
Ko‘krak qafasi, ko‘krak (lot. Thorax) — gavdaning bir qismi. U to‘sh suyagi, 12 juft qovurg‘a, umurtqa pog‘onasining ko‘krak bo‘limi va mushaklardan tashkil topadi. Ko‘krak qafasi ichida ko‘krak bo‘shlig‘i (Cavum thoracis), shuningdek, diafragmaning egri shakli tufayli qorin bo‘shlig‘ining yuqori qismi ham joylashadi. Ko‘krak qafasining ichki va tashqi tomoniga birikkan nafas mushaklari yordamida nafas olish jarayoni amalga oshadigan hayvonlar — quruqlikda yashovchi umurtqalilardir.
Ko‘krak qafasi konussimon shaklga ega. Unda ikkita teshik (apertura) — yuqori va pastki teshik bor. Yuqori teshik orqa tomondan I ko‘krak umurtqasining tanasi, yon tomonlardan birinchi qovurg‘alar, old tomondan esa to‘sh suyagining dastasi bilan chegaralangan. Ushbu teshik orqali o‘pkaning cho‘qqisi bo‘yin sohasiga chiqib turadi, shuningdek, undan qizilo‘ngach, traxeya, qon tomirlari va nervlar o‘tadi. Pastki teshik yuqoridagisidan kattaroq bo‘lib, u XII ko‘krak umurtqasining tanasi, XI va XII qovurg‘alar hamda qovurg‘a ravoqlari, xanjarsimon o‘simta bilan chegaralangan va diafragma bilan yopilgan.
Odamning ko‘krak qafasi biroz yassilashgan: uning old-orqa o‘lchami ko‘ndalang o‘lchamidan ancha kichik. Ko‘krak qafasining shakli jins, gavda tuzilishi, jismoniy rivojlanish va yoshga bog‘liq.
Ko‘krak qafasining turlari
Ko‘krak qafasi shakliga ko‘ra quyidagi turlar ajratiladi:
- Normostenik ko‘krak qafasi — kesik konus shaklida bo‘lib, o‘mrov usti va o‘mrov osti chuqurchalari uncha yaqqol bilinmaydi.
- Astenik ko‘krak qafasi — diametri kichik, shakli cho‘zinchoq; o‘mrov suyaklari, o‘mrov usti va osti chuqurchalari yaqqol ko‘rinib turadi.
- Giperstenik ko‘krak qafasi — ko‘krak sohasidagi mushaklari yaxshi rivojlangan; shakli silindrsimon, old-orqa va ko‘ndalang diametrlari deyarli bir xil.
Tuzilishining yoshga xos xususiyatlari
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ko‘krak qafasi konussimon shaklga ega. Ularda ko‘krak qafasining old-orqa diametri ko‘ndalang diametridan kattaroq bo‘lib, qovurg‘alar deyarli gorizontal joylashadi. Qovurg‘alarning uchlari va boshchalari bir xil sathda joylashadi, biroq bola ulg‘aygani sari ko‘krak orqali nafas olish ustunlik qila boshlagach, to‘sh suyagining holati o‘zgaradi. Hayotning dastlabki ikki yilida ko‘krak qafasi tez o‘sadi. 7 yoshga yetganda o‘sish sur’ati sekinlashadi, 7—18 yosh oralig‘ida esa ko‘krak qafasining o‘rta qismi jadal o‘sadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda to‘sh osti burchagi taxminan 93° bo‘lib, hayotining 1‑yilida — 68°, 5 yoshda — 60°, 15 yoshga yetganda va katta yoshli odamlarda taxminan 70° ni tashkil etadi. O‘g‘il bolalarda ko‘krak qafasining jadal o‘sishi 12 yoshdan, qiz bolalarda esa 11 yoshdan boshlanadi. 17—20 yoshga kelib odamning ko‘krak qafasi yakuniy shaklini oladi. Gipersteniklar (braximorf tipga mansub kishilar) konussimon ko‘krak qafasiga ega; asteniklarning (dolixomorf tipga mansub kishilarning) ko‘krak qafasi esa nisbatan yassi bo‘ladi.
Keksalikda ko‘krak sohasidagi kifoz kuchayishi natijasida ko‘krak qafasi qisqaradi va pastga tushadi.
Ko‘krak qafasi bo‘g‘imlari
Qovurg‘alarning orqa uchlari ko‘krak umurtqalarining tanalari va ko‘ndalang o‘simtalariga qovurg‘a-umurtqa bo‘g‘imlari orqali harakatchan birikadi (articulationes costovertebrales), oldingi uchlari esa to‘sh suyagiga to‘sh-qovurg‘a bo‘g‘imlari orqali birikadi (articulationes sternocostales).
Ko‘krak qafasining ichki tuzilmalari
Ko‘krak bo‘shlig‘i (lot. Cavum thoracis) — ko‘krak qafasining ichki yuzasi va diafragmaning yuqori yuzasi bilan chegaralangan anatomik bo‘shliqdir. Ko‘krak bo‘shlig‘i devorlarini ko‘krak ichi fassiyasi (lot. fascia endothoracica) qoplaydi. Ko‘krak bo‘shlig‘ining markaziy qismini ko‘ks oralig‘i egallaydi, uning ikki yonida esa o‘pkalar joylashgan. O‘pkalarni har tomondan o‘rab turadigan yoriqsimon bo‘shliqlar visseral (ichki) va pariyetal (tashqi) varaqlar orasida hosil bo‘ladi. Bu varaqlardan tashkil topgan parda — plevradir.
Havolalar
- Ko‘krak (odam anatomiyasida) // Brokgauz va Yefron ensiklopedik lug‘ati : 86 jild (82 jild va 4 qo‘shimcha jild). — Sankt-Peterburg, 1890—1907.
Vikimedia omborida ushbu mavzuga oid mediafayllar mavjud: Ko‘krak qafasi