Gigabit Ethernet tarmog‘i

Intel PRO-1000 GT PCI tarmoq interfeysi kartasi (NIC)

Gigabit Ethernet (GE, GbE, yoki 1 GigE) kompyuter tarmoqlarida — Ethernet kadrlarini soniyasiga 1 gigabit tezlikda uzatishning turli texnologiyalarini ifodalovchi, IEEE 802.3 standartlar guruhi bilan belgilangan atama. Ushbu texnologiya 1999-yildan beri simli mahalliy tarmoqlarni tashkil etishda qo‘llanib, asta-sekin Fast Ethernet o‘rnini egallamoqda. Bunga ma’lumot uzatish tezligining ancha yuqoriligi sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, zarur kabellar va tarmoq qurilmalarining bir qismi avvalgi standartlarda ishlatilganlaridan deyarli farq qilmaydi, keng tarqalgan va arzon.

Ilgari standartda yarim dupleksli gigabitli ulanishlarda tarmoq konsentratorlaridan foydalanish ham ko‘zda tutilgan. Biroq bu spetsifikatsiya endi yangilanmaydi va hozir faqat to‘liq dupleksli rejimdagi ulanishlarda kommutatorlardan foydalaniladi.

Tarixi

Ethernet texnologiyasi Xerox PARC tomonidan 1970-yillarning boshida olib borilgan tadqiqotlar natijasida yaratilgan va keyinchalik fizik va kanal sathlarida ishlaydigan OSI modeliga oid keng tarqalgan protokolga aylandi. Fast Ethernet ma’lumot uzatish tezligini 10 Mbit/s dan 100 Mbit/s gacha oshirdi. Keyingi bosqich bo‘lgan Gigabit Ethernet esa tezlikni 1000 Mbit/s ga yetkazdi. Dastlab Gigabit Ethernet standarti IEEE tomonidan 1998-yil iyun oyida IEEE 802.3z nomi bilan e’lon qilingan va faqat optik tolali kabeldan foydalanishni nazarda tutgan. 802.3z standartining yana bir keng tarqalgan nomi — 1000BASE-X. Bu yerda -X -CX, -SX, -LX yoki (standartda tavsiflanmagan) -ZX ni anglatishi mumkin (qarang: Fast Ethernet).

IEEE 802.3ab standarti 1999-yilda tasdiqlangan bo‘lib, ekranlanmagan o‘ralgan juftlik kabeli (UTP) orqali 5, 5e va 6-toifalarda gigabit tezlikda ma’lumot uzatishni belgilaydi va 1000BASE-T nomi bilan ma’lum. 802.3ab tasdiqlangach, Gigabit Ethernet amaliyotda keng qo‘llanila boshladi, chunki tashkilotlar mavjud kabel infratuzilmasidan foydalanish imkoniga ega bo‘ldi.

IEEE 802.3ah standarti 2004-yilda tasdiqlanib, optik tola uchun yana ikkita gigabit standartini qo‘shdi: 1000BASE-LX10 (xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar tomonidan qo‘shimcha imkoniyat sifatida ilgari ham keng ishlatilgan) va 1000BASE-BX10. Ular yanada kengroq protokollar guruhiga kirgan (qarang: Birinchi mildagi Ethernet (Ethernet in the First Mile)).

Dastlab Gigabit Ethernet faqat yuqori o‘tkazuvchanlikka ega magistral tarmoqlarda (masalan, kampuslarning yuqori tezlikdagi tarmoqlarida) ishlatilgan. 2000-yilda Power Mac G4 va PowerBook G4 kompyuterlari Apple kompaniyasi tomonidan ommaviy bozorga chiqarilgan, 1000BASE-T ulanishini ta’minlay oladigan ilk shaxsiy kompyuterlar bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, bu imkoniyat boshqa ko‘plab kompyuterlarning ham ichki xususiyatiga aylandi.

Turlari

Gigabit Ethernet uchun jami beshta fizik sath standarti mavjud bo‘lib, ularda optik tolali kabel (1000BASE-X), o‘ralgan juftlik kabeli (1000BASE-T) yoki ekranlangan simmetrik mis kabel (1000BASE-CX) ishlatiladi.

IEEE 802.3z standarti ko‘p modali optik tolada signal uzatuvchi 1000BASE-SX, bir modali optik tolada ishlaydigan 1000BASE-LX va deyarli qo‘llanmay qo‘ygan, ekranlangan simmetrik mis kabeldan foydalanadigan 1000BASE-CX ni o‘z ichiga oladi. Bu standartlarda 8b/10b kodlash ishlatiladi: u liniyadagi uzatish tezligini 25 % ga, ya’ni 1000 Mbit/s dan 1250 Mbit/s gacha oshiradi. Keyin belgilarni uzatishda ishlatiladigan kod — NRZ.

IEEE 802.3ab standartida keng tarqalgan 1000BASE-T interfeysi tavsiflanadi. Unda boshqa kodlash sxemasi qo‘llanadi. Bu sxema o‘ralgan juftlik kabeli orqali ma’lumot uzatishda belgilarni uzatish tezligini imkon qadar past darajada saqlashga yordam beradi.

IEEE 802.3ap standarti turli tezliklarda Ethernet texnologiyasining elektron birlashtiruvchi platalarda ishlashini belgilaydi.

Birinchi mildagi Ethernet (Ethernet in the First Mile) keyinchalik 1000BASE-LX10 va -BX10 standartlarini qo‘shdi.

IEEE 802.3bv-2017 standartida plastik optik tola (POF; uning tavsiflari IEC 60793-2-40 A4a.2 standartida berilgan) orqali to‘liq dupleksli uzatish belgilangan. Bunda katta bloklarni 64b/65b usulida kodlash qizil yorug‘likda (600–700 nm) qo‘llanadi. Uy sharoitida 1000BASE-RHA (POF tolasining uchlarini oddiy asboblar bilan tayyorlash), sanoatda 1000BASE-RHB, avtomobil ulanishlarida esa 1000BASE-RHC (15-40 m) ishlatiladi.

NomiUzatish muhitiMasofa
1000BASE-CXEkranlangan simmetrik mis kabel25 m
1000BASE-KXMis birlashtiruvchi plata1 m
1000BASE-SXKo‘p modali optik tola220—550 m, kabel diametri va o‘tkazuvchanligiga qarab
1000BASE-LXKo‘p modali optik tola550 m
1000BASE-LXBir modali optik tola5 km
1000BASE-LX10Bir modali optik tola (1310 nm)10 km
1000BASE-EXBir modali optik tola (1310 nm)~ 40 km
1000BASE-ZXBir modali optik tola (1550 nm)~ 70 km
1000BASE-BX10Bir modali optik tola (WDM: qabul qilishda 1490 nm, uzatishda 1310 nm)10 km
1000BASE-TO‘ralgan juftlik kabeli (5, 5e, 6, 7-toifali to‘rtta juftlik)100 m
1000BASE-TXO‘ralgan juftlik kabeli (6, 7-toifali ikkita juftlik)100 m
1000BASE-RH Plastik optik tola (650 nm) 50 m

Adabiyotlar

  • Norris, Mark, Gigabit Ethernet texnologiyasi va qo‘llanilishi (Gigabit Ethernet Technology and Applications), Artech House, 2002. ISBN 1-58053-505-4
  • Olifer V. G., Olifer N. A. Kompyuter tarmoqlari. Tamoyillar, texnologiyalar, protokollar: oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. 3-nashr., Piter, 2009. ISBN 978-5-469-00504-9.