Kalit kriptografiyada — axborot, odatda faylda saqlanadigan raqamlar yoki harflar ketma-ketligidan iborat bo‘lib, kriptografik algoritm yordamida shifrlash va xabarlarni shifrdan chiqarish, raqamli imzoni yaratish va tekshirish, autentifikatsiya kodlarini hisoblashda qo‘llanadi. Bir xil algoritmdan foydalanilganda shifrlash natijasi kalitga bog‘liq bo‘ladi. Zamonaviy kuchli kriptografiya algoritmlarida kalit yo‘qolsa, axborotni shifrdan chiqarish amalda imkonsiz bo‘lib qoladi.
Kriptografiyada Kerkgoffs tamoyiliga ko‘ra, kriptografik tizimning ishonchliligi ishlatilayotgan algoritmlar yoki ularning xususiyatlarini yashirishga emas, balki maxfiy kalitlarning sir saqlanishiga asoslanishi kerak.
Kalit uzunligi
Kalitdagi axborot miqdori, odatda, bitlarda o‘lchanadi.
Kalit uzunligi axborot bloki uzunligi bilan bir qatorda kriptografik tizim bardoshliligi ning asosiy ko‘rsatkichidir. Kriptografik bardoshlilik darajasiga ko‘ra, tizimlar o‘ta yuqori (axborot bloki uzunligi va kalit uzunligi kamida 512 bit), yuqori (kamida 256 bit), me’yoriy (kamida 128 bit) va qoniqarli (axborot bloki uzunligi kamida 64 bit, kalit uzunligi esa kamida 128 bit) bardoshlilikka ega turlarga ajratiladi. Ushbu tasnif blokli shifrlarga tatbiq etiladi, ammo oqimli shifrlarga taalluqli emas.
Zamonaviy simmetrik algoritmlar (AES, CAST5, IDEA, Blowfish, Twofish) uchun 128 bit va undan uzun kalit bilan shifrlash kuchli hisoblanadi, chunki kalitsiz axborotni shifrdan chiqarish uchun qudratli superkompyuterlarning ko‘p yillik ishi talab etiladi. Sonlar nazariyasiga oid masalalarga asoslangan asimmetrik algoritmlarda (masalan, ko‘paytuvchilarga ajratish — RSA, shuningdek, diskret logarifm — Elgamal) ularning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli kalitning ishonchli eng kam uzunligi 1024 bit deb hisoblanadi.
Elliptik egri chiziqlar nazariyasiga asoslangan asimmetrik algoritmlarda (ECDSA, GOST R 34.10-2001, DSTU 4145-2002) kalitning ishonchli eng kam uzunligi 163 bit deb hisoblanadi, biroq 191 bit va undan uzun kalitlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Kalitlarning tasnifi
Kriptografik kalitlar ulardan foydalaniladigan algoritmlarga ko‘ra bir-biridan farqlanadi.
- Maxfiy (simmetrik) kalitlar — simmetrik algoritmlarda (shifrlash, autentifikatsiya kodlarini hosil qilish) ishlatiladigan kalitlar. Simmetrik kalitlarning asosiy xususiyati shuki, to‘g‘ri va teskari kriptografik o‘zgartirishlarni (shifrlash/shifrdan chiqarish, MAC kodini hisoblash/MAC kodini tekshirish) bajarish uchun aynan bir xil kalitdan foydalanish kerak (yoki teskari o‘zgartirish kalitini to‘g‘ri o‘zgartirish kalitidan va aksincha, osongina hisoblab topish mumkin). Bir tomondan, bu xabarlar maxfiyligini yuqoriroq darajada ta’minlaydi, boshqa tomondan esa foydalanuvchilari ko‘p bo‘lgan tizimlarda kalitlarni tarqatish muammosini yuzaga keltiradi.
- Asimmetrik kalitlar — asimmetrik algoritmlarda (shifrlash, elektron raqamli imzo) ishlatiladigan kalitlar. Aniqrog‘i, ular kalitlar juftligini tashkil qiladi, chunki ikkita kalitdan iborat:
- Yopiq kalit (ingl. Private key) — faqat o‘z egasiga ma’lum bo‘lgan kalit. Foydalanuvchi o‘z yopiq kalitini sir saqlagandagina yovuz niyatli shaxs uning nomidan hujjat va raqamli imzoni qalbakilashtira olmasligi kafolatlanadi.
- Ochiq kalit (ingl. Public key) — ommaga e’lon qilinishi mumkin bo‘lgan kalit. U imzolangan hujjatning haqiqiyligini tekshirish, shuningdek, imzo qo‘ygan shaxsning keyinchalik hujjatni imzolaganini inkor etishi orqali firibgarlik qilishining oldini olish uchun ishlatiladi. Imzo uchun ochiq kalit yopiq kalitdan muayyan funksiya orqali hisoblab topiladi, ammo ochiq kalitni bilish yopiq kalitni aniqlash imkonini bermaydi.
Kalitlar juftligining asosiy xususiyati shuki, maxfiy kalitdan ochiq kalitni oson hisoblab topish mumkin, ammo ma’lum ochiq kalitdan maxfiy kalitni hisoblab topish amalda imkonsizdir.
Elektron raqamli imzo algoritmlarida imzo qo‘yish uchun maxfiy kalit, imzoni tekshirish uchun esa ochiq kalit ishlatiladi. Shunday qilib, har kim muayyan foydalanuvchi ushbu imzoni haqiqatan qo‘ygan-qo‘ymaganini tekshirishi mumkin. Shu tariqa asimmetrik algoritmlar axborotning nafaqat yaxlitligini, balki haqiqiyligini ham ta’minlaydi. Shifrlashda esa buning aksi: xabarni shifrlash uchun ochiq kalit, shifrdan chiqarish uchun esa maxfiy kalit ishlatiladi. Demak, xabarni faqat qabul qiluvchi shifrdan chiqara oladi, boshqa hech kim (hatto yuboruvchi ham) buni qila olmaydi.
Asimmetrik algoritmlardan foydalanish tizimda foydalanuvchi kalitlarini tarqatish muammosini bartaraf etadi, ammo yangi muammoni — olingan kalitlarning ishonchliligini tekshirish masalasini yuzaga keltiradi. Bu muammolar ochiq kalitlar infratuzilmasi (PKI) doirasida ma’lum darajada muvaffaqiyatli hal etiladi.
- Seans (sessiya) kalitlari — odatda aloqa kanalini himoyalash uchun ikki foydalanuvchi o‘rtasida hosil qilinadigan kalitlar. Odatda seans kaliti sifatida umumiy sir — bir tomonning maxfiy kaliti va ikkinchi tomonning ochiq kaliti asosida hosil qilinadigan axborot ishlatiladi. Seans kalitlari va umumiy sirlarni hosil qilish uchun bir nechta protokol mavjud. Jumladan, quyidagi algoritm shular qatoriga kiradi: Diffi — Xellman algoritmi.
- Hosila kalitlar — kriptografik algoritm ishlashi davomida asosiy kalit negizida hosil qilinadigan kalit axboroti. Ko‘pincha hosila kalitlar maxsus kalitni kengaytirish protsedurasi asosida hosil qilinadi.
Kalitlarni o‘rnatish sxemasi
Kalit almashinuvi (kalitlarni o‘rnatish sxemasi) tomonlar o‘rtasida shifrlash kalitini uzatish uchun ishlatiladi. Kalitlarni o‘rnatishning eng keng tarqalgan sxemalari quyidagilardir: Diffi — Xellman protokoli (DH) va RSA.
Kalitlarni boshqarish
Kalitlarni boshqarish — kriptografik kalitlar hamda xavfsizlikka oid boshqa parametrlar (masalan, initsializatsiya vektorlari[ingl.] va parollar) bilan kalitlarning butun hayotiy sikli davomida ishlash faoliyatidir. Bunga ularni yaratish, saqlash, o‘rnatish, kiritish va chiqarish, shuningdek, o‘chirish kiradi.