
1. Qizilo‘ngach
2. Oshqozon
3. O‘n ikki barmoqli ichak
4. Och ichak
5. Yonbosh ichak
6. Yo‘g‘on ichak
7. To‘g‘ri ichak
Ovqat hazm qilish trakti, oshqozon-ichak trakti (OIT), ovqat hazm qilish nayi — ovqat hazm qilish a’zolari tizimi bo‘lib, haqiqiy ko‘p hujayrali hayvonlarda ovqatni qayta ishlash va ovqatdan oziq moddalarni ajratib olish, ularni qonga so‘rish hamda organizmdan hazm bo‘lmagan qoldiqlarni chiqarib yuborish uchun xizmat qiladi.
Asosiy ma’lumotlar
Ko‘pchilik hayvonlarda ovqat hazm qilish tizimi bir xil tamoyil asosida tuzilgan. Oshqozon-ichak trakti og‘iz teshigini orqa chiqaruv teshigi bilan bog‘laydigan uzluksiz naydir. Unda oziq massalari kaudal (tananing orqa qismi tomon) yo‘nalishda harakatlanib, so‘rilishga yaroqli mayda zarrachalarga parchalanadi.
Turli hayvonlarda ovqat hazm qilish tizimining tuzilishidagi farqlar oziqlanish xususiyatlari bilan bog‘liq. Hayvonlar bilan oziqlanuvchilarda (zoofaglarda) ichak yo‘li o‘txo‘rlarnikiga qaraganda qisqaroq, oshqozoni ham sodda tuzilgan. O‘simliklar bilan oziqlanuvchilarda (fitofaglarda) esa murakkab, ko‘p bo‘lmali oshqozon bo‘ladi. Tishlarning soni va turlari, shuningdek, pastki jag‘ning harakatlanish xususiyatlari ham hayvon turlariga qarab farq qiladi. Fitofaglarda pastki jag‘ning birikish tuzilishi murakkabroq bo‘lib, u nafaqat tik, balki gorizontal harakatlarga ham moslashgan.
Sog‘lom voyaga yetgan odamda oshqozon-ichak traktining uzunligi o‘rtacha 6,5 metrni tashkil qiladi, biroq 16 metrga ham yetishi mumkin. Oshqozon-ichak traktining butun bo‘shlig‘ini mikrobiota — ko‘plab turdagi mikroorganizmlar egallaydi.
Oshqozon-ichak trakti quyidagilardan iborat:
- og‘iz bo‘shlig‘i,
- so‘lak bezlari,
- halqum
- qizilo‘ngach,
- oshqozon,
- jigar,
- o‘t pufagi,
- oshqozonosti bezi,
- ingichka ichak,
- yo‘g‘on ichak, appendiks hamda ovqat hazm qilish yo‘lining yakuniy qismi — to‘g‘ri ichak.