Facebook eksperimenti — bu psixologik eksperiment, uni 2012-yilda Facebook kompaniyasi o‘tkazgan. Ushbu eksperiment yordamida ijtimoiy tarmoq o‘zining 700 000 nafar foydalanuvchisining his-tuyg‘ularini sinovdan o‘tkazdi.
Eksperimentning mohiyati
Ijtimoiy tarmoqlar faoliyatining hozirgi bosqichida platforma ishini optimallashtirish va foydalanuvchilarga taqdim etiladigan kontentning dolzarbligini oshirish uchun resurslardan imkon qadar keng foydalanish talab etiladi. Facebook kompaniyasi shu maqsadda turli eksperimentlar o‘tkazadi. Ular orasida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining u yoki bu materialga nisbatan hissiy reaksiyasini tekshirish ham bor. Masalan, 2012-yildayoq ijtimoiy tarmoq bir hafta davomida yuz minglab kishilarning yangiliklar tasmasida faqat ijobiy yoki faqat salbiy postlarni ko‘rsatgan. Shu tariqa Facebook hissiy mazmundagi postlarning foydalanuvchilar kayfiyatiga psixologik ta’sirini aniqlashga uringan. Facebook bu safar ham o‘zining axborot siyosatidagi hech bir bandni rasman buzmagan bo‘lsa-da, eksperiment haqidagi xabar auditoriyada turlicha munosabat uyg‘otdi. Kompaniya o‘tkazilgan eksperiment haqida faqat 28-iyun kuni, 2014-yilda, 2 yil o‘tgach xabar berdi. Bu internet hamjamiyatida keskin munosabatga sabab bo‘ldi.
Eksperimentning oqibatlari
Facebook kompaniyasi o‘tkazgan eksperiment natijasida quyidagi xulosalarga kelindi:
- ayrim psixolog olimlarning quyidagi fikri rad etildi: go‘yoki foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqlarda do‘stlarining «muvaffaqiyatli hayoti»ni kuzatishi natijasida ularning o‘zida yuzaga keladigan holat — depressiya;
- yangiliklar tasmasidagi ijobiy postlar insonda nafaqat ijtimoiy tarmoq doirasida, balki kundalik hayotda ham xuddi shunday ijobiy his-tuyg‘ularni yuzaga keltiradi. Yangiliklar tasmasidagi salbiy postlarda ham shunday holat kuzatiladi: ular insonda salbiy kayfiyat uyg‘otadi;
- agar yangiliklar tasmasidan hissiy mazmundagi postlar olib tashlansa, inson «o‘z his-tuyg‘ularini kamroq ifodalaydigan» bo‘lib qoladi — masalan, statuslarini kamroq yangilaydi;
- natijada ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining faolligini maksimal darajada oshirish maqsadida yangiliklar tasmasi formatini o‘zgartirishga qaror qilindi. Unda dastlabki postlar, odatda, eng kuchli hissiy mazmunga ega va eng dolzarb bo‘lib, bu boshqa foydalanuvchilarni ham shunday faollik ko‘rsatishga undaydi.
Tanqid va muqobil nuqtayi nazarlar
Ijtimoiy tarmoq matbuot xizmati o‘tkazilgan tadqiqot yuzasidan bildirilgan xavotirlarga qo‘shilmasligini ta’kidlagan bo‘lsa-da, ko‘plab nufuzli shaxslar Facebook kompaniyasi axloqiy huquqlarni buzganini bildirdi. Hatto kompaniyaning eksperiment natijalari haqidagi batafsil tushuntirishi ham tanqidchilarni tinchlantirmadi. Ular internetdagi foydalanuvchilar, ularning xatti-harakatlari va his-tuyg‘ulari ustida ruxsatsiz eksperimentlar o‘tkazishni huquqlarning buzilishi deb hisoblaydi. Bundan tashqari, vaziyat yanada keskinlashdi: Nyu-York universiteti jurnalistika professori Jey Rozen ijtimoiy tarmoqlardagi eksperiment buyurtmachilari orasida harbiy idora ham bo‘lganini ma’lum qildi. Bu idora AQSh Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq edi. TechCrunch nashrida ham Mark Sukerberg jamoasi bir qator axloqiy me’yorlarni buzganligi ta’kidlanadi. Boshqacha fikrda bo‘lgan shaxs — «Moy mir (Mening dunyom)» ijtimoiy tarmog‘i rahbari Denis Aliyev. Uning fikricha, bunday shov-shuvli vaziyatlar tufayli foydalanuvchilarning his-tuyg‘ularini sinovdan o‘tkazishdan voz kechmaslik kerak.
Eksperimentning jamiyat, fan va siyosatga ta’siri
Facebook jamoasi olgan eksperiment natijalari bir xil baholanmaydi. Bir tomondan, ular ijtimoiy tarmoq hamjamiyatida ijobiy kayfiyatni shakllantirish imkonini berdi. Shuningdek, eksperiment natijalari psixologiya va sotsiologiya sohasidagi ko‘plab olimlarga kontentning inson his-tuyg‘ulariga ta’siri masalasini boshqa nuqtayi nazardan o‘rganish imkonini beradi, chunki o‘tkazilgan sinov avvalgi barcha shunga o‘xshash eksperimentlarga nisbatan eng keng ko‘lamlisidir. Biroq jamiyat va siyosatchilar orasida ijtimoiy tarmoqning sezilmaydigan, axloqiy me’yorlarga zid harakatlaridan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida savollar va bayonotlar paydo bo‘ldi. Xususan, Facebook yangiliklar tasmasi saylovchilarning fikrini manipulyatsiya qilgan bo‘lishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar shakllandi. Bu, jumladan, AQShdagi prezidentlik saylovlari yoki dunyoning boshqa mamlakatlaridagi saylovlar vaqtida yuz bergan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Hillari Klinton tarafdorlari bir necha bor bayonot berib, ijtimoiy tarmoq Donald Trampning muvaffaqiyatli prezidentlik kampaniyasiga yordam berganini ta’kidlashgan. Bu, ehtimol, aynan potensial saylovchilarning his-tuyg‘ulariga ta’sir ko‘rsatish orqali amalga oshgan.
Ommaviy madaniyatdagi roli
O‘tkazilgan eksperiment natijalari ommaviy madaniyatga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Biroq bunday eksperimentlarning ijtimoiy tarmoq yoki boshqa manfaatdor shaxslarning o‘z maqsadlari yo‘lida takrorlanishi jamiyat kayfiyatini, shuningdek, iste’molchilarning, jumladan, kino, musiqa, san’at va sport kabi sohalardagi afzalliklarini o‘zgartirishi mumkin. Shunday qilib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining hissiy holatini manipulyatsiya qilish — katta ahamiyatga ega samarali vosita, biroq u hamjamiyatning ko‘plab axloqiy me’yorlariga zid keladi.
Havolalar
- Sukerberg eksperimenti: Facebook 700 000 foydalanuvchining his-tuyg‘ularini qanday sinovdan o‘tkazdi. — URL: https://www.forbes.ru/tekhnologii/internet-i-svyaz/261401-eksperiment-tsukerberga-kak-facebook-protestirovala-emotsii-700
- Facebook nima uchun foydalanuvchilar ustida eksperiment o‘tkazdi. — URL: https://vc.ru/social/4275-facebook-experiment
- Facebook foydalanuvchilar ustida o‘tkazgan eksperimentiga bildirilgan salbiy munosabatlarga javob berdi. — URL: https://mashable.com/2014/06/29/facebook-responds-to-negative-reactions-to-its-emotion-contagion-study/
- Yangiliklar tasmasi: «hissiy yuqish» Facebook bo‘ylab tarqalmoqda. — URL: http://news.cornell.edu/stories/2014/06/news-feed-emotional-contagion-sweeps-facebook
- A/B sinovining axloqiy jihatlari. — URL: http://techcrunch.com/2014/06/29/ethics-in-a-data-driven-world/