Oziq-ovqat tolalari (kletchatka)

Oziq-ovqat tolalari (shuningdek, kletchatka deb ham ataladi) — oziq-ovqat tarkibidagi, inson organizmining ovqat hazm qilish fermentlari ta’sirida hazm bo‘lmaydigan, ammo ichakning foydali mikroflorasi tomonidan qayta ishlanadigan komponentlardir. Ayrim manbalarda oziq-ovqat tolalari tushunchasi polisaxaridlar va lignin yig‘indisi sifatida ta’riflanadi; bu moddalar endogen sekretlar (oshqozon-ichak trakti ajratmalari) ta’sirida inson organizmida hazm bo‘lmaydi. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, aynan shu ta’rif eng to‘g‘ri hisoblanadi.

Kundalik va ommabop nutqda kletchatka atamasi ko‘pincha oziq-ovqat tolalarining sinonimi sifatida ishlatiladi, garchi qat’iy kimyoviy ma’noda kletchatka selluloza bo‘lsa ham. 1970—1980-yillarda ballast modda atamasi qo‘llanilgan, ammo keyinchalik oziq-ovqat tolalarining nutritsiologiya (ovqatlanish haqidagi fan) nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga egaligi anglab yetilgach, bu atamani qo‘llash noto‘g‘ri deb topilgan.

Oziq-ovqat tolalaridan ovqatlanishda foydalanish ko‘plab mamlakatlarning sog‘liqni saqlash tashkilotlari tomonidan ma’qullangan. Ularga Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari nazorati boshqarmasi (FDA), Amerika yurak assotsiatsiyasi (AHA), Funksional oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha Yevropa komissiyasi (FUFOSE) kiradi. Rossiya Federatsiyasida oziq-ovqat tolalarini qo‘llash masalalari bilan Rospotrebnadzor shug‘ullanadi.

Oziq-ovqat tolalarining asosiy turlari

  1. Lignin
  2. Kraxmal bo‘lmagan polisaxaridlar
    1. Selluloza, selluloza tolasi
    2. Selluloza bo‘lmagan polisaxaridlar
      1. Gemitsellulozalar
      2. Pektinli moddalar
      3. Kamedlar (o‘simlik yelimlari)
      4. Shilliq moddalar
      5. Zaxira polisaxaridlari, masalan, inulin va guarga o‘xshash polisaxaridlar

Oziq-ovqat tolalarining tasnifi

  1. Kimyoviy tuzilishiga ko‘ra
    1. Polisaxaridlar: selluloza va uning hosilalari, gemitselluloza, pektinlar, kamedlar, shilliq moddalar, guar va boshqalar.
    2. Uglevod bo‘lmagan oziq-ovqat tolalari — lignin
  2. Xomashyo manbalariga ko‘ra
    1. An’anaviy: boshoqli don, dukkakli o‘simliklar, sabzavotlar, ildizmevalar, mevalar, rezavor mevalar, sitrus mevalar, yong‘oqlar, qo‘ziqorinlar, suvo‘tlarning oziq-ovqat tolalari
    2. Noan’anaviy: bargli va ignabargli daraxtlar yog‘ochi, boshoqli o‘simliklar poyasi, qamish va o‘tlarning oziq-ovqat tolalari
  3. Xomashyodan ajratib olish usullariga ko‘ra
    1. Tozalanmagan oziq-ovqat tolalari
    2. Oziq-ovqat tolalari, neytral muhitda tozalangan
    3. Oziq-ovqat tolalari, kislotali muhitda tozalangan
    4. Neytral va kislotali muhitlarda tozalangan oziq-ovqat tolalari
    5. Oziq-ovqat tolalari, fermentlar yordamida tozalangan
  4. Suvda eruvchanligiga ko‘ra
    1. Suvda eruvchan: pektin, kamedlar, shilliq moddalar, sellulozaning ayrim hosilalari
    2. Suvda erimaydigan: selluloza, lignin
  5. Yo‘g‘on ichakda mikroblar ta’siridagi fermentatsiya darajasiga ko‘ra
    1. Deyarli to‘liq yoki to‘liq fermentatsiyalanadigan: pektin, kamedlar, shilliq moddalar, gemitsellulozalar
    2. Qisman fermentatsiyalanadigan: selluloza, gemitsellulozalar
    3. Fermentatsiyalanmaydigan: lignin

Mahsulotlardagi oziq-ovqat tolalari miqdori

Don mahsulotlari, yormalar, un mahsulotlari, yong‘oqlar

Mahsulotlar Energetik
qiymati,
kkal/100 g
Oziq-ovqat tolalari miqdori
g/100 g g/100 kkal
Bug‘doy kepagi 165 43,0 26,1
Javdar unidan tayyorlangan non 200 8,0 4,0
Borodino noni 201 7,9 3,9
Donli non 228 6,1 2,7
Grechka bo‘tqasi 101 2,7 2,7
2-navli undan tayyorlangan suxari 323 7,0 2,2
2-navli bug‘doy unidan tayyorlangan non 228 4,6 2,0
Arpa yormasi bo‘tqasi (perlovka) 135 2,5 1,9
Suli bo‘tqasi 109 1,9 1,7
Oddiy quruq halqasimon kulchalar (sushki) 331 4,5 1,4
1-navli bug‘doy unidan tayyorlangan non 240 3,2 1,3
Bug‘doy bo‘tqasi 153 1,7 1,1
Oliy navli bug‘doy unidan tayyorlangan non 250 2,3 0,9
Qaynatilgan makaron 135 1,1 0,8
Manniy yorma bo‘tqasi 100 0,8 0,8
Yong‘oqlar 650 4,0 0,6

Sabzavotlar, dukkaklilar, mevalar, rezavor mevalar

Mahsulotlar Energetik
qiymati,
kkal/100 g
Oziq-ovqat tolalari miqdori
g/100 g g/100 kkal
Qo‘zoqli loviya 16 2,5 15,6
Bryussel karami 35 4,2 12,0
Oq boshli karam 28 2,0 7,1
Sabzi 35 2,4 6,9
Petrushka, shivit, salat bargi, ko‘k piyoz 30 2,0 6,7
Qaynatilgan lavlagi 48 3,0 6,3
Pomidor 24 1,4 5,8
Qovurilgan qo‘ziqorinlar 172 6,8 4,0
Qaynatilgan no‘xat 130 5,0 3,8
Qora smorodina 44 4,8 10,9
Kivi 47 3,8 8,1
Turshak (danaksiz quritilgan o‘rik) 242 18,0 7,4
Quritilgan olma 253 14,9 5,9
Apelsin 43 2,2 5,1
O‘riklar 44 2,1 4,8
Olmalar 47 1,8 3,8
Mayiz 281 9,6 3,4
Uzum 72 1,6 2,2

Inson uchun vazifalari va ahamiyati

Oziq-ovqat tolalari ikki guruhga bo‘linadi: eruvchan va erimaydigan. Eruvchan va erimaydigan oziq-ovqat tolalari ovqat hazm qilish traktining faoliyatiga turli yo‘llar bilan ta’sir qiladi. Oshqozon-ichak traktida tolalarni parchalaydigan fermentlar mavjud bo‘lmagani sababli ular yo‘g‘on ichakka o‘zgarmagan holda yetib boradi. Bakteriyalar — bu yerda yashovchi mikroorganizmlar — ayrim tolalarni, birinchi navbatda, eruvchan tolalarni metabolizmga jalb qila oladigan fermentlarga ega. Fermentatsiya hisobiga bakteriyalar ko‘payish va yangi hujayralar hosil qilish uchun energiya oladi.

Eruvchan oziq-ovqat tolalariga o‘simlik polisaxaridlari (inulin, pektin), dengiz suvo‘tlari polisaxaridlari (agaroid, karraginatlar (карагинаты) va alginatlar) yoki mikroblardan olinadigan polisaxaridlar (kamedlar).

Kletchatka najas massasining yetarli hajmda bo‘lishini ta’minlaydi va uning ovqat hazm qilish trakti bo‘ylab harakatlanish tezligiga ta’sir qiladi (peristaltikani tartibga soladi), qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, o‘t kislotalarini bog‘laydi, uglevodlar almashinuvi buzilganda qondagi qand miqdorini biroz kamaytiradi (chunki uglevodlar gidrolizini sekinlashtiradi), ovqat hazm qilish tizimi mikroflorasi tarkibini me’yorlashtiradi va prebiotik ta’sir ko‘rsatadi (bakteriyalar tomonidan B2, B6, PP vitaminlarining sintezlanishiga yordam beradi); tolalar energiya manbai hisoblanadi — oziq-ovqat tolalarining 50 % i bakteriyalar ta’sirida yog‘ kislotalari, karbonat angidrid, vodorod va metangacha parchalanadi. Kletchatka miqdori yuqori bo‘lgan parhezlar qandli diabet, semizlik, ateroskleroz, jigar va o‘t pufagi kasalliklarining oldini olish hamda ularni davolashning tarkibiy qismlaridan biri sifatida buyuriladi. Kletchatka oqsillar, yog‘lar va uglevodlar qatori oziq-ovqatning zarur tarkibiy qismidir. Salbiy jihati shundaki, kletchatka yog‘da eriydigan vitaminlar hamda kalsiy, magniy, temir, rux va mis kabi muhim mikroelementlarni bog‘lab, organizmdan chiqarib yuborishi mumkin. Voyaga yetgan inson organizmining oziq-ovqat tolalariga fiziologik sutkalik ehtiyoji aniqlangan (25 dan 38 g gacha). Shuning uchun inson ratsionida ushbu moddalar zarur miqdorda bo‘lishi kerak. Insonga har kuni 15 — 25 g kletchatka iste’mol qilish tavsiya etiladi. Uning asosiy manbalari meva va sabzavotlardir.

Oziq-ovqat tolalari iste’mol qilinadigan ovqat miqdorining kamayishiga va shu tariqa oziq moddalarning so‘rilishi pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, tana vaznining kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Adabiyotlar

  • Dorovatovskiy N. Kletchatka // Qishloq xo‘jaligi ensiklopediyasi / Bosh muharrir V. P. Milyutin. — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1934. — J. 3. — B. 70—71. — 926 b. — 99 500 nusxa.