Kortikosteroidlar nima

Kortikosteroidlarning umumiy tuzilishi

Kortikosteroidlar (lot. cortex — po‘stloq, + steroidlar)  — bu steroid gormonlarining kichik sinfi bo‘lib, ular faqat buyrak usti bezlari po‘stlog‘i tomonidan ishlab chiqariladi, biroq jinsiy bezlar tomonidan ishlab chiqarilmaydi va ularda progestogen, androgen, estrogen faolligi mavjud emas, ammo ma’lum darajada glyukokortikoid yoki mineralokortikoid faolligi mavjud.

Kortikosteroidlar tasnifi

Glyukokortikoid yoki mineralokortikoid faollikning ustunligiga qarab, kortikosteroidlar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:

Asosiy glyukokortikoidlar inson organizmida sintezlanadi. Ular — gidrokortizon va kortizon, mineralokortikoid esa — aldosteron.

Glyukokortikoidlar — steroid yallig‘lanishga qarshi vositalar bo‘lib, ular nosteroid, giyohvandlik xususiyatiga ega bo‘lmagan og‘riq qoldiruvchi vositalardan farq qiladi (aspirin, indometatsin va boshqalar).

Glyukokortikoidlarni qo‘llashning asosiy ko‘rsatmalari quyidagilardan iborat: kollagenozlar, revmatizm, revmatoid artrit, bronxial astma, o‘tkir limfoblastik va miyeloblastik leykozlar, infeksion mononukleoz, neyrodermatit, ekzema va boshqa teri kasalliklari, turli allergik kasalliklar, gemolitik anemiya, glomerulonefrit, o‘tkir pankreatit, virusli gepatit, shokning oldini olish va uni davolash.

Glyukokortikoidlarning immunitetni susaytirish xususiyati (immunosupressiv ta’siri) a’zo va to‘qimalarni ko‘chirib o‘tkazishda (transplantatsiyada) ko‘chirib o‘tkazilgan a’zo yoki to‘qimaning rad etilish reaksiyasini bostirish, shuningdek, turli autoimmun kasalliklarda qo‘llanadi.

Mineralokortikoidlar Addison kasalligi, miasteniya, umumiy mushak zaifligi, adinamiya, gipoxloremiya va mineral almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq boshqa kasalliklarni davolashda qo‘llanadi. Kortikosteroidlar teri kasalliklarini davolashda mahalliy qo‘llanadigan ko‘plab kombinatsiyalangan preparatlar tarkibiga kiradi.

Kortikosteroidlardan tashqari, buyrak usti bezlari yana progestinlarni — progesteron va gidroksiprogesteron, turli androgenlarni, asosan kuchsizlarini, shuningdek, oz miqdorda estrogenlarni ham ishlab chiqaradi.

Nojo‘ya ta’sirlar

Glyukokortikoidlarning farmakologik ta’sirlari xilma-xil bo‘lib, bu ularning yuqori terapevtik ahamiyatini ham, nojo‘ya reaksiyalar yuzaga kelishi ehtimolini ham belgilaydi.

Glyukokortikoidlarning eng ko‘p uchraydigan nojo‘ya ta’sirlari quyidagilar: natriy va suvning organizmda ushlanib qolishi natijasida shishlar paydo bo‘lishi, kaliy yo‘qotilishi, arterial qon bosimining oshishi, qondagi glyukoza miqdorining ko‘payishi (hatto qandli diabetgacha yetishi mumkin — bunday holat steroid diabet deb ataladi), kalsiyning siydik bilan ajralib chiqishining kuchayishi va osteoporoz, to‘qimalarning tiklanish jarayonlari sekinlashishi, yara kasalligining zo‘rayishi, infeksiyalarga chidamlilikning pasayishi, qon ivuvchanligining ortishi va tromboz xavfi, husnbuzar paydo bo‘lishi, yuzning oyga o‘xshab dumaloqlashishi, semizlik, hayz siklining buzilishi, nevrologik buzilishlar va boshqalar. Shuni ham hisobga olish kerakki, mahalliy qo‘llanadigan kortikosteroid gormonlardan juda uzoq muddat foydalanish jiddiy nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin: taxifilaksiya, teri atrofiyasi, striyalar, zamburug‘li va bakterial infeksiyalarning rivojlanishi, allergik reaksiyalar va glaukoma.