Nafas qisishi nima

Hansirash
KXT-11 MD11.5
KXT-10 R06.8
KXT-9 786.0
KXT-9-KM 786.09
DiseasesDB 15892
MedlinePlus 003075
MeSH D004417
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Hansirash (dispnoe) — organizmning moslashuv funksiyalaridan biri bo‘lib, chastotasi, ritmi va chuqurligi o‘zgaradigan nafas olish bilan namoyon bo‘ladi va ko‘pincha havo yetishmasligi hissi bilan kechadi. Yurak kasalliklarida hansirash dastlab jismoniy zo‘riqish vaqtida, keyinchalik esa tinch holatda ham, ayniqsa yotganda paydo bo‘lib, bemorni o‘tirishga majbur qiladi (ortopnoe). Yurak kasalliklarida keskin hansirash xurujlari (ko‘pincha tunda) — yurak astmasining namoyon bo‘lishidir; bunday hollarda hansirash inspirator xususiyatga ega (nafas olish qiyinlashadi). Ekspirator hansirash (nafas chiqarish qiyinlashishi) mayda bronxlar va bronxiolalar bo‘shlig‘i torayganda (masalan, bronxial astmada) yoki o‘pka to‘qimasi elastikligini yo‘qotganda (masalan, surunkali o‘pka emfizemasida) yuzaga keladi. Serebral hansirash nafas markazi bevosita ta’sirlanganda (o‘smalar, qon quyilishlari va hokazo) yuzaga keladi.

Bundan tashqari, hansirash zaharli va narkotik gazlar, xladonlar (freonlar) bilan zaharlanish, shuningdek, kuchli hayajon, g‘azab, isteriya, qo‘rquv va shu kabi holatlarda nerv tizimi funksiyalarining buzilishi natijasida kelib chiqishi mumkin.

Tasnifi

Dispnoe nafas harakatlari chastotasiga (NHCh) qarab ikki turga bo‘linadi:

  1. Taxipnoe — tezlashgan yuzaki nafas olish (daqiqasiga 20 tadan ortiq nafas harakati). Anemiya, isitma va qon kasalliklarida kuzatiladi. Isteriyada NHCh daqiqasiga 60-80 martagacha yetadi, bunday nafas olish «quvlab holdan toydirilgan hayvonning nafas olishi» deb ataladi.
  2. Bradipnoe — nafas olishning patologik sekinlashishi (daqiqasiga 12 ta va undan kam nafas harakati). Bosh miya va uning pardalari shikastlanganda, og‘ir va uzoq davom etuvchi gipoksiyada, shuningdek, atsidozda, masalan, qandli diabetda yoki diabetik komada yuzaga keladi.

Hansirash uni keltirib chiqargan omillarga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:

  1. Fiziologik — kuchli jismoniy zo‘riqish vaqtida paydo bo‘ladi.
  2. Patologik — ayrim tizimlar kasallik tufayli zararlanganda yuzaga keladi.

Hansirashning patologik ekanligini belgilovchi mezon — uning odatiy vaziyatlarda, ilgari hansirash kuzatilmagan oddiy yuklama vaqtida, masalan, tekis yuzada piyoda yurganda yoki tez yurganda paydo bo‘lishidir.