| OpenVPN | |||
|---|---|---|---|
| | |||
| Turi | VPN dasturiy ta’minoti[VM] | ||
| Muallif | |||
| Ishlab chiquvchi | OpenVPN Inc.[VM] | ||
| Dasturlash tili | C | ||
| Operatsion tizim | turli platformalarda ishlashi | ||
| Chiqarilgan sana | 23-mart 2002 | ||
| Apparat platformalari | x86, x86-64, ARM, MIPS | ||
| Eng so‘nggi versiyasi | |||
| Kod repozitoriysi |
github.com/OpenVPN gitlab.com/openvpn |
||
| |||
| |||
| Litsenziya | GNU GPL | ||
| Veb-sayt | openvpn.net (ingl.) | ||
OpenVPN — erkin dasturiy ta’minot asosida amalga oshirilgan virtual xususiy tarmoq (VPN) texnologiyasi bo‘lib, ochiq manba kodiga ega. U kompyuterlar o‘rtasida nuqtadan nuqtaga yoki server–mijozlar turidagi shifrlangan aloqa kanallarini yaratish uchun mo‘ljallangan. OpenVPN NAT va tarmoq ekrani ortida joylashgan kompyuterlar o‘rtasida ularning sozlamalarini o‘zgartirmasdan ulanish imkonini beradi. OpenVPN Jeyms Yonan (James Yonan) tomonidan yaratilgan va GNU GPL litsenziyasi asosida tarqatiladi.
Kirish
Boshqaruv kanali va ma’lumotlar oqimi xavfsizligini ta’minlash uchun OpenVPN OpenSSL kutubxonasidan foydalanadi. Bu kutubxonada mavjud barcha shifrlash algoritmlaridan foydalanish imkonini beradi. Xavfsizlikni oshirish uchun paketlarni autentifikatsiya qilishda HMAC mexanizmidan, shifrlash samaradorligini oshirish uchun esa apparat tezlashtirishidan foydalanish mumkin. Bu yechim OpenSSL orqali ishlaydi va quyidagi protokollardan foydalanadi: SSLv3/TLSv1.2. OpenVPN dasturining quyidagi platformalarda ishlaydigan versiyalari mavjud: Solaris, OpenBSD, FreeBSD, NetBSD, GNU/Linux, macOS, QNX, Microsoft Windows, Android, iOS.
Autentifikatsiya
OpenVPN foydalanuvchiga quyidagi autentifikatsiya usullarini taklif etadi.
- Oldindan belgilangan kalit — eng oddiy usul.
- Sertifikat asosidagi autentifikatsiya — sozlash jihatidan eng moslashuvchan usul.
- Foydalanuvchining loginidan va parolidan foydalanish — mijoz sertifikatini yaratmasdan ham ishlatish mumkin (server sertifikati baribir talab qilinadi).
Tarmoq
OpenVPN barcha tarmoq operatsiyalarini TCP yoki UDP transporti orqali amalga oshiradi. Odatda UDP afzal ko‘riladi. Sababi, TUN ulanishidan foydalanilganda tunnel orqali OSI modelining tarmoq sathiga va undan yuqori sathlarga tegishli trafik, TAP ulanishidan foydalanilganda esa kanal sathiga va undan yuqori sathlarga tegishli trafik uzatiladi. Bu mijoz uchun OpenVPN kanal sathi, hatto fizik sath protokoli sifatida ishlashini anglatadi. Shuning uchun, zarur bo‘lsa, ma’lumot uzatish ishonchliligi OSI modelining yuqoriroq sathlarida ta’minlanishi mumkin. Aynan shu sababli UDP protokoli o‘z mohiyatiga ko‘ra OpenVPNga eng yaqin: u ham kanal va fizik sath protokollari singari ulanish ishonchliligini o‘zi ta’minlamaydi, bu vazifani yuqori sathlarga qoldiradi. Agar tunnel TCP orqali ishlashga sozlansa, odatda server mijozning boshqa TCP segmentlarini o‘z ichiga olgan OpenVPN TCP segmentlarini qabul qiladi. Natijada uzatish zanjirida ma’lumot yaxlitligi ikki marta tekshiriladi. Bu, amalda, ma’nosiz, chunki ishonchlilik oshmaydi, aksincha, ping (kechikish) ortadi va ulanish tezligi pasayadi. Shuningdek, aksariyat proksi-serverlar, jumladan, HTTP, SOCKS hamda NAT va tarmoq filtrlari orqali ham ishlashi mumkin. Server mijozga tarmoq sozlamalarini tayinlaydigan qilib sozlanishi mumkin. Masalan, IP-manzil, marshrutlash sozlamalari va ulanish parametrlari. OpenVPN TUN/TAP drayveridan foydalanib, ikki xil tarmoq interfeysini taklif etadi. Tarmoq sathida TUN, kanal sathida esa Ethernet trafikini uzata oladigan TAP tunnelini yaratish mumkin. Shuningdek, ma’lumotlar oqimini siqish uchun LZO kutubxonasidan foydalanish mumkin. Dastur ishlatadigan 1194-port Internet raqamlarini taqsimlash boshqarmasi (Internet Assigned Numbers Authority) tomonidan ushbu dastur uchun ajratilgan. 2.0 versiyasi bir vaqtning o‘zida bir nechta tunnelni boshqarishga imkon beradi. Bundan farqli ravishda, 1.0 versiyasida 1 ta jarayon faqat 1 ta tunnel yaratishi mumkin edi.
OpenVPN dasturida standart TCP va UDP protokollaridan foydalanilishi unga IPsec protokoliga muqobil bo‘lish imkonini beradi, xususan, internet provayderi ayrim VPN protokollarini bloklagan holatlarda.
Havolalar
- Rasmiy veb-sayt. Arxivlangan nusxa (25-fevral 2007-yil holatiga), Wayback Machine (ingl.).
- OpenVPNni X.509 bilan sozlash. Arxivlangan nusxa (17-fevral 2008-yil holatiga), Wayback Machine (rus.).