Kalibrlash bozonlari — bozonlar, ya’ni fundamental o‘zaro ta’sirlarni uzatuvchi bozonlardir. Aniqrog‘i, bular elementar zarralar bo‘lib, ularning o‘zaro ta’sirlari esa kalibrlash nazariyasi bilan tavsiflanadi. Ular bir-biriga kalibrlash bozonlarini almashish orqali ta’sir ko‘rsatadi; bu almashinuv odatda virtual zarralar sifatida kechadi.
Standart model doirasidagi kalibrlash bozonlari
Standart modelda uch xil kalibrlash bozoni mavjud: fotonlar, W va Z bozonlari va glyuonlar. Har bir tur Standart modelda tavsiflangan uchta o‘zaro ta’sirdan biriga mos keladi: fotonlar — elektromagnit o‘zaro ta’sirning kalibrlash bozonlari, W va Z bozonlari esa kuchsiz o‘zaro ta’sirni uzatadi, glyuonlar esa kuchli o‘zaro ta’sirni uzatadi. Rang qamali (konfinement) tufayli erkin glyuonlar past energiyalarda kuzatilmaydi. Biroq past energiyalarda massali glyubollar (glueballs)ni kuzatish mumkin, ammo ularning mavjudligi 2010-yil holatiga ko‘ra tajribada tasdiqlanmagan.
Kalibrlash bozonlari soni
Kvant kalibrlash nazariyasida kalibrlash bozonlari — kalibrlash maydonlarining kvantlari hisoblanadi. Demak, kalibrlash bozonlari soni kalibrlash maydonlari soniga teng. Kvant elektrodinamikasida kalibrlash guruhi — U(1); bu eng sodda holatda atigi bitta kalibrlash bozoni mavjud. Kvant xromodinamikasida esa murakkabroq SU(3) guruhi 8 ta generatorga ega, bu 8 ta glyuonga mos keladi. Ikkita W bozoni va bitta Z bozoni, taxminan aytganda, uchta generator SU(2) guruhiga tegishli bo‘lib, elektrokuchsiz o‘zaro ta’sir nazariyasida qo‘llanadi.
Massali kalibrlash bozonlari
Texnik sabablarga ko‘ra, jumladan kalibrlash invariantligi, u esa o‘z navbatida qayta normallanuvchanlik uchun zarur. Shu sababli kalibrlash bozonlari matematik jihatdan massasiz zarralar uchun yozilgan maydon tenglamalari orqali ifodalanadi. Shuning uchun, nazariyaning sodda talqiniga ko‘ra, barcha kalibrlash bozonlari massasiz bo‘lishi, ular tasvirlaydigan o‘zaro ta’sirlar esa uzoq masofalarga ta’sir qilishi kerak. Ushbu g‘oya bilan kuchsiz o‘zaro ta’sirning ta’sir radiusi juda kichik ekanini ko‘rsatadigan tajriba fakti o‘rtasidagi ziddiyat nazariy jihatdan yanada chuqurroq o‘rganishni talab qiladi.
Standart modelga ko‘ra, W va Z bozonlari massani Xiggs mexanizmi orqali oladi. Xiggs mexanizmida to‘rtta kalibrlash bozoni (SU(2) Х U(1) simmetriyalari) elektrokuchsiz o‘zaro ta’sirga tegishli bo‘lib, Xiggs maydoni bilan birikadi. Bu maydon simmetriyaning spontan buzilishiga (spontaneous symmetry breaking) uchraydi — bunga uning o‘zaro ta’sir potensialining shakli sabab bo‘ladi. Natijada butun Koinot bo‘ylab nolga teng bo‘lmagan kondensat hosil bo‘ladi. Xiggs maydonining bu kondensati elektrokuchsiz o‘zaro ta’sirning uchta kalibrlash bozoni (W± va Z) bilan birikib, ularga massa beradi; qolgan kalibrlash bozoni massasizligicha qoladi (foton). Bu nazariya, shuningdek, skalyar Xiggs bozonining mavjudligini ham bashorat qiladi; u Katta adron kollayderida (LHC) 2012-yilda kashf etilgan.
Standart modeldan tashqarida
Buyuk birlashuv nazariyalari
Buyuk birlashuv nazariyalarida (GUT) qo‘shimcha kalibrlash bozonlari — X va Y bozonlari paydo bo‘ladi. Ular kvarklar va leptonlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlarni boshqaradi va saqlanish qonunini buzib, barion sonining o‘zgarishiga olib keladi, natijada proton parchalanishigaga sabab bo‘ladi. Bu bozonlar simmetriyaning buzilishi tufayli kvant miqyosida nihoyatda katta massaga ega (ehtimol, hatto W va Z bozonlaridan ham katta bo‘lishi mumkin). Hozirgacha bu bozonlar mavjudligini tasdiqlovchi birorta ham tajribaviy dalil olinmagan (masalan, Yaponiyadagi Super-Kamiokande qurilmasida protonlarning parchalanishi bo‘yicha kuzatuvlar seriyasida).
Gravitonlar
To‘rtinchi fundamental o‘zaro ta’sir — gravitatsiya, shuningdek, graviton deb ataladigan bozon orqali ham uzatilishi mumkin. Bu masala tajribaviy jihatdan o‘rganilmagani va matematik jihatdan izchil, keng tan olingan kvant gravitatsiyasi nazariyasi mavjud emasligi sababli, graviton kalibrlash bozoni hisoblanadimi yoki yo‘qmi, hozircha uzil-kesil ma’lum emas. kalibrlash invariantligining umumiy nisbiylik nazariyasida (UNN) rolini shunga o‘xshash simmetriya — diffeomorfizm invariantligi bajaradi. (Qarang: Gravitatsiyaning kalibrlash nazariyasi).
Beshinchi kuch
Faraziy beshinchi fundamental o‘zaro ta’sir ham kalibrlash bozoni orqali uzatilishi mumkin; ehtimol, bu X17 zarrasi.