik (diametri bir metrgacha).

Santaladoshlar

Rossiyaning janubiy hududlarida ko‘pincha teraklar va boshqa daraxtlarning shoxlarida omela — ko‘p shoxlanadigan ko‘p yillik buta o‘sadi. Bu o‘simlik fotosintez qila oladi, biroq suv va mineral moddalarni xo‘jayin daraxtning ksilemasiga kirib boradigan gaustoriya orqali oladi.

Shumg‘iyadoshlar

Ko‘pchilik shumg‘iyadoshlar oilasi vakillarida xlorofill bo‘lmaydi va ular o‘zlari o‘sayotgan xo‘jayin o‘simlik hisobidan to‘liq yashaydi. Bu oilaga mansub Petr xochi turkumi vakillari keng tanilgan. Uning bir tomonga yo‘nalgan malina-qizil rangli gullar shingiliga ega etdor, rangsiz poyalari Rossiya o‘rmonlarida erta bahorda paydo bo‘ladi. Tuproq ostidagi ildizi shoxlanib, xochsimon tutashmalar hosil qiladi. O‘simlikning nomi ham shundan kelib chiqqan.

Parazitaksus

Parazitaksus — Yangi Kaledoniya orolining endemigi va ignabarglilar orasidagi yagona parazit o‘simlikdir.

Bo‘g‘uvchi fikuslar

Bo‘g‘uvchi fikuslar — tropik va subtropik o‘simliklarning o‘ziga xos «bo‘g‘uvchi» hayot tarzi bilan birlashgan bir necha turiga berilgan umumiy nom. Bunday hayot tarzi moslashuv bo‘lib, yorug‘lik uchun keskin raqobat mavjud bo‘lgan qorong‘i tropik o‘rmonlarda yashash imkonini beradi.

Havolalar