Hid bilish miyasi

Hid bilish miyasining sxemasi

Hid bilish miyasi (lot. rhinencephalon) — bir qator anatomik tuzilmalarning majmui bo‘lib, ularni birlashtiruvchi vazifa — hid bilish.

Hid bilish miyasi eng qadimgi bo‘lim hisoblanadi, u bosh miyaning bir qismidir. Limbik tizim — hid bilish miyasi — organizmda alohida vazifalarni bajaradi: umumiy holatlarni shakllantirish (bedorlik, uyqu), xulq-atvorni rag‘batlantirish (ovqatlanish, jinsiy va emotsional xulq-atvor; ishtahaning, so‘lak ajralishining kuchayishi, qusish refleksi, ko‘ngil aynishi), quyidagi jarayonlarda ishtirok etish: stress o‘qlarining faollashuvi, o‘rganish, hid bilish funksiyalari, xotira.

Tuzilishi

Hid bilish miyasi periferik va markaziy qismlarga bo‘linadi.

Periferik qism («hid bilish bo‘lagi»)

Markaziy qism

Hid bilish analizatorining o‘tkazuvchi yo‘llari

Birinchi neyronlarning tanalari shilliq qavatda, burunning hid bilish zonasida (yuqori burun chig‘anoqlari va burun to‘sig‘ining shu chig‘anoqlar sathidagi qismida) joylashgan. Bu neyronlarning dendritlarining uchlari (tarmoqlari) retseptor vazifasini bajaradi, ularning aksonlari esa 15-20 ta hid bilish nerviga birlashadi (lot. nn. olfactorii). Bu nervlar g‘alvirsimon suyakning teshikli plastinkasi (lot. lamina cribrosa ossis ethmoidalis) orqali kalla suyagi bo‘shlig‘iga o‘tadi va hid bilish piyozchalariga yetib boradi (lot. bulbi olfactorii); bu piyozchalarda ikkinchi neyronlarning tanalari joylashgan. Ushbu neyronlarning aksonlari quyidagi tuzilmalarni hosil qiladi: hid bilish traktlari (lot. tractum olfactorii); ularda medial va lateral tasmalar farqlanadi:

Medial tasmalarning tolalari

Quyidagi tuzilmalarda joylashgan uchinchi neyronlarning tanalariga yetib boradi:

1) hid bilish uchburchagida (lot. trigonum olfactorium);

2) oldingi teshilgan moddada (lot. substantia perforata anterior [rostralis]);

3) shaffof to‘siqda (lot. septum pellucidum).

  • Ko‘rsatilgan tuzilmalardagi uchinchi neyronlar aksonlarining bir qismi qadoqsimon tana ustidan o‘tib, analizatorning po‘stloqdagi yadrosiga yetib boradi. Paragippokampal pushta ana shunday yadro hisoblanadi (lot. gyrus parahippocampalis) (Brodman maydoni);
  • Hid bilish uchburchagidagi uchinchi neyronlar aksonlarining ikkinchi qismi hid bilishning po‘stloqosti markazlariga — so‘rg‘ichsimon tanalarga yetib boradi (lot. corpora mammilaria); ularda 4-neyronlarning tanalari joylashgan;
  • Uchinchi neyronlar aksonlarining uchinchi qismi limbik tizim tuzilmalariga, retikulyar formatsiyaning vegetativ markazlariga, yuz va til-halqum nervlarining so‘lak ajratuvchi yadrolariga hamda adashgan nervning dorsal yadrosiga yetib boradi. Ayrim hidlarni sezganda ko‘ngil aynishi, bosh aylanishi va hatto qusish holatlari yuz berishi ana shu bog‘lanishlar bilan izohlanadi.

Lateral tasmalarning tolalari

Qadoqsimon tana ostidan o‘tib, bodomsimon yadrodagi uchinchi neyronlarga yetib boradi. Bu neyronlarning aksonlari analizatorning yuqorida tilga olingan po‘stloqdagi yadrosiga yetib boradi. Hid bilish funksiyasini qisman uch shoxli nerv tuzilmalari ham bajaradi. Uning tolalari orqali hid bilish zonasidan tashqaridagi retseptorlardan nerv impulslari o‘tkaziladi. Bu nafas olish chuqurligini oshiradigan o‘tkir hidlarni sezishga yordam beradi.