Odam papilloma virusiga qarshi vaksina

Odam papilloma virusiga qarshi vaksina
Tarkibi
Tasnifi
ATX
Boshqa nomlari
Bachadon bo‘yni saratoniga qarshi vaksina, papillomavirusga qarshi vaksina, odam papilloma virusiga qarshi vaksina, OPVga qarshi vaksina, OPV vaksinasi
Логотип Викисклада Vikimedia omboridagi mediafayllar

Odam papilloma virusiga qarshi vaksinalar (OPV) — biologik preparatlarguruhi. Ular ayrim shtammlar — odam papilloma virusi turlari —keltirib chiqaradigan kasalliklarning oldini olish uchun mo‘ljallangan. Mavjud vaksinalar OPVning ikki, to‘rt yoki to‘qqiz turidan himoya qiladi. OPVga qarshi barcha vaksinalar hech bo‘lmaganda bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishining eng yuqori xavfi bilan bog‘liq bo‘lgan 16 va 18-turdagi OPVdan himoya qiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, OPV vaksinalari 70% bachadon bo‘yni saratoni, 80% to‘g‘ri ichak saratoni, 60% qin saratoni, vulva saratoni holatlarining 40% ini va OPV-musbat og‘iz-halqum saratoni holatlarining 90% dan ortig‘ini oldini olishi mumkin. Bundan tashqari, HPV-6 va HPV-11 turlaridan himoya qiluvchi to‘rt valentli vaksinalar ayrim o‘tkir uchli kondilomalar paydo bo‘lishining oldini oladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) OPVga qarshi vaksinalarni barcha mamlakatlarda boshqa profilaktika choralari bilan birga rejali emlash dasturiga kiritishni tavsiya etadi. Vaksinalar odamning yoshi va immun holatiga qarab ikki yoki uch dozada yuboriladi. Odatda, qizlarni to‘qqiz yoshdan o‘n uch yoshgacha emlash tavsiya etiladi. Vaksinalar 5 yildan 10 yilgacha himoya qiladi. Emlangandan keyin ham bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tish zarur. Aholining katta qismini emlash emlanmaganlar uchun ham jamoaviy immunitet hisobiga foyda keltiradi.

OPVga qarshi vaksinalar juda xavfsiz hisoblanadi. Nojo‘ya ta’sirlardan biri — emlanganlarning taxminan 80% ida inyeksiya joyining og‘rishidir. Shuningdek, inyeksiya joyida qizarish va shish, tana haroratining vaqtincha ko‘tarilishi kuzatilishi mumkin. Giyen–Barre sindromi bilan bog‘liqlik aniqlanmagan.

OPVga qarshi birinchi vaksina 2006 yilda qo‘llanila boshlagan. 2017 yil holatiga ko‘ra, 71 mamlakat OPV vaksinalarini hech bo‘lmaganda qizlar uchun milliy emlash taqvimiga kiritgan. OPVga qarshi vaksinalar asosiy dori vositalari ro‘yxatiga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan kiritilgan. Emlash hatto aholisi past va o‘rta daromadli mamlakatlarda ham iqtisodiy jihatdan samaralidir.

OPV va u bilan bog‘liq kasalliklarning epidemiologik xususiyatlari

Butun dunyoda OPV kattalar orasida jinsiy yo‘l bilan yuqadigan eng keng tarqalgan infeksiya hisoblanadi. Jumladan, AQSHda yashovchi ayollarning 80% dan ortig‘i 50 yoshgacha OPVning kamida bitta shtammini yuqtirgan, biroq OPV yuqtirgan ayollarning aksariyatida bu virus keltirib chiqaradigan kasallik rivojlanmaydi.

Bachadon bo‘yni saratoni va saratonning boshqa turlari

Dunyoda har yili bachadon bo‘yni saratonining 470 000 ta yangi holati aniqlanadi va ular oxir-oqibat 233 000 ta o‘limga sabab bo‘ladi. Bachadon bo‘yni saratonidan o‘limlarning taxminan 80% i kambag‘al mamlakatlarga to‘g‘ri keladi. AQSHda har yili bachadon bo‘yni saratonining 11 000 tagacha holati hech qachon yoki bundan oldingi besh yil davomida PAP-surtmatekshiruvidan o‘tmagan ayollarda qayd etiladi. Mutaxassislar emlangandan keyin ham har yili PAP-surtma tekshiruvini tavsiya qiladi. Emlashdan oldin OPV skriningi (bachadon bo‘yni kanalidan eng yuqori onkogen xususiyatga ega odam papilloma viruslarining bir necha turini miqdoriy aniqlash uchun qirma namuna olish) tavsiya etiladi.

Bachadon bo‘yni saratoni, jinsiy a’zolar saratonining boshqa shakllari yoki to‘g‘ri ichak saratoniga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan OPVning yuqori xavfli 19 turi aniqlangan. OPVning ayrim turlari, ayniqsa 16-turi, tomoq saratoni rivojlanishi bilan bog‘liqligi aniqlangan. Tadqiqotlarga ko‘ra, bachadon bo‘yni saratonining barcha holatlariga OPV sabab bo‘lishi mumkin. Prezervativlar OPVdan himoya qiladi, ammo bu himoya mutlaq emas. Prezervativdan muntazam foydalangan kollej talaba qizlari orasida bir yil davomida yuqtirish ko‘rsatkichi 37,8% ni, undan foydalanmaganlarda esa 89,3% ni tashkil qilgan. AQSH hukumati hisob-kitobiga ko‘ra, hozir mamlakatda 20 million kishi genital kondilomalardan aziyat chekmoqda va har yili ushbu kasallikning olti millionta yangi holati kuzatiladi.

Rossiya statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasida har kuni 18 nafar ayol bachadon bo‘yni saratonidan vafot etadi. Eng yuqori o‘lim ko‘rsatkichi 40 yoshgacha bo‘lgan ayollarda kuzatiladi.

AQSHda OPV tarqalish darajasi

Kasalliklarni nazorat qilish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 50 yoshga kelib amerikalik ayollarning 80% dan ortig‘i OPVning kamida bitta shtammini yuqtiradi. OPV tashuvchisi erkak ham, ayol ham bo‘lishi mumkin. AQSHda OPV jinsiy yo‘l bilan yuqadigan eng keng tarqalgan infeksiya hisoblanadi. Zararlanganlar ulushining yuqoriligi virusning kuchli yuqumliligi bilan bog‘liq. Amerikalik sog‘liqni saqlash mutaxassislari OPVga qarshi emlashni keng joriy etishni tavsiya qiladilar. Bunday emlashdan keyin ayollarning faqat kichik qismida bachadon bo‘yni saratoni rivojlanadi. Har yili 250 mingdan 1 milliongacha amerikalik ayolda OPV sababli bachadon bo‘yni displaziyasi aniqlanadi; bu holat bachadon bo‘yni saratonidan oldingi bosqich bo‘lishi mumkin. Har yili 11 000 nafar amerikalik ayolda bachadon bo‘yni saratoni aniqlanadi, taxminan 3 700 nafari esa ushbu kasallikdan vafot etadi. Saraton holatlarining aksariyati oldingi besh yil davomida PAP-surtma tekshiruvidan o‘tmaganlarda qayd etiladi.

Dunyoda OPV tarqalish darajasi

Dunyoda ayollarning saratondan o‘lim sabablari orasida bachadon bo‘yni saratoni beshinchi o‘rinda turadi. Har yili bachadon bo‘yni saratonining 470 000 ta yangi holati kuzatiladi, ulardan 233 000 tasi bemor o‘limi bilan yakunlanadi.

OPVga qarshi vaksinalarning tibbiyotda qo‘llanilishi

OPVga qarshi vaksinalar OPV yuqtirish va buning oqibatida bachadon bo‘yni saratonirivojlanishining oldini olish uchun ishlatiladi. Aholining katta qismi emlansa, OPV infeksiyasi tarqalishi kamayishini tasdiqlovchi ishonchli dalillar mavjud; bunga qisman jamoaviy immunitet ham hissa qo‘shadi. AQSHda OPVga qarshi vaksinalar 9–26 yoshdagi ayollar va erkaklarga tavsiya etiladi hamda 27–45 yoshdagi shaxslarda qo‘llash uchun tasdiqlangan.

Vaksinalar OPVning yuqori xavfli turlaridan faqat ayrimlarini qamrab olgani sababli, emlangandan keyin ham bachadon bo‘yni saratoni bo‘yicha skrining tekshiruvi tavsiya etiladi. AQSHda ayollarga muntazam ravishda Papanikolau surtmasini 21 yoshdan boshlab topshirish tavsiya etiladi.

Hozirda OPVga qarshi ikkita profilaktik vaksina mavjud — Gardasil va Servariks. Ikkala vaksina ham bachadon bo‘yni saratoni va saratonning boshqa bir qator turlariga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan OPVning 16 va 18-turlaridan himoya qiladi. Gardasil OPVning boshqa shtammlari keltirib chiqaradigan genital kondilomalarning ham oldini oladi. Gardasilning virusning ko‘proq turlaridan himoya qiluvchi Gardasil-9 ko‘rinishi ham mavjud.

Samaradorlik

OPVga qarshi vaksinalar bachadon bo‘yni displaziyasiningOPVning yuqori xavfli 16 va 18-turlari sababli rivojlanishining oldini olishi va unga yaqin bo‘lgan ayrim yuqori xavfli OPV turlaridan ham qisman himoya qilishi isbotlangan. Ammo vaksinalar himoya qilmaydigan boshqa yuqori xavfli OPV turlari ham mavjud. Gardasil bilan emlangandan keyin OPVning 16 va 18-turlaridan himoya kamida sakkiz yil, Servariks bilan emlangandan keyin esa to‘qqiz yildan ortiq davom etgan. Qayta emlash zarur emas, deb hisoblanadi.

Gardasil va Gardasil 9 o‘tkir uchli kondilomalarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan OPVning 6 va 11-turlaridan himoya qiladi.

Servariks ayollarni bachadon bo‘yni va anusdagi OPVning 16 va 18-turlaridan kelib chiqadigan uzoq davom etuvchi infeksiyalardan samarali himoya qiladi. Sanab o‘tilgan vaksinalar bachadon bo‘yni saratoni holatlarining taxminan 30 foizini oldini ololmaydi. Bundan tashqari, Gardasil genital kondilomalarning 10% ini oldini ololmaydi. OPVga qarshi vaksinalarning hech biri jinsiy yo‘l bilan yuqadigan boshqa kasalliklarning, avvaldan mavjud OPV infeksiyasining yoki allaqachon rivojlangan bachadon bo‘yni saratonining oldini olmaydi.

OPVning 16, 18 va 45-turlari bachadon bo‘yni adenokarsinomasi (bez hujayralaridan rivojlanadigan saraton) holatlarining 94% iga sabab bo‘ladi. Bachadon bo‘yni saratonining aksariyati epiteliy hujayralarida rivojlanadi, adenokarsinomalar esa holatlarning kam qismini tashkil etadi. Papanikolau surtmasi adenokarsinomalarni aniqlashda unchalik samarali emas. Shu sababli bunday surtmalarga asoslangan skrining dasturlari amal qiladigan joylarda aniqlanmay qolgan saraton holatlarining katta qismi adenokarsinomalarga to‘g‘ri keladi. Tadqiqotlar OPVga qarshi vaksinalar adenokarsinoma bilan kasallanishni kamaytirishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ayrim hollarda vaksinaning ikki dozasi uch dozadek samarali bo‘lishi mumkin. AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) 15 yoshdan kichiklarga ikki doza, 15 yoshdan kattalarga esa uch doza tavsiya etadi. Hatto vaksinaning bir dozasi ham ma’lum darajada himoya qilishi mumkin.

9vHPV deb ataladigan, 9 valentli va OPVning 6, 11, 16, 18, 31, 33, 45, 52 hamda 58-turlaridan himoya qiluvchi vaksina bo‘yicha tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, emlashdan keyin bachadon bo‘yni, vulva va qinda yuqori darajadagi xavfli o‘zgarishlar bilan bog‘liq infeksiyalarning uchrash chastotasi to‘rt valentli vaksina qo‘llangandagi bilan bir xil bo‘lgan. Farq aniqlanmagani tadqiqot tuzilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin: tadqiqotda qatnashgan 16–26 yoshli ayollar 9 valentli vaksina qo‘shimcha ravishda qamrab oladigan OPVning beshta turi bilan avvaldan zararlangan bo‘lishi ehtimoli bor.

2021 yil noyabr oyida The Lancetjurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, 12-13 yoshdagi qizlarni ikki valentli Servariks vaksinasi bilan emlash bachadon bo‘yni saratoni rivojlanish xavfini 87% ga kamaytiradi.

Erkaklarni emlash

Gardasilni erkaklarda ham OPV sababli genital kondilomalar va saratondan oldingi holatlar rivojlanish xavfini kamaytirish uchun qo‘llash mumkin. Saratondan oldingi holatlarning kamayishi erkaklarda jinsiy olat va to‘g‘ri ichak saratoni bilan kasallanishni ham kamaytirishi kutiladi. Biroq saratonning ushbu turlari bachadon bo‘yni saratoniga qaraganda ancha kam uchragani uchun yosh erkaklarni OPVga qarshi emlash yosh ayollarni emlashga nisbatan iqtisodiy jihatdan kamroq samarali bo‘lishi mumkin. Jamiyat nuqtayi nazaridan esa erkaklarni ham, ayollarni ham emlash aholi orasida virus infeksiyasi manbasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Gardasil gomoseksual erkaklar orasida ko‘proq talabga ega, chunki ularda genital kondilomalar, jinsiy olat saratoni va to‘g‘ri ichak saratoni xavfi ancha yuqori.

Ayollarda bo‘lgani kabi, erkaklarga ham vaksina uning tarkibida qamrab olingan OPV turlari bilan zararlanishdan oldin yuborilishi kerak. Jinsiy hayot boshlanishidan oldin emlash zararlanish xavfini eng ko‘p kamaytiradi.

Nojo‘ya ta’sirlari

OPVga qarshi vaksinalar umuman olganda xavfsiz emas va jiddiy nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ular 100 dan ortiq mamlakatda qo‘llash uchun tasdiqlangan, butun dunyoda 100 milliondan ortiq doza yuborilgan. Keng ko‘lamli klinik sinovlar va ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyingi xavfsizlik tadqiqotlari ma’lumotlari Gardasil hamda Servariks yaxshi ko‘tarilmasligini ko‘rsatadi.

Homiladorlik davrida qo‘llanilishi

Gardasil klinik sinovlari davomida 1115 nafar homilador ayol ushbu vaksinani olgan. Umuman olganda, Gardasil olgan va platsebo olgan ayollarda homiladorlikning noxush oqibatlar bilan yakunlanish ulushi o‘xshash bo‘lgan. Biroq klinik tadqiqotning tanlanma hajmi nisbatan kichik edi. 2018 yil holatiga ko‘ra, vaksina homilador ayollarga tavsiya etilmagan.

FDA OPVga qarshi vaksinani homiladorlar uchun B toifasiga kiritgan. Bu hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda homilaga yaqqol zarar aniqlanmaganini anglatadi. OPV vaksinalari bilan homiladorlikning noxush oqibatlari yoki homilaga salbiy ta’sir o‘rtasida sababiy bog‘liqlik aniqlanmagan. Biroq homiladorlik davridagi emlash haqidagi ma’lumotlar juda cheklangan, shu sababli qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazilmaguncha bunday emlash tavsiya etilmaydi. Agar uch dozali emlash jarayonida ayolning homiladorligi aniqlansa, emlashning qolgan qismini homiladorlik tugaguniga qadar kechiktirish kerak.

Ta’sir mexanizmi

OPVga qarshi vaksinalar tarkibida OPV qobig‘ining rekombinant oqsillaridan yig‘ilgan, ichi bo‘sh virusga o‘xshash zarrachalar mavjud. Tabiiy virus kapsidi ikki xil — L1 va L2 oqsillaridan tashkil topadi, vaksinalar esa faqat L1 oqsilini o‘z ichiga oladi. Hozirda L1 oqsiliga nisbatan o‘ziga xos immun javob ko‘rsatkichlari, shuningdek, L1 oqsilining OPVning tegishli turlariga qarshi maxsus immunitet hosil bo‘lishidagi roli aniqlangan. Emlashdan keyingi immunitet uzoq muddat saqlanishi ham tasdiqlangan.

Gardasil tarkibida Saccharomyces cerevisiae achitqisida sintezlangan faol bo‘lmagan L1 oqsillari bo‘lib, ular OPVning to‘rtta turiga — 6, 11, 16 va 18 — taalluqlidir. Vaksinaning har bir dozasida 225 mkg alyuminiy, 9,56 mg natriy xlorid, 0,78 mg L-gistidin, 50 mkg polisorbat 80, 35 mkg natriy borat va suv bor. 1 dozaning umumiy hajmi 0,5 ml. OPVning 16 va 18-turlari bachadon bo‘yni saratonining taxminan 70% holatiga sabab bo‘ladi. OPVning 6 va 11-turlari o‘tkir uchli kondilomalar holatlarining taxminan 90 foizini keltirib chiqaradi.

Gardasil va Servariks vaksinalari vaksina tarkibidagi OPV turlari yuqtirilishining oldini oluvchi, virusni neytrallovchi antitanachalar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Vaksinalar o‘zlari qamrab olgan OPV turlari sababli bachadon bo‘ynidagi saratonoldi kasalliklar va o‘tkir uchli kondilomalar rivojlanishidan 100 foizlik himoya berishi hamda faqat yengil nojo‘ya ta’sirlar keltirib chiqarishi (yoki umuman keltirib chiqarmasligi) isbotlangani qayd etiladi. Vaksinalarning himoya ta’siri dastlabki emlashdan keyin kamida 4,5 yil saqlanishi kutiladi.

Tarixi

OPVga qarshi vaksina ustidagi ishlar 1980-yillarning o‘rtalarida boshlangan. Bu ishlar ustida Jorjtaun universiteti tibbiyot markazi, Rochester universiteti, Avstraliyadagi Kvinslend universiteti va AQSH Milliy saraton instituti olimlari bir vaqtning o‘zida ishlagan. 2006 yilda AQSH Oziq-ovqat va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi Merck & Co kompaniyasi Gardasil savdo nomi ostida sotgan OPVga qarshi birinchi profilaktik vaksinani tasdiqlagan.

Bu ishning dastlabki asoschilaridan biri sifatida taniqli rossiyalik olim L. A. Zilberni ko‘rsatish mumkin. U 1935 yildayoq yig‘ilishdagi ma’ruzasida saratonning virusologiyasi va immunologiyasi tamoyillarini shakllantirgan. 1944 yilda u saratonning virusli kelib chiqishi haqidagi fikrlarini qamoqxonadan yetkazilgan papiros qog‘oziga yozib bayon qilgan. Yomon sifatli o‘smalarning virusli kelib chiqish nazariyasini u monografiyada ta’riflagan. Keyinchalik boshqa bir monografiyada o‘smalarning paydo bo‘lishiga oid virus-genetik nazariyani ilgari surgan.

Merck kompaniyasining press-reliziga ko‘ra, 2007 yilning ikkinchi choragida OPVga qarshi Gardasil vaksinasi 80 mamlakatda tasdiqlangan, ularning ko‘pchiligida tezlashtirilgan ko‘rib chiqish tartibi qo‘llangan. 2007 yil boshida GlaxoSmithKline kompaniyasi OPVga qarshi shunga o‘xshash Servariks profilaktik vaksinasini AQSHda tasdiqlatish uchun hujjat topshirgan. 2007 yil iyunida ushbu vaksina Avstraliyada, o‘sha yil sentabrida esa Yevropa Ittifoqida sertifikatlangan.

Hozirgi profilaktik vaksinalar OPVning ikki turidan (16 va 18) himoya qiladi. Bu turlar dunyo bo‘yicha bachadon bo‘yni saratoni holatlarining taxminan 70% iga sabab bo‘ladi. Bachadon bo‘yni saratoniga bog‘liq OPV turlari tarqalishiga qarab, bu vaksinalar Osiyo, Yevropa va Shimoliy Amerikada eng samarali bo‘lishi ehtimoli yuqori. Onkogen OPV turlarining ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladigan vaksinalar ko‘proq saraton holatlarining oldini olishi, samaradorligi esa alohida mintaqalarda ma’lum virus turlarining tarqalishiga kamroq bog‘liq bo‘lishi mumkin. Rivojlangan mamlakatlarda bachadon bo‘yni saratoni bilan og‘rigan ayollarning atigi 41% i ushbu kasallik bo‘yicha tibbiy davolanishdan foydalana oladi. Shu bois OPV infeksiyasining emlash orqali oldini olish bu kasallikning rivojlangan mamlakatlar sog‘liqni saqlash tizimlariga tushiradigan yukini samarali kamaytirishi mumkin. Ayni paytda Keniya kabi ko‘plab past daromadli mamlakatlarda ayrim fuqarolar bunday emlash xarajatini ko‘tara olmaydi.

Turli mamlakatlarda OPVga qarshi emlash

Bachadon bo‘yni saratoni skriningi uchun Papanikolau surtmasi tekshiruvining keng joriy qilinishi rivojlangan mamlakatlarda bachadon bo‘ynining invaziv saratoni bilan kasallanishni 50% va undan ko‘proqqa kamaytirgan. OPVga qarshi profilaktik vaksinalar bachadon bo‘yni saratoni xavfini pasaytiradi, ammo uni butunlay yo‘qotmaydi. Shu sababli mutaxassislar ayollarga har ikkala dasturning afzalliklaridan foydalanishni, ya’ni emlangandan keyin ham muntazam Papanikolau surtmasini topshirishni tavsiya qiladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, maktabga qabul qilinishda emlashni talab qilish OPV vaksinasidan foydalanish ko‘rsatkichini oshiradi.

COVID-19 pandemiyasi AQSHda hamda past va o‘rta daromadli mamlakatlarda OPVga qarshi emlash dasturlarini joriy etishga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. 30 avgust 2021 yilda AQSHning o‘n beshta yetakchi onkologiya markazi va boshqa ilmiy-tibbiy tashkilotlar qo‘shma bayonot e’lon qilib, AQSH sog‘liqni saqlash tizimi, shifokorlar, ota-onalar, bolalar, o‘g‘il va qizlarni Milliy immunizatsiya oyi davomida OPVga qarshi emlashni qayta boshlashga hamda boshqa barcha zarur rejali emlashlarni olishga chaqirgan.

Rossiya Federatsiyasi

2026 yil iyun oyi oxiri holatiga ko‘ra, OPVga qarshi emlash Rossiya Federatsiyasining milliy emlash taqvimiga kiritilmagan, ammo ayrim hududlarda mavjud. Uni milliy taqvimga kiritish masalasi Davlat dumasi vakolatiga kiradi. OPVga qarshi emlashni milliy taqvimga kiritish 2027 yilga qoldirilgan.

2025 yil mart oyida Rossiyada OPVning oldini olish uchun ishlab chiqarilgan ilk vaksina «Segardeks» savdo nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Klinik tadqiqotlar Gardasil preparati bilan solishtirib o‘tkazilgan. 2026 yil yanvarida vaksina 9 yoshdan boshlab bolalarda qo‘llash uchun tasdiqlangan. Preparatni antigen ishlab chiqarishdan tortib tayyor dori shaklini olishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oluvchi to‘liq ishlab chiqarish sikli Kirov viloyatidagi biofarmatsevtika kompaniyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu kompaniya — "Nanolek".

Isroil

Isroilda 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab 8-sinfdagi o‘g‘il va qizlarga Gardasil-9 vaksinasi olti oylik oraliq bilan ikki dozada bepul yuboriladi. Maktabda emlanmagan isroilliklar uchun 18 yoshdan boshlab emlash pulli hisoblanadi.

Fransiya

Fransiyada 2007 yildan boshlab jinsiy hayotni boshlamagan yoki uni boshlaganiga bir yildan kam bo‘lgan 14-23 yoshli qizlarga OPVga qarshi vaksina yuboriladi. Davlat vaksina qiymatining 65% ini qoplaydi, natijada qizlar uchun emlash narxi 141,75 yevroni (200 AQSH dollaridan sal ko‘proq) tashkil etadi.

Buyuk Britaniya

Vaksina 9–15 yoshli erkaklar va 9–26 yoshli ayollar uchun tasdiqlangan. Milliy dastur doirasida 8-sinfda o‘qiydigan har ikkala jinsdagi maktab o‘quvchilari bepul emlanadi. Emlashni o‘tkazib yuborganlar 25 yoshgacha uni bepul olishlari mumkin.

AQSH

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish markazlari OPVga qarshi emlashni 11-12 yoshli har ikkala jinsdagi bolalarga tavsiya etadi. Tibbiy sug‘urtasi bo‘lmagan bolalarni OPVga qarshi bepul emlash dasturi mavjud.

Keyingi tadqiqotlar

OPVga qarshi davolovchi vaksinalar

Profilaktik vaksinalardan tashqari, OPVga qarshi davolovchi vaksinalar ham tadqiq etilib, klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda. Bu vaksinalar toifasi virusning asosiy onkogen oqsillari — E6 va E7 ga qaratilgan. Bachadon bo‘yni saratoni hamda kondiloma hujayralarining o‘sishi uchun E6 va E7 oqsillari ekspressiyasi zarur bo‘lgani sababli, ushbu ikki onkogenga qarshi immun javob paydo bo‘lgan o‘smalarni yo‘q qilishi mumkin, deb taxmin qilinadi.

Adabiyotlar

Havolalar