

O‘t pufagi (lot. vesica fellea, sin. biliaris) o‘t to‘playdigan rezervuar bo‘lib, u esa jigarning visseral yuzasida shu nomli chuqurchada joylashgan. U tub, tana va bo‘yin qismlaridan iborat; bo‘yni pufak yo‘liga tutashadi. O‘t pufagining devori uch qavatdan tashkil topgan: biriktiruvchi to‘qima qavati, mushak qavati va shilliq qavat. Uning yuzasida mayda, tartibsiz burmalar, bo‘yin qismi va pufak yo‘lida esa spiral burma mavjud.
Insonda o‘t pufagi jigarning o‘ng bo‘ylama egatida, uning pastki yuzasida joylashgan. U kichik tovuq tuxumidek kattalikdagi oval xaltacha shaklida bo‘lib, quyuq, yashilimtir rangli suyuqlik — o‘t bilan to‘lgan. Pufakning tor qismi (bo‘yni)dan qisqa chiqaruvchi pufak yo‘li. Pufak bo‘ynining pufak yo‘liga o‘tish joyida Lyutkens sfinkteri joylashgan. U o‘tning o‘t pufagidan pufak yo‘liga va aksincha oqishini boshqaradi. Pufak yo‘li jigar darvozasida jigar yo‘li bilan qo‘shiladi. Bu ikki yo‘lning qo‘shilishidan umumiy o‘t yo‘li hosil bo‘ladi; u keyinchalik oshqozon osti bezining asosiy yo‘li bilan birlashadi va Oddi sfinkteri orqali o‘n ikki barmoqli ichakdagi Vater so‘rg‘ichiga ochiladi.
Anatomiya
O‘t pufagi noksimon shakldagi mushak-pardali xaltacha bo‘lib, jigarning pastki yuzasidagi chuqurchada joylashgan. U bir uchi keng, ikkinchi uchi tor bo‘lgan cho‘zinchoq shaklga ega; pufakning tubidan bo‘yniga tomon kengligi asta-sekin kamayib boradi. O‘t pufagining bo‘yni pufak yo‘liga o‘tadi, u esa umumiy jigar yo‘li bilan qo‘shiladi. O‘t pufagining tubi pariyetal qorin pardasi bilan tutashadi. Tanasi esa quyidagi a’zolar bilan tutashadi: oshqozonning pastki qismi, o‘n ikki barmoqli ichak va ko‘ndalang chambar ichak. O‘t pufagining uzunligi 8-10 sm, kengligi — 3-5 sm, sig‘imi 50-60 sm³ ga yetadi. Uning rangi to‘q yashil, devori esa nisbatan yupqa. O‘t pufagida tub qismi (lot. fundus vesicae fellae), eng chekka va keng qismi; tana (lot. corpus vesicae fellae) — o‘rta qismi; bo‘yin (lot. collum vesicae fellae) — chekkadagi tor qismi bo‘lib, undan pufak yo‘li (lot. ductus cysticus), u o‘t pufagini umumiy o‘t yo‘li bilan tutashtiradi (lot. ductus choledochus).
Fiziologiya
Ovqatdan so‘ng o‘t pufagi qisqaradi va undagi o‘t suyuqligi o‘t yo‘llari orqali, u yerdan esa o‘n ikki barmoqli ichakka chiqariladi. O‘tning vazifasi yog‘lar, kofein va xlorofillni parchalashdan iborat. Bundan tashqari, ishqoriy suyuqlik bo‘lgani sababli, u ichakka tushishidan oldin oshqozon shirasining oshib ketgan kislotaliligini neytrallashga yordam beradi.
Asosiy kasalliklar
- Surunkali xoletsistit — keng tarqalgan kasallik bo‘lib, ayollarda ko‘proq uchraydi. U o‘tkir xoletsistitdan keyin paydo bo‘lishi mumkin, biroq ko‘pincha mustaqil va asta-sekin rivojlanadi. Ayniqsa, o‘t-tosh kasalligi, sekretor yetishmovchilik bilan kechadigan gastrit, surunkali pankreatit va boshqa ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, shuningdek semizlik fonida rivojlanadi.
- O‘t-tosh kasalligi (xolelitiaz, O‘TK) — jigar va o‘t yo‘llari tizimining modda almashinuvi bilan bog‘liq kasalligi bo‘lib, jigar o‘t yo‘llarida (jigar ichi xolelitiazi), umumiy o‘t yo‘lida (xoledoxolitiaz) yoki o‘t pufagida (xolesistolitiaz) toshlar hosil bo‘lishi bilan tavsiflanadi. O‘t toshlarining hosil bo‘lishi haqidagi eng asosli nazariyalar quyidagilar:
- infeksion omillar — o‘t pufagi devoridagi yallig‘lanish o‘zgarishlari;
- o‘tning dimlanishi;
- lipidlar almashinuvining buzilishi.
- Surunkali pankreatit — bu yallig‘lanish jarayoni bo‘lib, u oshqozon osti bezida 6 oydan ortiq davom etadi va quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi: oshqozon osti bezida o‘choqli nekrozlar mavjudligi hamda segmentar fibroz fonida ichki va tashqi sekretsiya yetishmovchiligining rivojlanishi.
- O‘t pufagi polipi — o‘t pufagi to‘qimalarining g‘ayritabiiy o‘sishi bo‘lib, ba’zan uning ichki yoki tashqi yuzasida paydo bo‘ladigan o‘sma ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha parazitar kelib chiqishga ega: o‘t yo‘llarida, masalan, opistorxlar joylashadi va ultratovush tekshiruvida parazitlar bilan bog‘liq o‘sma polipga o‘xshab ko‘rinadi.
