Jig‘ildon qaynashi nima

Jig‘ildon qaynashi
Различные антацидные препараты, применяемые для снятия симптома изжоги
Turli xil antatsid preparatlar — jig‘ildon qaynashi alomatini bartaraf etishda qo‘llaniladi
KXT-11 MD95
KXT-10 R12
KXT-9 787.1
MedlinePlus 003114
MeSH D006356
Логотип Викисклада Vikiombordagi mediafayllar

Jig‘ildon qaynashi — ko‘krak suyagi ortida seziladigan noqulaylik yoki achishish hissi bo‘lib, epigastral (qorin usti) sohadan yuqoriga tarqaladi, ba’zan esa bo‘yin sohasiga ham o‘tadi. Gastroezofageal (me’da-qizilo‘ngach) reflyuks — tibbiy nomi. Buni epigastral sohadagi achishish bilan adashtirmaslik kerak, chunki u gastrit alomati bo‘lishi mumkin.

Tarqalishi

Rivojlangan mamlakatlarda jig‘ildon qaynashi aholining 20-50 % ida uchraydi. G‘arbiy Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlari hamda Turkiyada tez-tez (haftasiga kamida bir marta) jig‘ildon qaynashi 10-20 % aholi orasida, Osiyoning boshqa mamlakatlarida esa 5 % aholi orasida kuzatiladi. AQSHda 60 mln dan ortiq aholi oyiga kamida bir marta, ulardan 15 mln nafari esa har kuni jig‘ildon qaynashini boshdan kechiradi. 2003-yilda Moskvada o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tez-tez (haftasiga bir martadan ko‘p) jig‘ildon qaynashi taxminan 18 % aholida, kamdan-kam (haftasiga bir martadan kam) jig‘ildon qaynashi esa taxminan 22 % aholida uchragan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 50 mln yevropalik jig‘ildon qaynashidan aziyat chekadi, jumladan, Fransiyada aholining taxminan 20 % i, Shvetsiyada esa 40 % i hayotida hech bo‘lmaganda bir marta jig‘ildon qaynashini boshdan kechirgan. Rossiyada ayollarning 48,5 % i va erkaklarning 51,4 % ida vaqti-vaqti bilan jig‘ildon qaynashi kuzatiladi, ayollarning 3,7 % i va erkaklarning 1,2 % i esa bundan tez-tez shikoyat qiladi.

Jig‘ildon qaynashining sabablari

Bemorlarga mo‘ljallangan ommabop nashrlarda jig‘ildon qaynashi me’da shirasi kislotasining shilliq qavatga, ya’ni qizilo‘ngach shilliq qavatiga ta’siri natijasi ekani aytiladi. Kislota me’dadan gastroezofageal reflyukslar yoki regurgitatsiya natijasida qizilo‘ngachga o‘tadi. Boshqa manbalarda xlorid kislotadan tashqari, shikastlovchi ta’sir ko‘rsatadigan moddalar sifatida quyidagilar ham qayd etiladi: pepsin, o‘t kislotalari, lizoletsitin, me’da osti bezi fermentlari.

Kislota va qizilo‘ngach uchun zararli boshqa tarkibiy moddalar me’dadan qizilo‘ngachga me’da tarkibining teskari yo‘nalishda, qizilo‘ngachning pastki sfinkteri (QPS) orqali harakatlanishi oqibatida tushadi; bunday harakat gastroezofageal reflyukslar (GER) yoki regurgitatsiya tufayli yuzaga keladi.

Gastroezofageal reflyukslar, o‘z navbatida, qizilo‘ngachning pastki sfinkteri nafaqat ovqat luqmasi (bolyus) qizilo‘ngachdan me’daga o‘tayotganida, balki boshqa paytlarda ham bo‘shashishi tufayli yuzaga keladi. GER sog‘lom odamlarda ham uchraydi, biroq tez-tez takrorlanadigan GER me’yoriy holatdan og‘ish hisoblanadi va bunday reflyukslarning sababi qizilo‘ngachning pastki sfinkteri yopilish funksiyasining yetarli emasligidir.

Jig‘ildon qaynashi ko‘pincha homilador ayollarda uchraydi.

Jig‘ildon qaynashi — turli kasalliklarning alomati

Jig‘ildon qaynashi eng chambarchas gastroezofageal reflyuks kasalligi (GERK) bilan bog‘liq. Genval konferensiyasi (1999-yil) ma’ruzasiga ko‘ra, jig‘ildon qaynashi GERKning eng muhim alomatidir. Agar jig‘ildon qaynashi asosiy yoki yagona alomat bo‘lsa, bemorlarning 75 % ida uning sababi GERK hisoblanadi. O‘z navbatida, jig‘ildon qaynashi GERKning eng ko‘p uchraydigan alomati bo‘lib, GERK bilan kasallangan bemorlarning kamida 75 % ida kuzatiladi.

Jig‘ildon qaynashi ko‘pincha (ammo har doim ham emas) qizilo‘ngach shilliq qavatining yallig‘lanishi — ezofagitni keltirib chiqaradi. Agar bunda GERK ham kuzatilsa, bunday kasallik reflyuks-ezofagit deb ataladi. Jig‘ildon qaynashi, shuningdek, GERK asoratlari hisoblangan holatlar va kasalliklardan darak berishi mumkin: qizilo‘ngachning peptik yarasi, strikturalar (qizilo‘ngachning torayishi), Barrett qizilo‘ngachi (ehtimoliy saratonoldi kasalligi) va qizilo‘ngach adenokarsinomasi. Jig‘ildon qaynashiga qizilo‘ngach, me’da va o‘n ikki barmoq ichak motorikasining buzilishi ham sabab bo‘lishi mumkin.

Funksional jig‘ildon qaynashi (kasallik)

Funksional jig‘ildon qaynashi — qizilo‘ngach kasalligi bo‘lib, «antisekretor preparatlar bilan optimal davolashga (har kuni birinchi ovqatlanishdan oldin standart dozaga nisbatan ikki baravar ko‘p doza qabul qilishga) qaramay saqlanib qoladigan ko‘krak suyagi ortidagi achishish yoki og‘riq hissi; bunda bemorda GERK uchun xos qizilo‘ngach shilliq qavatidagi patomorfologik o‘zgarishlar, shuningdek, ushbu shikoyatlarni izohlashi mumkin bo‘lgan qizilo‘ngachning strukturaviy va harakat faoliyati buzilishlari mavjud emas», deb ta’riflanadi. Funksional jig‘ildon qaynashida bemordagi noxush hislar bilan gastroezofageal reflyukslar (kislotali va kislotasiz) o‘rtasida bog‘liqlik bo‘lmaydi. Bunday bog‘liqlikning mavjud emasligini aniqlash uchun funksional tekshiruv usullari, xususan, qizilo‘ngach impedans-pH-metriyasi albatta qo‘llaniladi.

Instrumental tekshiruvlar

Shartli sutkalik pH-grammaning bir qismi: jig‘ildon qaynashi va keng ko‘lamli gastroezofageal reflyukslardan aziyat chekayotgan bemorga tegishli

Jig‘ildon qaynashi turli me’da-ichak trakti (MIT) kasalliklarining alomati hisoblanadi. Ayrim hollarda faqat bemorni so‘rab-surishtirish asosida tashxis qo‘yish va davolashni tayinlash mumkin bo‘lsa, boshqa hollarda bemorning MITini instrumental tekshiruvdan o‘tkazish talab etiladi. Eng keng tarqalgan tekshiruv — ezofagogastroskopiya; bu muolaja vaqtida shifokor endoskop yordamida qizilo‘ngach va me’da yuzasini ko‘zdan kechiradi hamda shilliq qavatning holati haqida xulosa chiqaradi. Bemor ushbu tekshiruvdan bosh tortsa, unga rentgen-kontrast tekshiruvi, ya’ni MITning yuqori qismlarini tekshirish tayinlanishi mumkin. Ushbu usul kamroq ma’lumot beradi, biroq qizilo‘ngachning toraygan joylarini va diafragmaning qizilo‘ngach teshigi churrasini aniqlashga yordam berishi mumkin.

Miqdoriy jihatdan me’da shirasi kislotasining qizilo‘ngachga ta’sirini baholash imkonini beradigan tekshiruv — sutkalik pH-metriya. Ushbu muolajada bemorning burni orqali ingichka pH-zond kiritiladi. Uning yordamida odatiy turmush tarzini davom ettirayotgan bemorning qizilo‘ngachi va me’dasidagi bir-ikki nuqtada kislotalilik qiymatlari qayd etiladi. Qizilo‘ngachning pastki sfinkteri yopilish qobiliyatini va qizilo‘ngach motorikasini tekshirish uchun qizilo‘ngach manometriyasi qo‘llaniladi.

Gastroezofageal reflyukslar va jig‘ildon qaynashi ehtimolini oshiradigan omillar

Jig‘ildon qaynashi ko‘pincha quyidagilar iste’mol qilingandan keyin kuchayadi: shokolad, qahva, quyuq damlangan choy, yalpiz, yog‘li taomlar, sitrus mevalar, issiq, gazlangan yoki alkogolli ichimliklar. Me’yoridan ortiq ovqatlanish, uyqugacha 2–3 soatdan kam vaqt qolganida ovqatlanish jig‘ildon qaynashini qo‘zg‘atuvchi omillardir. Ortiqcha vaznli kishilar jig‘ildon qaynashidan ko‘proq aziyat chekadi. Tamaki mahsulotlarini chekish me’dada kislota ajralishini rag‘batlantiradi hamda qizilo‘ngachning pastki sfinkteri bo‘shashishiga yordam beradi. Jig‘ildon qaynashi bemor gorizontal holatda bo‘lganida, shuningdek, gavdasini egib yoki bukib turganida ko‘proq yuz beradi. Qorinni qisib turadigan tor kiyim jig‘ildon qaynashini qo‘zg‘atishi mumkin. Diafragmaning qizilo‘ngach teshigi churrasi mavjudligi ham jig‘ildon qaynashi ehtimolini biroz oshiradi.

Turmush tarzini o‘zgartirish

Jig‘ildon qaynashidan aziyat chekadigan bemorlar turmush tarziga o‘zgartirish kiritishga harakat qilishlari va parhezga rioya etishlari kerak. Yuqorida sanab o‘tilgan mahsulotlardan voz kechish, ozroq miqdorda, lekin tez-tez ovqatlanish, uyqudan oldin ovqat yemaslik, tana vaznini kamaytirish, chekish, alkogol va tanani qisib turuvchi kiyimlardan voz kechish, bosh tomoni ko‘tarilgan karavotda uxlash bemorning holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi va jig‘ildon qaynashi takrorlanish sonini kamaytirishi mumkin.

Kamroq, lekin tez-tez (kuniga 4-6 marta) ovqatlanish kerak. Bunday ovqatlanish tartibida me’da bo‘sh qolmaydi, demak, unda kamroq kislota ishlab chiqariladi. Sekretor faoliyatni sekinlashtirish uchun ovqatni shoshilmay yeyish kerak. Kechki ovqatni uyquga yotishdan 3 soat oldin iste’mol qilish lozim. Ovqatlangandan so‘ng qizilo‘ngachni tozalash uchun suv iching.

Dori vositalari bilan davolash

Jig‘ildon qaynashi kislotani neytrallovchi preparatlar, xususan, retseptsiz beriladigan antatsidlar va alginatlar yordamida bartaraf etiladi. Bunda bemor ushbu preparatlarni qabul qilish bo‘yicha dastlabki maslahatni dorixonadan olishi nazarda tutiladi. AQSHda ayrim proton pompasi ingibitorlari ham retseptsiz beriladigan vositalar qatoriga kirgani sababli, ular ham jig‘ildon qaynashi va GERKni davolash bo‘yicha bemorlarga beriladigan tavsiyalarda, bemorlar provizorlar (oliy ma’lumotli farmatsevtlar) ishtirokida tanlaydigan preparatlar qatorida keltiriladi.

Ko‘plab zamonaviy rossiyalik va xorijiy gastroenterologlar, jumladan, Rossiya Gastroenterologlar ilmiy jamiyati fikriga ko‘ra, jig‘ildon qaynashidan shikoyat qilib murojaat qilgan bemorlarga shifokor tayinlashi kerak bo‘lgan asosiy preparatlar sinfi proton pompasi ingibitorlari bo‘lishi lozim.

Jarrohlik yo‘li bilan davolash

Eng og‘ir hollarda, qizilo‘ngachning pastki sfinkterining yopilish funksiyasi yetarli bo‘lmasa va terapevtik davolashga bo‘ysunmasa, jarrohlik amaliyoti bajarilib, ushbu funksiyani tuzatish ko‘zda tutiladi. Jarrohlik yo‘li bilan davolashning istiqbolli yo‘nalishi — reflyuksga qarshi laparoskopik amaliyotlar bo‘lib, ularda «yetarli ishlamaydigan» qizilo‘ngach pastki sfinkteri sohasida yopuvchi mexanizm tuzilishini takrorlaydigan sun’iy sfinkter shakllantiriladi. Bundan maqsad reflyuks kasalligi bilan og‘rigan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolashning yaqin va uzoq muddatli natijalarini yaxshilashdir.

Adabiyotlar

  • Jig‘ildon qaynashi // Uy xo‘jaligining qisqacha ensiklopediyasi / muharrir: A. I. Revin. — M.: Sovet ensiklopediyasi, 1960. — J. 1. — B. 219. — 770 bet.

2-jild O—Ya