Iroda (falsafada)

Iroda — hodisa bo‘lib, uning vositasida subyekt o‘z faoliyatini va xulq-atvorini tartibga soladi. Iroda maqsadlarni yaratish (shakllantirish) hamda ularga erishish uchun ichki sa’y-harakatlarni jamlashga xizmat qiladi.

Iroda — insonning jismoniy, hissiy yoki har doim ham ongli faoliyati emas; balki maqsadning qadriyatlarga oid xususiyatlarini namoyon etuvchi tanlangan harakat bilan bog‘liq faoliyatdir. Inson irodaviy harakatlarni amalga oshirar ekan, impulsiv istaklarga qarshi turadi.

Irodaviy xulq-atvorning tuzilishi

Irodaviy xulq-atvor mohiyatan ikkita asosiy tarkibiy qismga bo‘linadi — qaror qabul qilish va uni keyinchalik amalga oshirish. Ammo harakat maqsadi bilan qaror qabul qilish ehtiyoji bir-biriga mos kelmasa, bunday vaziyat ko‘pincha tanlash jarayoni yoki psixologik adabiyotlarda ushbu holatni atash odat bo‘lganidek, motivlar kurashi bilan kechadi. Shaxs tanlagan qaror keyinchalik turli psixologik sharoitlarda amalga oshiriladi. Ko‘lami jihatidan bunday sharoitlar faqat qaror qabul qilishning o‘zi yetarli bo‘lgan va tanlovdan keyingi harakat go‘yo o‘z-o‘zidan bajariladigan holatlardan boshlanishi mumkin. Ushbu psixologik modelga cho‘kayotgan bolani misol qilib keltirish mumkin: uni qutqarish uchun faqat jasorat to‘plash kifoya, shundan keyin vaziyat «avtomatik» rejimga o‘tadi. Irodaviy xulq-atvor va tanlovni amalga oshirishga qandaydir kuchli ehtiyoj qarshilik qiladigan sharoitlar ham bo‘ladi. Bunday vaziyatni yengib o‘tish va tanlangan yakuniy maqsadga erishish uchun alohida sa’y-harakatlar, ya’ni iroda «kuchi»ni namoyon etish talab qilinadi.

Falsafa va psixologiya tarixida iroda

Dastlab iroda Umumjahon cherkov soborlari davridagi xristologik bahslarda muhim rol o‘ynagan (taqqoslang: monofelitlik (монофелитство) va diofelitlik (диофелитство)). Sxolastikada iroda (voluntas) haqida Foma Akvinskiy yozib, uni «aqliy istak» (appetitus rationalis) deb ta’riflaydi. Bu ma’noda Xudoda iroda yo‘q, ammo Foma Muqaddas Bitikda ilohiy iroda tilga olinganini aniqlaydi (Rim. 12:2). Ba’zilar irodani tashqi jismoniy, psixologik, ijtimoiy sabablar va hatto ilohiy belgilanish bilan shartlangan «kuch» deb hisoblaydi. Boshqalar esa irodani ichki, avvaldan mavjud bo‘lgan, o‘zini o‘zi belgilovchi kuch deb hisoblaydi (qarang: Iroda erkinligi). Masalan, volyuntarizm ta’limotlarida iroda butun dunyo jarayonining, xususan, inson faoliyatining dastlabki va birlamchi asosi sifatida namoyon bo‘ladi. Irodani o‘rganish va tushunishga oid falsafiy yondashuvlar o‘rtasidagi farqlar muammosi irodaning psixologik nazariyalarida o‘z aksini topgan. Ular ikkita asosiy guruhga bo‘linadi. Birinchi — «avtogenetik» nazariya irodani boshqa biror jarayonga keltirib bo‘lmaydigan o‘ziga xos qobiliyat deb hisoblaydi (bu V. Vundt, N. Ax, I. Lindvorskiy va boshqalarning asarlarida aks etgan). Ikkinchi — «geterogenetik» nazariya irodani ikkilamchi hodisa deb ta’riflaydi. Bu qobiliyat boshqa qandaydir psixik omillar va hodisalarning mahsulidir. Bunday holda iroda tafakkur, tasavvur yoki his-tuyg‘ular vazifasini bajaradi (I. F. Gerbart, E. Moyman, K. Erenfels va boshqalarning asarlari).

Sovet psixologiyasida iroda

Dialektik va tarixiy materializmga asoslanib, sovet psixologiyasi iroda tushunchasini ijtimoiy-tarixiy shartlanganlik nuqtayi nazaridan talqin qiladi. Sovet psixologiyasida irodani o‘rganishning asosiy yo‘nalishi irodadan kelib chiqadigan harakatlar va oliy psixik funksiyalarning filo- va ontogenezini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. L. S. Vigotskiy ko‘rsatganidek, inson harakatining ixtiyoriy xususiyati individ bilan muhit o‘rtasidagi munosabatlarning vositalar va belgilar tizimi orqali amalga oshirilishi natijasidir. Masalan, bolaning psixikasi rivojlanishi jarayonida idrok va xotiraning dastlabki jarayonlari ixtiyoriy xususiyat kasb etadi va keyinchalik o‘zini o‘zi boshqaradigan jarayonlarga aylanadi. Shu bilan bir qatorda harakat maqsadini saqlab qolish qobiliyati ham rivojlanadi. Bularning barchasi inson psixik tizimining rivojlanishiga olib keladi. Shuningdek, SSSRda «psixologik ustanovka (установка) nazariyasi bo‘yicha maktablar» ham rivojlandi. Ular sovet psixologining tadqiqotlariga asoslangan; bu psixolog — D. N. Uznadze.

Pedagogikada iroda

Hozirgi vaqtda irodani tarbiyalash muammosi pedagogika uchun katta ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan maqsadga erishish uchun sa’y-harakatlarni davom ettira olish qobiliyatini mashq qildirishga qaratilgan turli metodikalar ishlab chiqilmoqda. Iroda insonning xarakteri bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, uning shaxs sifatida shakllanishi jarayonida muhim rol o‘ynaydi. Xarakter intellekt bilan birgalikda irodaviy jarayonlarning asosi hisoblanadi.

Iroda va emotsiyalar

Muayyan ma’noda iroda psixik faoliyatdir. Iroda, shuningdek, reflektor jarayondir. Iroda va irodaviy xulq-atvor rivojlanishining dastlabki shartlarini hayvonlardan izlash kerak. Har bir hayvonda harakatning cheklanishi qo‘zg‘atuvchi omil bo‘lib xizmat qiladigan tug‘ma reaksiya mavjud. Shunday qilib, iroda to‘siqlarni yengib o‘tish ehtiyoji bilan bog‘liq faollik sifatida ushbu xulq-atvorni dastlab yuzaga keltirgan motivlarga nisbatan mustaqildir. Ayrim dorivor moddalarning organizmga va iroda «kuchi»ga o‘ziga xos ta’siri «erkinlik» refleksini amalga oshiruvchi muayyan miya apparati mavjudligi haqida fikr yuritishga imkon beradi. Irodaviy ta’sir va sa’y-harakat mexanizmlarida nutq signallari tizimi juda katta rol o‘ynashi isbotlangan (L. S. Vigotskiy, A. N. Leontyev, A. R. Luriya asarlari). Iroda insonning harakatlari, ongi va emotsiyalari bilan chambarchas bog‘liq. Bundan iroda inson psixikasi tuzilishining ajralmas qismi ekanligi kelib chiqadi. Emotsiyalar energetik resurslarning safarbar etilishini va insonning tashqi hamda ichki ahamiyatli signallarga turli shakllarda javob qaytarishga o‘tishini ta’minlasa, iroda, aksincha, emotsional qo‘zg‘alishning haddan tashqari kuchayishiga to‘sqinlik qiladi va dastlab tanlangan yo‘nalishni saqlashga yordam beradi. Ammo irodaviy xulq-atvor yakuniy maqsadga erishilmasidan oldin ham, to‘siqlarning o‘zini yengib o‘tish ehtiyoji qondirilishi hisobiga ijobiy emotsiyalar manbayiga aylanishi mumkin. Shu sababli kuchli iroda bilan emotsional zo‘riqishning optimal darajasi uyg‘unlashganda inson faoliyati eng samarali bo‘ladi.

Adabiyotlar

Havolalar