Markaziy nerv tizimi nima

Markaziy nerv tizimi (MNT) — hayvonlar va odamda nerv tizimining asosiy qismi bo‘lib, neyronlardan, ularning o‘simtalari va yordamchi neyrogliya hujayralaridan iborat; umurtqasizlarda esa bir-biri bilan chambarchas bog‘langan nerv tugunlari (gangliyalar) tizimi ko‘rinishida, umurtqali hayvonlarda (jumladan, odamda) esa orqa miya va bosh miya ko‘rinishida namoyon bo‘ladi.

MNTning asosiy va o‘ziga xos vazifasi oddiy va murakkab reflekslarni amalga oshirishdan iborat. Odam va boshqa yuksak hayvonlarda MNTning quyi va o‘rta bo‘limlari — orqa miya, uzunchoq miya, o‘rta miya, oraliq miya va miyacha — yuqori darajada rivojlangan organizmning alohida a’zolari va tizimlari faoliyatini boshqaradi, ular o‘rtasidagi aloqa va o‘zaro ta’sirni ta’minlaydi, organizmning birligi hamda faoliyatining yaxlitligini saqlaydi. MNTning eng yuqori bo‘limi — katta yarimsharlar po‘stlog‘i va bosh miyaning unga yaqin po‘stloqosti tuzilmalari organizmning yaxlit holda tashqi muhit bilan aloqasi va munosabatlarini asosan boshqaradi.

Tuzilishi va vazifalari

Markaziy nerv tizimi organizmning barcha a’zolari va to‘qimalari bilan periferik nerv tizimi orqali bog‘lanadi; umurtqali hayvonlarda uning tarkibiga bosh miya nervlari — bosh miyadan chiqadigan, orqa miya nervlari — orqa miyadan chiqadigan nervlar, shuningdek, umurtqalararo nerv tugunlari kiradi. Vegetativ nerv tizimining periferik bo‘limlari esa ularga keluvchi va ulardan ketuvchi nerv tolalari bilan bog‘langan nerv tugunlaridan iborat. MNT tarkibiga neyrogliya hujayralari kiradi. Ular MNTda tayanch va himoya vazifasini bajaradi, nerv hujayralarining moddalar almashinuvida ishtirok etadi. Bosh miya va orqa miya uchta miya pardasi bilan o‘ralgan: qattiq, to‘rsimon va tomirli pardalar. Bosh miyaning himoya qobig‘i — bosh suyagi; orqa miya esa umurtqa pog‘onasi bilan o‘ralgan.

Sezuvchi yoki afferent nervlar periferik retseptorlardan MNTga qo‘zg‘alishni olib keladi; olib chiquvchi efferent (harakatlantiruvchi va vegetativ) nerv tolalari orqali qo‘zg‘alish MNTdan ijrochi a’zolarning hujayralariga (mushaklar, bezlar, qon tomirlari va boshqalarga) uzatiladi. Afferent va efferent hujayralar o‘z o‘simtalari orqali bir-biri bilan tutashib, ikki neyronli refleks yoyini hosil qilishi mumkin; bu yoy oddiy reflekslarni (masalan, orqa miyaning pay reflekslarini) amalga oshiradi. Biroq, odatda, refleks yoyida afferent va efferent neyronlar orasida oraliq neyronlar joylashadi. MNTning turli bo‘limlari o‘rtasidagi aloqa ham shu bo‘limlardagi afferent, efferent va oraliq neyronlarning o‘simtalari orqali amalga oshadi; bu o‘simtalar markaz ichidagi qisqa va uzun o‘tkazuvchi yo‘llarni hosil qiladi.

Qattiq parda — tashqi, biriktiruvchi to‘qimadan tashkil topgan bo‘lib, bosh suyagi va umurtqa kanalining ichki bo‘shlig‘ini qoplaydi. To‘rsimon parda qattiq pardaning ostida joylashgan — bu nervlar va qon tomirlari kam bo‘lgan yupqa pardadir. Tomirli parda miya bilan zich birikkan, uning egatlari ichiga kiradi va ko‘plab qon tomirlarini o‘z ichiga oladi.

Orqa miya umurtqa kanalida joylashgan bo‘lib, oq rangli tizimcha ko‘rinishiga ega. Orqa miyaning oldingi va orqa yuzalarida bo‘ylama egatlar joylashgan. Uning markazidan markaziy kanal o‘tadi; uning atrofida ko‘plab nerv hujayralaridan tashkil topgan kulrang modda to‘plangan bo‘lib, kapalak konturini hosil qiladi.

Orqa miyaning oq moddasi orqa miya bo‘ylab cho‘zilgan o‘tkazuvchi yo‘llarni hosil qiladi. Bu yo‘llar orqa miyaning alohida segmentlarini o‘zaro, shuningdek, orqa miyani bosh miya bilan bog‘laydi. O‘tkazuvchi yo‘llarning bir guruhi ko‘tariluvchi yoki sezuvchi yo‘llar deb ataladi; ular qo‘zg‘alishni bosh miyaga uzatadi. Boshqa guruhi esa tushuvchi yoki harakatlantiruvchi yo‘llar bo‘lib, impulslarni bosh miyadan orqa miyaning muayyan segmentlariga olib boradi. Ular reflektor va o‘tkazuvchi vazifalarni bajaradi. Orqa miya faoliyati bosh miya nazorati ostida bo‘lib, u orqa miya reflekslarini boshqaradi.

Odamning bosh miyasi bosh suyagining miya qismida joylashgan. Uning o‘rtacha massasi 1300—1400 g. Bosh miyaning o‘sishi 20 yoshgacha davom etadi. U 5 bo‘limdan iborat: oldingi, oraliq, o‘rta, ortki va uzunchoq miya. Bosh miya ichida o‘zaro tutashgan 4 ta bo‘shliq — miya qorinchalari mavjud. Ular miya-orqa miya suyuqligi bilan to‘ldirilgan. Filogenetik jihatdan qadimiyroq qismi — bosh miya ustuni. Bosh miya ustuni quyidagi tuzilmalarni o‘z ichiga oladi: uzunchoq miya, Varoliy ko‘prigi, o‘rta miya va oraliq miya. 12 juft bosh miya nervlari miya ustunida joylashgan. Miya ustuni bosh miya yarimsharlari bilan qoplangan.

Uzunchoq miya orqa miyaning davomi bo‘lib, uning tuzilishini takrorlaydi; oldingi va orqa yuzalarida egatlar joylashgan. U oq moddadan iborat bo‘lib, uning ichida kulrang modda to‘plamlari — yadrolar tarqalgan. 9-juftdan 12-juftgacha bo‘lgan bosh miya nervlari shu yadrolardan boshlanadi.

Ortki miya Varoliy ko‘prigi va miyachadan iborat. Varoliy ko‘prigi pastdan uzunchoq miya bilan chegaralangan, yuqoriga qarab miya oyoqchalariga davom etadi; uning yon qismlari miyachaning o‘rta oyoqchalarini hosil qiladi. Miyacha ko‘prik va uzunchoq miyaning orqa tomonida joylashgan. Uning yuzasi kulrang moddadan (po‘stloqdan) iborat. Po‘stloq ostida yadrolar joylashgan.

O‘rta miya Varoliy ko‘prigining old tomonida joylashgan bo‘lib, to‘rt tepalik va miya oyoqchalaridan iborat. Oraliq miya eng yuqori o‘rinni egallaydi va miya oyoqchalarining old tomonida joylashgan. U ko‘ruv do‘mboqlari (talamus), bo‘rtma usti sohasi (epitalamus), bo‘rtma osti sohasi (gipotalamus) va tizzasimon tanalardan tashkil topgan. Oraliq miyaning chetki qismida oq modda joylashgan. Oldingi miya kuchli rivojlangan yarimsharlar va ularni birlashtiruvchi o‘rta qismdan iborat. Egatlar yarimsharlar yuzasini bo‘laklarga ajratadi; har bir yarimsharda 4 ta bo‘lak farqlanadi: peshona, tepa, chakka va ensa bo‘laklari.

Analizatorlar faoliyati tashqi moddiy olamni ongimizda aks ettiradi. Odam va yuksak hayvonlar bosh miya po‘stlog‘ining faoliyati I. P. Pavlov tomonidan oliy nerv faoliyati deb ta’riflangan; u bosh miya po‘stlog‘ining shartli reflektor funksiyasidan iborat.

Adabiyotlar