
Platonik muhabbat — ushbu iboraning zamonaviy ma’nosida, ma’naviy mayl va romantik his-tuyg‘ularga asoslangan yuksak munosabatlar (muhabbat tuyg‘usi haqida).
Bu ibora qadimgi yunon faylasufi Platon (miloddan avvalgi 427—348-yillar) nomidan kelib chiqqan. U «Ziyofat» deb nomlangan dialog shaklidagi asarida bunday muhabbat haqidagi mulohazalarni Pavsaniy ismli qahramon tilidan bayon qilgan. Pavsaniy bunday muhabbatni «ideal», ya’ni faqat ma’naviy muhabbat deb tushunadi.
Pavsaniy «Ziyofat» asarida endigina paydo bo‘layotgan muhabbatni his etish imkoniyatlarini hamda uning ikki xil tabiatga ega holda qanday rivojlanishini tushuntiradi: jinsiy mayl va aseksuallik. Sokratning platonik muhabbat g‘oyasiga oid monologidagi fikrlarning bir qismini bashoratchi ayol Diotima bilan bog‘lash mumkin. U bunday muhabbatning mohiyatini ilohiylikni mushohada qilish sari yuksalish sifatida ko‘rsatgan. Umuman, Diotima va Platonning fikricha, boshqa insonlarning muhabbatidan foydalanishning eng to‘g‘ri yo‘li o‘z tafakkurini ilohiy muhabbatga yo‘naltirishdir.
Qisqacha aytganda, chinakam platonik muhabbatda go‘zallik yoki boshqa insonga bo‘lgan muhabbat kishining aqli va ruhini ilhomlantiradi hamda uning e’tiborini ma’naviy olamga qaratadi. Sokrat Platonning «Ziyofat» asarida muhabbatning ikki turi borligini tushuntiradi: Eros — oddiy, ya’ni dunyoviy muhabbat va ilohiy muhabbat. Oddiy muhabbat jismoniy lazzatlanish va nasl qoldirish maqsadida go‘zal tanaga jismonan intilishdan boshqa narsani anglatmaydi. Ilohiy muhabbat jismoniy mayldan, ya’ni tana go‘zalligining jozibasidan boshlanadi, ammo asta-sekin Oliy Go‘zallikka bo‘lgan muhabbatga aylanadi. Ilohiy muhabbatning bu ta’rifi keyinchalik platonik muhabbat ta’rifiga aylangan. Ushbu atama tasavvufda ham mavjud, biroq u ko‘pincha Ishq-e-Haqeeqi (ishqi haqiqiy) deb ataladi.
Keyinchalik, o‘rta asrlarda Platon, uning falsafasi va muhabbat haqidagi qarashlariga qiziqish yangidan kuchaydi. Bunga Plifonning aynan Ferrara-Florensiya sobori davrida, 1438—1439-yillarda Platon g‘oyalarini faol targ‘ib qilishi sabab bo‘ldi. Keyinchalik, 1469-yilda Marsilio Fichino neoplatonik muhabbat nazariyasini rivojlantirdi. Bu nazariyada u muhabbatni insonning o‘ziga xos qobiliyati sifatida ta’riflaydi: bu qobiliyat uning ruhini koinotdagi jarayonlar, yuksak ma’naviy qadriyatlar va jannat haqidagi g‘oya sari yetaklaydi.
Ingliz tilidagi atamaning kelib chiqishi «Platon oshiq-ma’shuqlari» nomli tanqidiy asar bilan bog‘liq. Uning muallifi — Uilyam Devenant (asar 1635-yilda nashr etilgan); platonik muhabbat falsafasiga oid tanqid Karl I saroyida mashhur bo‘lgan. U Platonning «Ziyofat» asaridagi muhabbat konsepsiyasidan, ya’ni ezgulik va haqiqatning negizida yotuvchi yaxshilik haqidagi g‘oyadan kelib chiqqan. Platonik muhabbat qisqa muddat davomida ingliz qirollik saroyida, ayniqsa qirolicha Genrietta Mariya — qirol Karl Ining rafiqasi — atrofidagi kishilar orasida urf bo‘lgan. Platonik muhabbat Karolin davrida paydo bo‘lgan ayrim saroy niqobli tomoshalarining mavzusi bo‘lgan, biroq ijtimoiy va siyosiy o‘zgarishlar ta’sirida bu urf tez orada yo‘qolgan.