Makedoniya imperiyasi

Tarixiy davlat
Makedoniya imperiyasi
Карта империи Александра Македонского
Imperiya xaritasi: Makedoniyalik Aleksandr
← 
← 
← Древние Афины
Эллинистический Египет →
Государство Селевкидов →
Древняя Македония →
Понтийское царство →
Древнеэпирское царство →
Poytaxti Pella, Bobil
Til(lar) qadimgi makedon tili, koyne, attika lahjasi, qadimgi fors tili, oromiy tili, akkad tili
Dini qadimgi yunon dini, zardushtiylik, qadimgi Misr dini, Bobil dini, yahudiylik, buddaviylik, mahalliy e’tiqodlar
Pul birligi tetradraxma
Maydoni 5 200 000 km² (mil. avv. 323-yil)
Boshqaruv shakli monarxiya
Sulola Argeadlar

Makedoniya imperiyasi (yun. Μακεδονική αυτοκρατορία, Makedoniki autokratoría) — Makedoniya podshosi Buyuk Aleksandr va uning vorislari — diadoxlarning mil. avv. 334—301-yillarda Ahamoniylar imperiyasi qulaganidan so‘ng tashkil topgan ulkan saltanatining zamonaviy nomi. Aleksandr vafot etgach, uning vorislari imperiyani bir qator urushlar davomida bo‘lib oldilar. Bu urushlar mil. avv. 323-yildan 301-yilgacha davom etdi. Diadoxlar o‘rtasidagi kurash natijasida Salavkiylar davlati (Suriya), ellinistik Misr, Bitiniya, Pergam va Makedoniya vujudga keldi. Ular birgalikda ellinistik dunyoni tashkil etgan. Makedoniya imperiyasi Xitoy, Hindiston va O‘rta yer dengizi mintaqasidagi ayrim davlatlardan tashqari, o‘sha davrdagi deyarli butun sivilizatsiyalashgan dunyoga hukmronlik qilgan.

Tarixi

Makedoniya imperiyasining kengayishi (pushti rangda)

Filippning o‘g‘li Aleksandr III (Buyuk) o‘z hukmronligi davrida Makedoniya podsholigi chegaralarini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi. U podsholik tarkibiga nafaqat yunon polislarini, balki butun Fors imperiyasini, Qadimgi Misrni va qisman Hindistonni ham qo‘shib olib, shu tariqa imperiya barpo etdi. Biroq istilochining vafotidan so‘ng imperiya uzoq yashamadi: u o‘z sarkardalari — diadoxlar o‘rtasida bo‘lib olindi. Makedoniya va Yunoniston sarkardalardan biri — Bir ko‘zli Antigon Iga o‘tdi. U Antigoniylar sulolasiga asos soldi. Imperiyaning eng katta qismi Salavkiylar davlati tarkibiga kirdi.

Hindistondagi istilolarining ramzi bo‘lgan fil boshi bilan tasvirlangan Aleksandr

Aleksandr zabt etilgan davlatlarning madaniy merosidan faol foydalangan. Shu bilan birga, u bo‘ysundirilgan xalqlarni Yunoniston madaniyati bilan tanishtirgan va yunon ilmlarini o‘rganishni rag‘batlantirgan. Yangi tashkil topgan imperiya Aleksandrning vafotidan ko‘p o‘tmay parchalanib ketgan bo‘lsa-da, uning merosi saqlanib qoldi va bo‘ysundirilgan xalqlarga ellinizm davriga kirish imkonini berdi. Osiyodagi ellinistik mamlakatlar aholisi hatto milodiy II asrda ham Yer yuzi aholisining to‘rtdan biridan ortig‘ini tashkil etgan. Yunon tilining koyne shakli ming yildan ortiq vaqt davomida dunyoning aksariyat mamlakatlarida xalqaro muloqot tili bo‘lib xizmat qilgan.

O‘z harbiy yurishlaridan so‘ng Aleksandr qo‘shinlarini Italiya yarimorolining «tovon» qismiga olib o‘tish uchun ulkan flot qurishni boshladi. Biroq u o‘z rejalarini amalga oshirishga ulgurmadi, chunki mil. avv. 323-yilda vafot etdi. Shundan keyin imperiya diadoxlar — Aleksandrning sobiq sarkardalari o‘rtasidagi ichki nizolar tufayli parchalana boshladi. Makedoniya imperiyasining so‘nggi nomigagina hukmronlik qilgan podshosi Makedoniyalik Aleksandr IV bo‘lib, u mil. avv. 309-yilda o‘ldirilgan. Imperiya diadoxlar o‘rtasida uzil-kesil bo‘lib olindi.

Davlat hududi

Aleksandr imperiyasi shaxsiy uniyaga (personal union) asoslangan bo‘lib, u uchta alohida suveren hududni: Makedoniya podsholigi, Ahamoniylar imperiyasi va Misr podsholigini (dastlab Ahamoniylar tasarrufidagi hudud) birlashtirgan.

Bundan tashqari, Aleksandr Korinf ittifoqidagi aksariyat yunon shaharlari hamda Bolqondagi ayrim varvar qabilalari ustidan oliy hokimiyatga ega bo‘lgan.

Uning imperiyasi hozirgi davlatlar egallab turgan kamida 19 ta hududni (Yunoniston, Shimoliy Makedoniya, Bolgariya, Turkiya, Suriya, Iordaniya, Isroil, Falastin, Livan, Kipr, Misr, Liviya, Iroq, Eron, Quvayt, Afg‘oniston, Turkmaniston, Tojikiston, O‘zbekiston va Pokiston), shuningdek, imperiya chegaralaridagi ayrim boshqa davlatlarning (Ukraina, Ruminiya, Albaniya, Armaniston, Ozarbayjon va Hindiston) hududlarini qisman qamrab olgan. Mil. avv. 336 va 324-yillar oralig‘ida Makedoniyalik Aleksandr qo‘shinlari Ahamoniylar imperiyasi va Hindistonning shimoli-g‘arbini zabt etib, davlat maydonini 260.000 dan 5,2 mln km² gacha kengaytirgan. Shu tariqa imperiya atigi o‘n ikki yil ichida 20 baravar kengayib, antik dunyoning eng yirik imperiyasiga aylangan.

Buyuk Aleksandrning istilochilik yurishlari va imperiyasi. Brokgauz va Yefron ensiklopediyasidagi «Buyuk Aleksandr» maqolasiga ishlangan illyustratsiya

Qadimgi tarixchilarning fikri

Mil. avv. I asrda yashagan qadimgi yunon tarixchisi Galikarnaslik Dionisiy Makedoniya davlatini quyidagicha tasvirlaydi: «Makedoniya davlati forslar saltanatini yo‘q qilib, o‘z qudratining ulug‘vorligi bilan o‘zidan oldingi barcha davlatlardan ustun keldi. Biroq uning gullab-yashnagan davri uzoqqa cho‘zilmadi: Aleksandr vafotidan keyin u tanazzulga yuz tuta boshladi. Darhol diadoxlar orasidan chiqqan ko‘plab hukmdorlar tomonidan bo‘lib tashlangan makedoniyaliklar saltanati, garchi ulardan keyingi ikkinchi yoki uchinchi avlodgacha ham barchadan ilg‘or bo‘lib qolish qudratini saqlagan bo‘lsa-da, o‘zaro nizolar tufayli zaiflashdi va oxir-oqibat rimliklar tomonidan tor-mor etildi. Hatto u ham butun quruqlik va barcha dengizlarni o‘ziga bo‘ysundira olmadi, chunki Misrga tutashgan kichik bir hududni hisobga olmaganda, Liviyani o‘z hukmronligi ostiga olmadi va butun Yevropani zabt etmadi. Makedoniyaliklar shimolda faqat Frakiyagacha, g‘arbda esa Adriatika dengizigacha yetib bordilar». Galikarnaslik Dionisiyning «Rim qadimiyatlari» asari.

Badiiy adabiyotda

Adabiyotdagi muqobil tarix janrining asoschisi rimlik tarixchi Tit Liviy hisoblanadi. U Rim imperiyasi va Makedoniyalik Aleksandr imperiyasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik qanday kechishi mumkinligini tasvirlab, Aleksandr mil. avv. 323-yilda vafot etmay, yashashda va o‘z imperiyasini boshqarishda davom etgan deb faraz qilgan.