Aqliy hujum usuli

Aqliy hujum usuli (aqliy hujum, miya hujumi, ingl. brainstorming) — muammolarni hal qilish usuli bo‘lib, unda muhokama ishtirokchilari muammoni yechishga doir imkon qadar ko‘p g‘oyalarni, jumladan, eng xayoliy va bema’ni g‘oyalarni ham ilgari suradilar. Keyin taklif etilgan variantlar orasidan amalda qo‘llash mumkin bo‘lgan eng yaxshi yechimlar tanlanadi. Bu usul ekspert baholashi bosqichini ham o‘z ichiga oladi. Rivojlangan shaklida u ishtirokchilarning harakatlarini baholanayotgan jarayonning ular anglab yetgan sxemasi (obrazi) asosida muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.

Tarixi

1930-yillarning oxirida bu usulni kopirayter va BBD&O agentligi asoschilaridan biri Aleks Osborn[ingl.] yaratgan. U bu usulni «Amaliy tasavvur[ingl.]» nomli kitobida tasvirlab bergan. Aleks Osborn ushbu usulni ilk bor 1939-yilda AQSHda tanqid taqiqlangan sharoitda yangi g‘oyalarni olish vositasi sifatida qo‘llagan.

Aqliy hujum usulining rivojlantirilgan shakllaridan biri — sinektika usuli.

Aqliy hujumning bosqichlari va qoidalari

G‘oyalarni yaratish va guruhlash

To‘g‘ri tashkil etilgan aqliy hujum 3 bosqichdan iborat:

  1. Dastlabki bosqich — muammoni belgilash. Bu bosqichda vazifa aniq ifodalanadi, aqliy hujum ishtirokchilari tanlanadi, yetakchi belgilanadi hamda vazifa va aqliy hujumni o‘tkazishning tanlangan usuliga qarab ishtirokchilar o‘rtasida boshqa rollar taqsimlanadi.
  2. Asosiy bosqich — g‘oyalarni yaratish. Bu bosqichda muammoni hal qilish variantlari ishlab chiqiladi. G‘oyalarni yaratishda eng yuqori samaradorlikka erishish uchun bir necha qoidaga rioya qilish muhim:
    • Eng muhimi — g‘oyalar soni. Hech qanday cheklov qo‘ymang.
    • Tanqid va g‘oyalarni har qanday baholash, hatto ijobiy baholash ham butunlay taqiqlanadi, chunki baholash asosiy vazifadan chalg‘itadi, ish maromi va ijodiy kayfiyatni buzadi.
    • Noodatiy va hatto bema’ni g‘oyalar ham ma’qullanadi.
    • Har qanday g‘oyani birlashtiring va takomillashtiring.
  3. Ekspert bosqichi — g‘oyalarni guruhlash, tanlash va baholash. Bu bosqichda tartibsiz g‘oyalar tasniflanadi, tahlil qilinadi va baholanadi. Ushbu bosqich eng qimmatli g‘oyalarni ajratib olish va aqliy hujumning yakuniy natijasini aniqlash imkonini beradi. Ekspert bosqichining sifati ishtirokchilar g‘oyalarini tanlash mezonlarining qat’iyligi va bir xilda qo‘llanishiga bevosita bog‘liq. Ko‘pincha bu bosqich o‘tkazib yuboriladi va ishtirokchilar shunchaki o‘zlariga yoqqan variantni tanlaydilar.

Aqliy hujumni o‘tkazish uchun odatda 2 ta guruh tuziladi:

  • Muammoni hal qilishning yangi variantlarini taklif qiluvchi ishtirokchilar
  • Taklif etilgan yechimlarni ko‘rib chiqadigan komissiya a’zolari

Individual va jamoaviy aqliy hujum turlari farqlanadi.

Aqliy hujumda bir necha mutaxassisdan iborat jamoa va yetakchi ishtirok etadi. Aqliy hujum mashg‘uloti boshlanishidan oldin yetakchi hal qilinishi kerak bo‘lgan vazifani aniq belgilaydi. Aqliy hujum davomida ishtirokchilar qo‘yilgan vazifani hal qilishga qaratilgan mantiqiy hamda bema’ni g‘oyalarini bildiradilar. Agar aqliy hujumda turli mansab yoki darajadagi kishilar qatnashsa, g‘oyalarni mansab darajasining o‘sib borishi tartibida tinglash tavsiya etiladi. Bu «rahbariyat fikriga qo‘shilish» kabi psixologik omilni bartaraf etish imkonini beradi.

Aqliy hujum jarayonida, odatda, dastlabki yechimlar yuqori darajada o‘ziga xos bo‘lmaydi. Biroq bir oz vaqt o‘tgach, odatiy, qolipdagi yechimlar tugaydi va ishtirokchilarda noodatiy g‘oyalar paydo bo‘la boshlaydi. Yetakchi aqliy hujum davomida yuzaga kelgan barcha g‘oyalarni yozib oladi yoki boshqa usulda qayd etadi.

So‘ng barcha g‘oyalar bildirilgach, ular tahlil qilinadi, rivojlantiriladi va saralanadi. Natijada muammoning eng samarali va ko‘pincha noodatiy yechimi topiladi.

Aqliy hujumning afzalliklari

Falsafa fanlari nomzodi, Sibir federal universiteti sotsiologiya kafedrasi dotsenti, sotsiolog P. A. Starikov usulning quyidagi afzalliklarini ajratib ko‘rsatadi:

  • Tajribasi, bilimi va yaqin kelajakka qarashlari bir-biridan farq qiluvchi mutaxassislarning birgalikdagi faoliyati sinergetik samara uchun zarur sharoit yaratadi, ya’ni «bilimning „sifat jihatidan ko‘payishi“ (butunlik uni tashkil etuvchi qismlar yig‘indisidan kattaroqdir)» yuzaga keladi; shuningdek, mutlaqo turlicha mutaxassislar qo‘yilgan muammolarni muhokama qilganlarida «turli fanlar va inson amaliy faoliyati sohalari tutashgan joylarda» yangi yondashuvlar, qarash istiqbollari va qiziqarli o‘xshatishlar yuzaga keladi
  • Samimiy muhit ishtirokchilarga mazmunli tanqid qilish ko‘nikmalarini egallash, improvizatsiya qilishni o‘rganish imkonini beradi, shuningdek, ijobiy kayfiyat va ishonchni mustahkamlaydi

Tanqid

Ko‘plab tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, odamlarni guruhlarga birlashtirish individual ish bilan solishtirganda ular ishlab chiqadigan g‘oyalar sonining ortishiga emas, aksincha, kamayishiga, shuningdek, g‘oyalar sifatining pasayishiga olib keladi.

Altshuller aqliy hujumni o‘ta samarasiz bo‘lgan sinov va xato usulida variantlarni ko‘rib chiqish jarayonini faollashtirish vositasi deb hisoblagan. Bunday faollashtirish unga bildirilgan umidlarni oqlamagan va mohiyatan hech qanday yangilik kiritmagan.

Aqliy hujum haqiqatan ham psixologik inersiyani yengishga yordam beradi: fikr turg‘un nuqtadan siljiydi, tezlashadi… va ko‘pincha to‘xtash kerak bo‘lgan joydan o‘tib ketadi. Men bunday holatni o‘nlab marta kuzatganman: aqliy hujumning bir ishtirokchisi to‘g‘ri yo‘nalishga olib boradigan fikrni bildiradi, boshqasi bu fikrni ilg‘ab, uni rivojlantiradi; yakuniy bosqichga chiqishga bir necha qadam qolganda esa kimdir mutlaqo boshqa g‘oyani ilgari suradi, fikrlar zanjiri uziladi va guruh yana dastlabki holatiga qaytadi.

— Genrix Altshuller, «G‘oyani topish»

Bundan tashqari, Altshuller tanqidni butunlay taqiqlashni amalda amalga oshirib bo‘lmasligini ta’kidlagan. Tanqid so‘z bilan ifodalanmasa ham, yelka qisish, bosh chayqash yoki mensimay jilmayish orqali namoyon bo‘ladi. Bularning hammasi taqiqlansa, birovning g‘oyasini qabul qilmaslik o‘z g‘oyasini ilgari surish orqali ifodalanadi.

Adabiyotlar

ilmiy adabiyotlar

publitsistik adabiyotlar