Makkajo‘xori kraxmali haqida

Makkajo‘xori kraxmali
100 g mahsulot tarkibi
Energetik qiymati 381 kkal 1593 kJ
Oqsillar 0,3 g
Yog‘lar 0,1 g
Uglevodlar 91 g
— shakarlar 0 g

Makkajo‘xori kraxmali — kraxmalning makkajo‘xori donlaridan olinadigan turi. U oq rangli, ta’msiz va hidsiz kukunsimon moddadir. Makkajo‘xori kraxmali sho‘rvalar, kremlar, souslar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini quyuqlashtirishda keng qo‘llanadi. Shuningdek, sanoatda yelim va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishda ishlatiladi. Makkajo‘xori kraxmalini makkajo‘xori uni — donni maydalash orqali olinadigan mahsulot bilan adashtirmaslik kerak.

Olish texnologiyasi

Makkajo‘xori kraxmalini olish jarayonida don 0,2 % konsentratsiyali sulfit kislota eritmasida 48-50 °C haroratda 48-50 soat davomida ishlovdan o‘tkaziladi. Bunda donlar bo‘kadi va ular tarkibidagi moddalarning bir qismi eritmaga o‘tadi. Keyin don maydalanadi, hosil bo‘lgan massadan («bo‘tqa» deb ataladigan aralashmadan) murtaklar ajratib olinadi. Bu murtaklardan keyinchalik makkajo‘xori moyi olinadi. Shuningdek, oziq tolalari ajratiladi. Natijada kraxmal va gluten hosil bo‘ladi. Gluten keyingi ishlov berish jarayonida ajratib olinadi. Tozalangan makkajo‘xori kraxmali suvsizlantirilib, sotuvga tayyor mahsulot olinadi. Shuningdek, issiqlik bilan ishlov berilgan modifikatsiyalangan makkajo‘xori kraxmali ham mavjud.

Qo‘llanilishi

Kraxmalning yuqori gigroskopikligi uni oziq-ovqat mahsulotlarida quyuqlashtiruvchi va qotib, bo‘laklanib qolishning oldini oluvchi vosita sifatida foydali qiladi. Kleysterlanish harorati yuqori bo‘lgani sababli makkajo‘xori kraxmali konfet ishlab chiqarishda quyma qoliplar uchun ishlatiladi. Tibbiyotda makkajo‘xori kraxmali dori vositalari uchun neytral asos sifatida qo‘llanadi. U makkajo‘xori siropi ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblanadi. Makkajo‘xori kraxmalini kislotali gidrolizlash orqali makkajo‘xori patokasi ham olinadi. Sanoatda makkajo‘xori kraxmali yelim, qog‘oz va akril bo‘yoqlar ishlab chiqarishda qo‘llanadi.

Oziqaviy qiymati

Makkajo‘xori kraxmali tarkibida uglevodlar ko‘p, vitaminlar, oqsillar, oziq tolalari va mineral moddalar esa kam. Uning oziqlik qiymati[aniqlashtirish] past, biroq kaloriyaliligi ancha yuqori. Uning tarkibida kaliy, natriy, kalsiy va temir ham bor, ammo ularning miqdori kartoshka kraxmalidagiga qaraganda kamroq.