Kartoshka kraxmali haqida

Kartoshka kraxmali

Kartoshka kraxmali — bu kraxmal, ya’ni kartoshkadan olinadigan moddadir. Kraxmal donachalari (leykoplastlar) kartoshka tugunaklarining hujayralarida joylashgan. Kraxmal ishlab chiqarish uchun kartoshka maydalanadi va bunda kraxmal donachalari parchalangan hujayralardan ajralib chiqadi. So‘ngra kraxmal yuviladi va quritiladi.

Kartoshka kraxmali — oppoq kukun. Uning donachalari o‘ziga xos yirik oval shaklda bo‘lib, o‘lchami 5 dan 100 mkm gacha yetadi. Kartoshka kraxmalida oqsil va yog‘ juda kam bo‘ladi. Tayyorlangan kartoshka kraxmali neytral ta’mga ega, tiniq, yuqori mustahkamlikka ega bo‘lib, uzun amiloza molekulalarini o‘z ichiga oladi. Kartoshka kraxmalida taxminan 800 ppm[manba ko‘rsatilmaganiga 2684 kun bo‘lgan] fosfatlar mavjud bo‘lib, ular qovushqoqlikni oshiradi va eritmaga biroz anion xususiyat beradi. Kartoshka kraxmalining kleysterlanish harorati past (taxminan 60 °C) va bo‘kish darajasi yuqori. U ko‘pik hosil qilishga va sarg‘ayishga deyarli moyil emas.

Kraxmalning bu o‘ziga xos xususiyatlaridan oziq-ovqat va texnik maqsadlarda foydalaniladi.

Qo‘llanilishi

Kraxmal qo‘shib tayyorlangan mahsulotlar ko‘plab taomlarda ishlatiladi. Jumladan, kraxmal quyidagi mahsulotlar retseptiga kiradi: ugra, marmelad, kartoshka chipslari, kolbasa mahsulotlari va sosiskalar, pyure sho‘rvalar va souslar, kisel, qandolat kremi va xamir mahsulotlari. Kraxmaldan glyutensiz mahsulotlar, kosher mahsulotlar, jumladan, Pesax bayrami uchun mo‘ljallangan mahsulotlar tayyorlanadi. U Osiyo oshxonasida keng qo‘llanadi. Kartoshka kraxmalining fizik-kimyoviy xossalari oshpazlikda unga kraxmalning boshqa turlariga nisbatan ustunlik beradi: u sousga bir tekis va barqaror tuzilish beradi, molekulalarining maydaroq qismlarga parchalanish qobiliyati esa taomlarga kerakli noziklik va mayinlik bag‘ishlaydi.

Kartoshka kraxmalidan xalq tabobatida burishtiruvchi va qoplovchi vosita sifatida, farmatsevtika hamda kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishda esa g‘ovaklashtiruvchi modda sifatida foydalaniladi.

Kartoshka kraxmali texnik sohalarda ham keng qo‘llanadi: undan gulqog‘oz uchun kleystr (клейстер), qog‘oz, yopishqoq lentalar ishlab chiqarish uchun yelimlar, matolarni pardozlash va ohorlash uchun vositalar tayyorlanadi. Kundalik turmushda kartoshka kraxmalidan ko‘pincha to‘qimachilik buyumlarini kraxmallash uchun foydalaniladi.

Ishlab chiqarish

Mikroskop ostidagi ko‘rinish: kartoshka kraxmali (amiloplastlar) o‘simlik hujayrasida

Yevropada kartoshka kraxmalini sanoat usulida ishlab chiqarish tarixi kraxmalning boshqa turlariga qaraganda ancha uzoqqa borib taqaladi. Hozirgi vaqtda ham u eng muhim oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi.

Kartoshka kraxmalini olish uchun serhosil va kraxmalga boy kartoshka navlari yetishtiriladi. Kraxmal olish maqsadida kartoshka Germaniyada, Niderlandiyada, Xitoyda, Yaponiyada, Fransiyada, Daniyada va Polshada, shuningdek, Shvetsiyada, Finlandiyada, Avstriyada, Chexiyada, Ukrainada, Kanadada va Hindistonda yetishtiriladi.

Kraxmal ishlab chiqarishda kartoshka maydalanadi, kraxmal donachalari suv yordamida yuvib ajratib olinadi, so‘ng kraxmal tindiriladi, sanoat sharoitida esa sentrifugalanadi. Tayyor kraxmal bug‘latiladi (rafinatsiya qilinadi) va quritiladi. Kartoshka kraxmali muzlatilgan fri kartoshkasi va kartoshka chipslarini ishlab chiqarishda kartoshkani qayta ishlashning qo‘shimcha mahsuloti sifatida ham olinadi.

Identifikatsiya

Qutblangan yorug‘likda kartoshka kraxmali, 100 marta kattalashtirilgan

Teng hajmdagi distillangan suv va glitserin aralashmasi yordamida kraxmalni mikroskopda tekshirganda, shaffof va rangsiz, tuxumsimon, noksimon yoki notekis shakldagi donachalar ko‘rinadi. Donachalarning o‘lchami odatda 30 mkm dan 100 mkm gacha bo‘ladi. Ba’zan o‘lchami 100 mkm dan katta yirik donachalar, shuningdek, 10 mkm dan 35 mkm gacha bo‘lgan mayda yumaloq donachalar ham uchraydi. Qutblangan yorug‘likda kraxmal donachalarida o‘ziga xos xochsimon qorayish kuzatiladi. Suv bilan namlangan kartoshka kraxmali yopishqoq bo‘lib qoladi.