Kompyuter animatsiyasi nima

Harakatni qayd etish texnologiyasi — motion capture. Multfilm qahramonining yuz mushaklari harakatini keyinchalik modellashtirish uchun aktyor yuz mushaklari harakati haqidagi ma’lumotlarni yozib olish.

Kompyuter animatsiyasi — animatsiyaning kompyuter yordamida, xususan, uch o‘lchamli kompyuter grafikasi («CGI-grafika») vositasida yaratiladigan turi bo‘lib, faqat shu texnologiya bilan cheklanmaydi. Kompyuterlar multfilmlar yaratishda 1980-yillardan boshlab keng qo‘llanilgan bo‘lsa-da, hozirda «kompyuter animatsiyasi» atamasi aynan uch o‘lchamli CGI-animatsiyani anglatadi. Kompyuter yordamida yaratiladigan ikki o‘lchamli chizilgan animatsiya uchun esa boshqa atamalar, masalan, «Flash-animatsiya» va «GIF-animatsiya».

Tarixi

Kompyuter animatsiyasining tarixi maxsus grafik dasturlar paketlarining paydo bo‘lishi va rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq.

Vizual effektlar texnologiyasi rivojidagi dastlabki qadamlardan biri 1961-yilda Ayven Sazerlend tomonidan yaratilgan Sketchpad tizimi bo‘lib, u kompyuter grafikasi davrini boshlab berdi. Ushbu tizimda foydalanuvchilar yorug‘lik qalami yordamida bevosita monitor ekranida rasmlar chizishlari mumkin edi. 1967-yilda Sazerlend Devid Evans bilan birga kompyuter grafikasi bo‘yicha o‘quv kursini ishlab chiqishga kirishdi. Bu tadqiqotlar yo‘lga qo‘yilgan AQShning Yuta shtati universitetida o‘sha paytda quyidagi mutaxassislar faoliyat yuritgan: Jim Klark — asoschisi bo‘lgan kompaniya: Silicon Graphics Inc., Edvin Katmull — kompyuter yordamida filmlar yaratish sohasining ilk namoyandalaridan biri, Jon Uornok — Adobe Systems kompaniyasi asoschisi hamda Photoshop va PostScript kabi mashhur mahsulotlarni ishlab chiquvchilardan biri edi. Dastlab obyektlarning uch o‘lchamli tasviri geometrik shakllar (ko‘pincha uchburchaklar) to‘plami asosida hosil qilingan. Bunda geometrik shakllar bir xil rang bilan to‘ldirilgan, oldingi plandagi obyektlar esa orqa plandagi obyektlarni to‘sib turgan.

1968-yilda SSSRda sovet olimlari N. N. Konstantinov, V. V. Minaxin va V. Yu. Ponomarenko «Mushukcha» nomli kompyuter multfilmini yaratishdi. Unda mushukning yurishi tasvirlangan. Harakatlarning barchasi kompyuterga kiritilgan differensial tenglamalar yordamida yaratilgan. Animatsiya kadrlari esa matnli printerda chop etilgan bo‘lib, unda piksel vazifasini rus alifbosidagi «Ш» harfi bajargan.

1971-yilda Anri Guro uchburchaklar rangini ularning uchlaridagi ranglarning chiziqli interpolatsiyasi orqali to‘ldirishni taklif qildi. Bu obyekt sirtidagi yorug‘lik intensivligini yanada ravon o‘zgartirish imkonini berdi. 1974-yilda Edvin Katmull Z-bufer konsepsiyasini taklif qildi, bu esa ko‘rinmaydigan qirralarni olib tashlash jarayonini tezlashtirdi. Katmullning yana bir ixtirosi uch o‘lchamli obyektlar sirtiga tekstura qoplash bo‘lib, obyektlar ko‘rinishining realistik bo‘lishiga xizmat qildi. Bui Tyong Fong ko‘pburchakning butun yuzasi bo‘ylab rang tuslarini interpolatsiya qilishni taklif qildi. Bu tasvirni yaxshiroq silliqlash imkonini berdi, biroq ancha katta hisoblash quvvatini talab qildi.

Jeyms Blinn 1976-yilda Fong usulida rang berish bilan obyekt sirtiga tekstura qoplashni birlashtirdi. 1980-yilda Terner Uitted vizuallashtirishning yangi usuli — nur yo‘llarini kuzatish (ray tracing) usulini taklif qildi. Unda yorug‘lik manbayidan kamera obyektivigacha bo‘lgan nurlar yo‘li, ularning sahnadagi obyektlardan qaytishi hisobga olingan holda kuzatiladi. 1986-yilda AT&T kompaniyasi shaxsiy kompyuterlarda animatsiya bilan ishlash uchun birinchi dasturlar paketini (TOPAS) chiqardi. Uning narxi 10000 dollar bo‘lib, Intel 80286 protsessorli hamda DOS operatsion tizimli kompyuterlarda ishlagan. 1990-yilda AutoDesk kompaniyasi 3D Studio dasturini sotuvga chiqardi. 1997-yilda Macromedia kompaniyasi FutureWave Software kompaniyasidan veb uchun mo‘ljallangan kichik grafik dasturni sotib oldi. Keyinchalik shu dastur asosida o‘z vaqtida keng tanilgan Macromedia Flash kompyuter animatsiyasi dasturi yaratildi. 1998-yilda Maya dasturi chiqarila boshlandi. Uning narxi 15 000 dan 30 000 dollargacha bo‘lgan.

Hozirgi dunyoda kompyuter animatsiyasi

Kompyuter animatsiyasi kino sanoatida, shuningdek, multfilm studiyalarida keng qo‘llaniladi.

Kompyuter animatsiyasidan foydalanilgan dastlabki filmlardan biri ko‘p qismli «Yulduzlar jangi».

Harakatni qayd etish

Animatsiya uchun ma’lumotlar maxsus uskunalar yordamida haqiqiy harakatlanayotgan obyektlardan yozib olinadi va ularning kompyuterdagi modellariga ko‘chiriladi. Ushbu texnikaning keng tarqalgan namunasi — harakatni qayd etish (motion capture) texnologiyasidir. Sensorlar o‘rnatilgan maxsus kostyum kiygan aktyorlar harakat qiladi. Ularning harakatlari kameralar orqali yozib olinadi va maxsus dasturiy ta’minot yordamida tahlil qilinadi. Aktyorlarning bo‘g‘imlari va oyoq-qo‘llari harakati haqidagi olingan ma’lumotlar virtual qahramonlarning uch o‘lchamli skeletlariga tatbiq etiladi. Shu tariqa ularning harakatlari juda ishonarli ko‘rinishga keltiriladi.

Ayni shu usul tirik aktyorning yuz mimikasini kompyuterdagi uch o‘lchamli qiyofasiga ko‘chirish uchun ham ishlatiladi.

Protseduraviy animatsiya

Protseduraviy animatsiya to‘liq yoki qisman kompyuter tomonidan hisoblab chiqiladi. Uning quyidagi turlarini ajratish mumkin:

  • Qattiq jismlarning fizik o‘zaro ta’sirini modellashtirish.
  • Zarrachalar tizimlari, suyuqliklar va gazlarning harakatini modellashtirish.
  • Yumshoq jismlar (mato, soch) o‘zaro ta’sirini modellashtirish.
  • Tashqi ta’sir ostida iyerarxik bog‘lanishlar tuzilmasi (qahramon skeleti) harakatini hisoblash (ragdoll).
  • Qahramonning avtonom (mustaqil) harakatini modellashtirish. Bunday tizimning namunasi — Euphoria dasturi.

Saqlash

Kompyuter animatsiyasini universal grafik fayllarda (masalan, GIF formatida) bir-biridan mustaqil tasvirlar to‘plami sifatida yoki tegishli animatsiya dasturlari paketlarining maxsus fayllarida (3ds Max, Blender, Maya va boshqalar) teksturalar hamda alohida elementlar shaklida saqlash mumkin. Shuningdek, uni ko‘rish uchun mo‘ljallangan formatlarda (FLIC[ingl.]) yoki o‘yinlarda ishlatishga mo‘ljallangan formatlarda (Bink) saqlash mumkin. Bundan tashqari, animatsiya videoni saqlash uchun mo‘ljallangan formatlarda ham saqlanishi mumkin (masalan, MPEG-4).

Qo‘llanilishi

Kompyuter animatsiyasidan (oldindan tayyorlangan grafik fayllarning slayd-shousini ketma-ket namoyish qilish, obyektlarning shaklini o‘zgartirish va qayta chizish orqali harakatni kompyuterda modellashtirish yoki oldindan tayyorlangan yoxud animatsiya davomida hosil qilinadigan harakat bosqichlari tasvirlarini ketma-ket ko‘rsatishdan) kompyuter o‘yinlarida, multimediali ilovalarda (masalan, ensiklopediyalarda), shuningdek, dizaynning alohida elementlarini «jonlantirish» uchun, jumladan, veb-sahifalar va reklamalarda (animatsiyali bannerlar) foydalanish mumkin. Veb-sahifalarda animatsiyani uslublar (CSS) va skriptlar (JavaScript) yordamida yoki Flash texnologiyasi yoxud uning muqobillari asosida yaratilgan modullar (flesh-animatsiya) orqali hosil qilish mumkin.

O‘tgan asrning 1980-yillari o‘rtalaridan boshlab kompyuter animatsiyasidan maxsus effektlarni kinematografiyada yaratishda foydalaniladi. Kompyuterda sintez qilingan tasvirlarga asoslangan muhim sahnalar mavjud bo‘lgan ilk film «Terminator 2: Qiyomat kuni».

Kompyuterda yaratiladigan 3D-animatsiyaning an’anaviy qo‘lda chizilgan animatsiyadan shubhasiz ustunligi shundaki, harakat vaqtida obyektning proporsiyalari (masalan, yuz tuzilishi) buzilmaydi. Qo‘lda kadrma-kadr chizishda esa bunday buzilishlar muqarrar.

Adabiyotlar