Keys usuli

Muayyan vaziyatlar usuli (ingl. Case method, keys-metod, keyslar usuli, vaziyatli tahlil usuli) — real iqtisodiy, ijtimoiy va biznes vaziyatlari tavsifidan foydalanadigan ta’lim usuli. Ta’lim oluvchilar vaziyatni o‘rganishi, muammolarning mohiyatini tushunishi, mumkin bo‘lgan yechimlarni taklif qilishi va ular orasidan eng yaxshisini tanlashi kerak. Keyslar haqiqiy faktik materiallarga asoslanadi yoki real vaziyatga yaqinlashtirib tuziladi.

Tarixi

Ushbu usul ilk bor Garvard biznes maktabida 1924-yilda qo‘llangan. Maktab o‘qituvchilari biznes sohasidagi oliy ta’limdan keyingi dasturga mos darsliklar mavjud emasligini tezda anglab yetishdi. Bu muammoni hal qilish uchun dastlab ular biznesning yetakchi amaliyotchi mutaxassislari bilan suhbatlashib, ushbu menejerlar nima bilan shug‘ullangani hamda ularning faoliyatiga ta’sir qiluvchi omillar haqida batafsil hisobotlar yozishdi. Tinglovchilarga muammo bilan tanishish, mustaqil ravishda va jamoaviy muhokama jarayonida yechim topish uchun haqiqiy tashkilot o‘z faoliyatida duch kelgan muayyan vaziyat tavsifi berilgan.

Keyslar tasnifi

Tuzilmalashtirilgan keyslar (highly structured cases)
vaziyatning aniq raqamlar va ma’lumotlar keltirilgan qisqa va ravshan bayoni. Bunday turdagi keyslar uchun to‘g‘ri javoblarning muayyan soni mavjud. Ular ma’lum bilim sohasidagi biror formula, ko‘nikma yoki uslubni bilish va/yoki undan foydalana olish darajasini baholashga mo‘ljallangan.
Tuzilmalashtirilmagan keyslar (unstructured cases)
katta hajmdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan material bo‘lib, fikrlash uslubi va tezligini, muhim ma’lumotlarni ikkinchi darajali ma’lumotlardan ajrata olish qobiliyatini hamda muayyan sohada ishlash ko‘nikmalarini baholashga mo‘ljallangan. Bunday keyslarning bir nechta to‘g‘ri javobi mavjud va odatda noodatiy yechim topish imkoniyati ham istisno etilmaydi.
Kashfiyotga yo‘naltirilgan keyslar (ground breaking cases)
juda qisqa ham, uzun ham bo‘lishi mumkin. Bunday keysning yechilishini kuzatish insonning noodatiy fikrlay olishini, ajratilgan vaqt ichida qancha ijodiy g‘oya ilgari sura olishini aniqlash imkonini beradi. Agar yechim guruh bo‘lib izlanayotgan bo‘lsa, uning boshqa insonning fikrini ilg‘ab olishi, rivojlantirishi va amaliyotda qo‘llay olishi ham baholanadi.

Loyihaviy (kashfiyotga yo‘naltirilgan) keys matritsasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • Tadqiqot savoli
  • Dolzarb tadqiqot muammolari
  • Namunaviy vazifalar doirasi
  • Andozaviy boshqaruv yechimlari

Keysning mohiyati

Biznes-keys — kompaniya menejerlaridan boshqaruv qarorlarini talab qiladigan muayyan muammoli biznes vaziyatini aks ettiruvchi, maxsus tayyorlangan o‘quv materiali. Mashg‘ulotlar davomida o‘qituvchi talabalarni ana shunday yechimlarni izlashga yo‘naltiradi.

Tadqiqotlar o‘tkazgan ECCH[ingl.], ya’ni biznes ta’limida keys usulini ishlab chiqish va rivojlantirishga ixtisoslashgan notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, o‘qituvchilar va talabalar orasida (e’lon qilingan ma’lumotlarga asoslangan keyslardan farqli ravishda) dala tadqiqotlariga asoslangan keyslar eng ommabop hisoblanadi. An’anaga ko‘ra, biznes-keys oliy ta’lim o‘qituvchilari va kompaniya menejerlari hamkorligida yoziladi.

Hozirgi vaqtda Shimoliy Amerika kompaniyalari misolida yozilgan biznes-keyslar eng keng tarqalgan, chunki vaziyatli tahlil madaniyati aynan shu yerda shakllangan[manba 5363 kundan beri ko‘rsatilmagan]. Biroq 90-yillarning oxiridan boshlab Yevropa maktablari professorlari biznes vazifalariga oid milliy misollar yetishmasligini sezib, keyslar yozishda faol qatnasha boshladilar. Xalqaro aloqalar tufayli Osiyo maktablari ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Masalan, INSEAD, ya’ni Fransiya va Singapurda joylashgan Yevropa biznes maktabi xalqaro bozorlar bo‘yicha biznes-keyslar yozishda tan olingan yetakchi hisoblanadi. 2008-yilda INSEAD ECCH European Case Award mukofotining to‘qqizta toifasidan yettitasida g‘olib bo‘lgan.

Biznesda keyslar nima uchun kerak?

Keys — kompaniyaning nimalarga qodirligini va qanday ishlarni bajara olishini shov-shuvli reklama sarlavhalari va va’dalari bilan emas, balki haqiqiy voqea orqali, ya’ni imkon qadar ko‘rgazmali tarzda namoyish etishning yaxshi usuli.

Keyslar quyidagi e’tirozlarni bartaraf etishga yordam beradi:

  • Bunday vazifalarni hal qilish bo‘yicha tajribangiz bormi?
  • Kompaniyangiz mening muammomni tushunib, hal qilish uchun yetarli malakaga egami?
  • Siz qay darajada professional mutaxassissiz?
  • Ushbu masalani yaxshi bilasizmi?
  • Sizga ishonish mumkinmi?
  • Nega aynan sizning kompaniyangizni tanlashim kerak?
  • Siz bilan hamkorlik qilishdan nima olaman?

Adabiyotlar

Havolalar