| Leykopeniya | |
|---|---|
| XKT-11 | MA16.10 |
| XKT-10 | D70 |
| XKT-10-KM | D72.819 |
| XKT-9 | 288.50 |
| XKT-9-KM | 288.50 |
| DiseasesDB | 32396 |
| MeSH | D007970 |
Leykopeniya (leykotsit + yunoncha peniya (πενία) — «yetishmovchilik; tanqislik» so‘zlaridan) — leykotsitlar sonining hajm birligida kamayishi; qonda (4000 dan kam leykotsit/1 mkl), yetuk neytrofillarning harakat faolligi («dangasa leykotsitlar» sindromi) va ularning suyak ko‘migidan qonga chiqishi buziladi. Neytropeniya leykopeniyaning kichik turi bo‘lib, aylanib yuruvchi neytrofil granulotsitlar, oq qon hujayralarining eng ko‘p qismini tashkil etadi.
Sabablari
Quyidagi kasalliklarda kuzatiladi: qorin tifida, brutsellyozda, grippda, poliomiyelitda, virusli gepatitlarda, jigar sirrozida, bezgakda, leyshmaniozda, aplastik va pernitsioz anemiyada, ionlashtiruvchi nurlanish ta’sirida va boshqalar. Leykopeniya ayrim dori vositalarini (amidopirin, butadion, sulfanilamid preparatlari, metiltiouratsil) qabul qilish natijasida ularga yuqori sezuvchanligi bo‘lgan odamlarda yuzaga keladi. Bolalarda leykopeniya tug‘ma timusdan kelib chiqqan immunitet tanqisligi kasalliklarida rivojlanishi mumkin.
Alomatlar
Organizmning asta-sekin zaiflashishi, tana haroratining ko‘tarilishi, qaltirash, tezlashgan puls, bezovtalik, bosh og‘riqlari, butun organizmning holdan toyishi, pnevmoniya va qon infeksiyasi kuzatilishi mumkin; bular yengil shok holatini keltirib chiqarishi mumkin. Agar leykotsitlar miqdorining kamayishi muayyan dori vositalariga reaksiya bilan bog‘liq bo‘lsa, alomatlar juda tez kuchayadi. Leykotsitlar miqdorining kamligi limfa bezlarining shishishi, taloq va bodomcha bezlarining kattalashishi, shuningdek, hamroh kasalliklarning alomatlari bilan namoyon bo‘ladi.
Davolash
Davolashda quyidagi preparatlardan foydalaniladi:
- Batilol (Batilolum)
- Leykogen (Leucogenum)
- Metiluratsil (Methyluracilum)
- Natriy nukleinat (Natrii nucleinas)
- Natriy nukleospermat (NPTs Farmzashchita)
- Natriy xlorofillin (Sodium Chlorophyllin SPbGLTA)
- Pentoksil (Pentoxylum)
- Piridoksin (Pyridoxinum)
- Etaden (Etadenum)